Tajvid ilmining ta’rifi va ahamiyati

0
176

Barchamizga ma’lumki, musulmonlar qadimdan tajvid ilmiga katta ahamiyat berib kelgan. O’tgan ulamolar bu yo’lda o’zlarining ko’p xizmatlari va g’amxo’rliklarini ko’rsatib, ko’plab asarlar ta’lif qilganlar.

Mo’min-musulmonlar zimmasida Qur’oni karimni o’rganish mas’uliyati mavjud ekan, ularning eng asosiysi Qur’onni to’g’ri, tajvid qoidalariga mos holatda qiroat qilishdir. Maqsad — Allohning Kalomini tadabbur etish, uning ma’nolarini to’g’ri fahmlab yetish va amal qilish. Bu narsa tajvid ilmini mukammal egallagan ustozlardan ta’lim olish yo’li bilan amalga oshiriladi. Hamma o’z imkoniyatiga qarab bir ustoz topishi va tajvid ilmini ana o’sha ustoz yordamida egallashi lozim.

Endi bevosita tajvid ilmi haqida to’xtalib o’tamiz. “Tajvid” so’zi lug’atda “javvada” fe’lidan olingan bo’lib, lug’atda “sifatni oshirmoq”, “yaxshilamoq”, “ziynatlash”, “(Qur’oni Karimni) qiroat bilan o’qimoq”, “puxta qilish”, “go’zal qiroat” ma’nolarini beradi. Ilmiy istelohda esa, Qur’oni Karimni Alloh Taolo Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga nozil qilganidek, har bir harfiga haq va huquq berib, o’z maxrajidan chiqarib, istelo va istifola harflarini bir biridan farqlab, uning zotiy va oriziy sifatlarini ado qilgan holda talaffuz etish, tafhim-tarqiq, idg’om va izhor kabi qoidalarga amal qilib o’qishni ta’lim beruvchi ilmdir. “Haq” deganda harflarni o’z chiqadigan joylaridan chiqarish va lozim bo’lgan sifatlarni ado qilish tushuniladi. Istelo va istefolaga o’xshash. “Huquq” deganda esa, tafhim va idg’om kabi sifatlarni ado qilish tushuniladi. Tajvid ilmini mukammal o’rganish farzi kifoyadir. Ammo Qur’oni Karimni o’qiyotganda tajvidga amal qilish har bir mo’min-musulmonga farzi ayndir. Qur’oni Karimni tajvid bilan o’qishga Qur’oni karim, hadis, ijmodan turli dalilar keltirilgan. Alloh taolo o’zining muborak Kalomi bo’lmish Qur’oni Karimning “Muzzammil” surasi 4- oyatida shunday marhamat qiladi:

تَرْتِيلً   الْقُرْآَنَ  وَرَتِّلِ

“Va Qur’onni tartil bilan tilovat qil”.

Qur’onni tartil bilan o’qishga bo’lgan farmoni ilohiy barcha mo’min musulmonlarga ommaviy farmondir. Muhammad sollallou alayhi va sallamga farishta Jabroil alayhissalom Qur’onni tartil bilan o’qib berganlar. Musulmon ummati esa, avloddan avlodga o’z Payg’ambaridan qandoq qilib olgan bo’lsa, shundoq o’tqazib kelmoqda. Qorilarimiz Qur’oni karim qoidalarini tartibga solib kitoblar yozishgan. Bu qoidalarni bilish har bir musulmon uchun zarur. Shuning uchun, har bir musulmon tajvid qoidalari bo’yicha bir kitob o’qimog’i lozim.

Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday bashorat qiladilar:

“Qiyomat kunida Alloh Qur’on qorisiga: o’qib ko’tarilib boraver, u dunyoda qandoq o’qigan bo’lsang, shundoq o’qi, oxirgi oyatni o’qigan joying sening (jannatdagi) martaba manziling bo’ladi, deydi”.

“Tartil” so’zi biron narsani shoshmasdan, ochiq-oydin va tushunarli aytish ma’nosiga ega. Ibn Abbos roziyallohu anhu ushbu oyatni “Hamma tushunadigan qilib o’qing”, Zahhok esa, “Harfma-harf qiroat, oyatni dona-dona qilib o’qing”, deya tafsir qilishgan.

Abu Is’hoq: “Tartil qiroatda shoshilmaslikdir. Bu harf qiroatni o’z mahrajidan chiqarib, ularni bir-biri bilan aralashtirib yubormay o’qish orqali bo’ladi”, deb aytgan.

Yana bir oyati karimada Alloh taolo O’zining Kitobini to’g’ri tilovat qiladigan bandalarini maqtab shunday deydi:

الَّذِينَ آَتَيْنَاهُمُ الْكِتَابَ يَتْلُونَهُ حَقَّ تِلَاوَتِهِ أُولَئِكَ يُؤْمِنُونَ بِهِ وَمَنْ يَكْفُرْ بِهِ فَأُولَئِكَ هُمُ الْخَاسِرُونَ

“Biz kitob bandalaridan uni o’rniga qo’yib tilovat qiladiganlari, ana o’shalari unga iymon keltiradilar. Kim unga kufr keltirsa, ana o’shalar o’zlari yutqazganlardir[1]

Agar yahudiylar haqiqiy Tavrotni insof bilan, o’rniga qo’yib o’qisalar, Muhammad alayhissalomga iymon keltirish zarurligini tushunib yetadilar. Nasroniylar ham Injilni buzmasdan, insof bilan, o’rniga qo’yib o’qisa, unga iymon keltirish zarurligini tushunib yetadi. Bu ulkan haqiqatni ushbu oyati karimaning birinchi jumalasidan tushunib olamiz.

“Biz kitob berganlardan uni o’rniga qo’yib tilovat qiladiganlari, ana o’shalari unga iymon keltiradilar”.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu “o’rniga qo’yib tilovat qilish”ni: “Halol deganini halol bilib, harom deganini harom bilish, Alloh qanday tushirgan bo’lsa, shunday holda o’qish, ma’nolarini buzmaslik, o’zicha noto’g’ri ta’viyl qilmaslik”, deb ta’viyl qilganlar.

[1] Shayx Abdulaziz Mansur, sharq-T.: 2007 Baqara surasi 121-oyat

 

Ta’lim muassasasi mudarrisi 

Baxtiyor domla Abdinazarov

  • Fotiha surasi tafsiri

    5 – (إِيَّاكَ نَعْبُدُ)“ Sengagina ibodat qilamiz ” ushbu oyatda xitob uchinchi shaxsdan i…
  • Fotiha surasi tafsiri

    3- (ٱلْحَمْدُ لِلّٰهِ رَبِّ ٱلْعَٰلَمِينَ • ٱلرَّحْمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ) “Olamlarning Robbi” d…
  • Qur’onning ilmiy mo‘jizalari: Zamonaviy ilm-fan bilan uyg‘unligi

        Qur’on ilohiy kitob sifatida nafaqat ruhiy va axloqiy yo‘l-yo‘riq bera…
Load More In ҚУРЪОН ИЛМЛАРИ