«IMOM A’ZAM RAHMATULLOHI ALAYHNING HYAYOTLARI, IJODLARI VA ULAMOLAR NAZARIDAGI MARTABALARI»

0
29

 


Islom tarixida o‘zining chuqur ilmi, taqvosi va go‘zal axloqi bilan katta iz qoldirgan buyuk allomalardan biri — Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdir. U zot hanafiy mazhabining asoschisi bo‘lib, butun musulmon ummati orasida yuksak hurmat va e’tirofga sazovor bo‘lgan.

Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit al-Kufiy hijriy 80-yilda, milodiy 699-yilda hozirgi Iroq hududidagi Kufa shahrida tavallud topgan. Hijriy 150-yilda, milodiy 767-yilda esa vafot etganlar. Bu ma’lumotlar «Tarixi Bag‘dod» kitobida keltirilgan.

U zot dunyoga kelgan davrda Kufa ilm-ma’rifat rivojlangan, ko‘plab olimlar va ilm ahllari yashaydigan shaharlardan biri edi. Bunday ilmiy muhitning mavjudligi Abu Hanifaning buyuk olim bo‘lib yetishishlariga ham katta ta’sir ko‘rsatgan.

Abu Hanifa obro‘li, boy, solih va taqvodor oilada voyaga yetganlar. U ota-onasining yolg‘iz farzandi bo‘lgan. Otalari gazlamachi bo‘lib, Kufa shahridagi do‘konlarida kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanganlar. Abu Hanifa ham dastlab otalarining kasbini davom ettirib, savdo-sotiq bilan shug‘ullanganlar.

U zot yoshligidan Qur’oni Karimni yod olgan, solih va ziyrak inson bo‘lganlar. Dastlabki hayotlarida savdo ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsalar-da, keyinchalik ilm olishga bo‘lgan qiziqishlari tobora ortib borgan.

Abu Hanifaning ilm yo‘liga kirishlarida o‘sha davrning mashhur olimlaridan biri bo‘lgan Sha’biy bilan uchrashuvlari muhim ahamiyat kasb etgan. U zot bu voqeani o‘zlari quyidagicha hikoya qiladilar:

«Bir kuni Sha’biyning oldidan o‘tib qolgan edim. Shunda u mendan: “Kimlar bilan yuribsan?” deb so‘radi. Men: “Bozorda ishlayman”, deb javob berdim. U esa: “Bozorni aytmaysan, balki ulamolarning suhbatini nazarda tutyapman”, dedi. Men: “Ularning ilmiy majlislariga kam qatnashaman”, deb javob berdim. Shunda Sha’biy menga: “Bunday qilma! Ilmga e’tibor ber! Ulamolar majlisiga bor! Men senda ziyraklik va ilmga intilishni ko‘ryapman”, deb nasihat qildi».

Sha’biyning bu so‘zlari Abu Hanifaga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Shundan so‘ng u zot bozorga borishni kamaytirib, ilm olishga jiddiy kirishdilar. Keyinchalik Abu Hanifa bu nasihat sabab Alloh taolo ularni ilm yo‘lida manfaatlantirganini ta’kidlaganlar. Bu voqea «Al-Aimmatu-l-arba’a» kitobida ham keltirilgan.

Shu tariqa, buyuk imom dastlab kalom ilmini o‘rganish bilan shug‘ullandilar. Bu ilmni puxta egallab, o‘z zamonasida bahs va munozaralarda qatnasha oladigan darajaga yetdilar. Biroq keyinchalik asosiy e’tiborlarini fiqh ilmini o‘rganishga qaratdilar.

Hijriy 102-yildan boshlab, ya’ni yigirma ikki yoshlaridan fiqh ilmini chuqur o‘rganishga kirishdilar. O‘sha davrda Kufa shahrining mashhur faqihlaridan hisoblangan Hammad ibn Abu Sulaymonning ilmiy halqalariga qatnashishni boshladilar. Eng e’tiborli jihati shundaki, Abu Hanifa ustozlari vafot etgunlariga qadar ularning darslarini tark etmadilar.

Abu Hanifa o‘z zamonalaridagi ko‘plab mashhur ulamolardan ilm olganlar. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u zot ta’lim olgan ustozlarining soni to‘rt ming nafarga yetgan. Ularning orasida eng mashhurlari Hammad ibn Abu Sulaymon, Ato ibn Abu Raboh, Nofe’ va Ikrima rahmatullohi alayhim bo‘lgan.

Hijriy 120-yilda Hammad ibn Abu Sulaymon vafot etganlaridan keyin, u zotning ilmiy dars halqalarini Abu Hanifa davom ettirdilar. Bu paytda Imomi A’zamning yoshlari qirqda edi. Ular ilmiy salohiyat, aql-zakovat va chuqur bilimga ega bo‘lib ulgurgan bo‘lsalar-da, shunga qaramay, ustozlariga bo‘lgan hurmat va sadoqatlarini oxirigacha saqlab qoldilar.

Abu Hanifa ustozlari hayotlik vaqtlarida mustaqil ravishda dars halqasi tashkil etmadilar va fatvo berishga shoshilmadilar. Bu holat u zotning ilmga bo‘lgan jiddiy munosabati, ustozlarga hurmati va odobini yaqqol ko‘rsatadi.

Bugungi kunda ham bu voqeadan olinadigan muhim xulosa bor. Har qanday sohada yetuk mutaxassis bo‘lishni istagan inson, ayniqsa, ilm talab qilayotgan kishi ustozga hurmat, sabr, kamtarlik va ilmga sadoqat kabi fazilatlarni o‘zida shakllantirishi kerak.
Chunki ilm faqat ma’lumot to‘plash bilangina hosil bo‘lmaydi. Unda ustozning haqqini bilish, undan odob bilan ta’lim olish va ilmiy an’analarni qadrlash ham katta ahamiyatga ega. Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning hayotlari bunga go‘zal namuna bo‘la oladi.

Manbalar asosida ta’lim muassasasi matbuot kotibi Olimov Zuhrobiddin tomonidan tayyorlandi

Load More In INFOGRAFIKA