RADDIYA Mazhab — mutaassiblik emas! 28 мая, 2025 0 96 #Raddiya #Maqola Mazhab — mutaassiblik emas! Bugungi kunda “mazhabga ergashish bu mutaassiblik”, degan da’volar bilan shariat ilmlarini yengil olishga chaqirayotganlar ko‘paymoqda. Bu kabi g‘oyalar insonni shariat asoslaridan, haqiqatdan va haqli yo‘ldan uzoqlashtiradi. Aslida esa, fiqhiy mazhablar — islomiy huquqni izchil va aniq mezonlar asosida tushuntirib beruvchi ilmiy maktablardir. Ulardan yuz o‘girish — ilmiy asosdan voz kechishdir. Alloh taoloning dinini chuqur anglash, har bir amalda ishonchli dalilga tayanish — bu oson ish emas. Aynan mana shunday ehtiyojdan kelib chiqib, mazhablar vujudga kelgan. Abu Hanifa, Imom Shofe’iy, Imom Molik va Imom Ahmad kabi buyuk allomalar yuz minglab hadis va oyatlarni tahlil qilib, hayotga tatbiq etish usullarini ishlab chiqqanlar. Bugun ularning asarlaridan voz kechib, har kim o‘zicha din haqida gapira boshlasa, bu — eng xavfli holatdir. Shayx Saloh Abul Hoj hafizahulloh bu borada shunday deydilar: «Bugun mazhab haqida tarqatilayotgan salbiy gaplarning barchasi safsatalar, tarixiy asosi yo‘q gaplardir. «Mazhab tutish mutaassiblikdir» degan g‘oya — Allohning dushmanlari xalqni shariat ilmlaridan uzoqlashtirish uchun o‘ylab topgan nayrangdir. Shariat o‘zi fiqhiy mazhablar, aqoida yo‘nalishlari va sufiylik tariqatlaridan iborat bo‘lsa, bularni maydondan chiqarib yuborilsa, shu yo‘l bilan odamlar shariatdan nari bo‘ladi. Bu ilmlardan voz kechgan odamning faqat ko‘rinishi musulmon bo‘lib qoladi, xolos.» («HANAFIY MAZHABIGA TERAN NIGOH» kitobidan) Ba’zilar ataylab: “Mazhablar musulmonlarni bo‘lib qo‘yadi”, deb da’vo qiladilar. Aslida esa, mazhablar bir ummatni har xil sharoitlarda Islomga to‘g‘ri amal qilishga o‘rgatgan. Har bir mazhabning ijtihodiy farqlari — tafovut emas, balki boylikdir. Bu farqlilik — Islomning hayotga moslashuvchan va qamrovli ekanini ko‘rsatadi. Mazhabsizlik esa, aksincha, o‘zboshimchalik va fitnalarga yo‘l ochadi. Har kim biror oyat yoki hadisi sharifni noto‘g‘ri tushunib, o‘zicha hukm chiqaradigan bo‘lsa, jamiyatda ilmsizlik ustuvor bo‘lib qoladi. Din esa buzg‘unchilik vositasiga aylanishi mumkin. Shuning uchun ilmli, e’tiqodli va ishonchli ulamolarning ko‘rsatmalari bilan yashash har bir musulmonning burchidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ogohlantiradilar: “Kim biror masalada Allohning kitobi va Rasulining sunnatiga muvofiq bo‘lmagan holda hukm chiqarsa, u zalolatdadir.” (Bayhaqiy rivoyati) Shuning uchun har qanday shubhali da’volarga uchmasdan, o‘z e’tiqodimizni ilmga, ishonchli manbalarga va salohiyatli ulamolarga tayanib barpo etaylik. Biz mazhablar orqali Allohga yaqinlashamiz. Zero, mazhab — mutaassiblik emas, balki ishonchli yo‘l, mustahkam ilmiy asosdir. Ta’lim muassasi Hadis fani o’qituvchisi Abdulhakim domla Sheraliyev