ҲАДИС Imom Termiziyning “Sunan” asarida hadis sanadini keltirishdagi o’ziga xos jihatlari 8 июня, 2026 0 113 “Ilm dindir. Har inson dinini kimdan olayotganiga qarasin “ Ulug’ tobein Ibn Sirin rohimahulloh. Imom Termiziy va ikki buyuk imom – Imom Buxoriy, imom Muslimning hadis isnodini keltirishdagi o’zaro farqlari Bir ma’nodagi bir necha hadislarni sanadini jamlash Imom Termiziy “Sunani Termiziy” asari Imom Termiziy roviylarni martabasi teng hamda ularning rivoyatini lafzi va ma’nosi bir bo’lsa ularni bir tizinda jamlaydi. Bu jamlash ikki xil ko’rinishga ega: 1. Shayxlar orasini bog’lovchi harflar vositasida bog’lash; Imom Termiziy hadisni isnod jihatdan bir roviyga borib yetadigan bir qancha shayxlardan rivoyat qilgan bo’lsa, shayxlarni o’zaro bog’lovchi yordamida uzviy bog’laydi. So’ngra hadisni isnodini va uning matnini keltiradi. Bunga misol: ٧٠٦ — حدثنا هناد، ويوسف بن عيسى، قالا: حدثنا وكيع، عن أبي هلال، عن سوادة بن حنظلة، عن سمرة بن جندب قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: «لا يمنعنكم من سحوركم أذان بلال، ولا الفجر المستطيل، ولكن الفجر المستطير في الأفق»: «هذا حديث حسن» Bu hadisda imom Termiziyning shayxlari Hannod va Yusuf ibn Iyso bo’lib, bu ikki shayxni orasini bog’lovchi harf “و” bilan bog’ladi. 2. Bir isnoddan boshqasiga belgilar yordamida o’tish; Imom Termiziy bir hadis isnodini roviylardan madoris sanad bo’lgan roviyga yetkazib, so’ngra, o’sha hadisni boshqa isnodini ayni o’sha roviyga yetkazib keltiradi. Sanadlarni bir qanchasini bir-boriga bog’lab keltirgach hadis matnini olib keladi. Bunga misol qilib quyidagi hadisni keltiramiz. ٣ — حدثنا قتيبة، وهناد، ومحمود بن غيلان، قالوا: حدثنا وكيع، عن سفيان، ح وحدثنا محمد بن بشار قال: حدثنا عبد الرحمن بن مهدي قال: حدثنا سفيان، عن عبد الله بن محمد بن عقيل، عن محمد ابن الحنفية، عن علي، عن النبي صلى الله عليه وسلم، قال: «مفتاح الصلاة الطهور، وتحريمها التكبير، وتحليلها التسليم» Bu ikki isnoddagi roviylarning barchasi “Sufyon”ga borib to’xtaydi va birlashadi. So’ngra Sufyondan yuqoridagi roviyni keltirdi. Bir isnoddan boshqasiga ko’chish muhaddislar istilohida “Tahvil” deb ataladi. Tahvilning matndagi ko’rinishi “ح” “H” harfida bo’ladi. Bu amal har bir isnodning hadisdagi matni bir xil bo’lsa joiz bo’ladi. Roviylarning hadis matnidagi nozik farqiga imom Termiziyning ishoralari Ammo roviylar o’rtasida hadis lafzdagi ma’noni o’zgartirmaydigan ayrim farqlar bo’lsa, hadis ulamolari rivoyatun bilma’no bilan joiz deydilar. Ammo imom Termiziy bunga omonatdorlik ko’zi bilin qarab, o’zaro farqlarini bayon qildi. Roviylarni hadis lafzidagi nozik farqlariga turli ishoralar berib ketadi. Ular: ٦٢١ — حدثنا زياد بن أيوب البغدادي، وإبراهيم بن عبد الله الهروي، ومحمد بن كامل المروزي — المعنى واحد — قالوا: حدثنا عباد بن العوام، عن سفيان بن حسين، عن الزهري، عن سالم، عن أبيه، أن رسول الله صلى الله عليه وسلم كتب كتاب الصدقة Bu isnoddagi roviylarning hadis lafzidagi nozik farqlari borligini imom Termiziy المعنى واحد – “umumiy lafz bir ma’nodadir”, — deya ishora qilganlar. Bu ishora shu ma’nodaki, bu hadis matnini roviylardan biri zikr qilgan, lekin ayni kimga tegishli ekani ma’lum emas. Yana bir boshqa ishorasi: ٧٢٤ — حدثنا نصر بن علي الجهضمي، وأبو عمار والمعنى واحد واللفظ لفظ أبي عمار قالا: أخبرنا سفيان بن عيينة، عن الزهري، عن حميد بن عبد الرحمن، عن أبي هريرة قال: أتاه رجل، فقال: يا رسول الله هلكت. قال: «وما أهلكك؟»، قال: وقعت على امرأتي في رمضان Bu hadisdagi roviylar matnining ayrim farqlariga والمعنى واحد واللفظ لفظ أبي عمار “umumiy lafz bir ma’noda. Matn Abu Ammorga tegishli”, — deya ishora qilganlar. Bu so’z – “bu hadis matnini roviylarning barchasi zikr qilgan, lekin men shulardan Abu Ammorning matnini tanlab oldim”, — degan ma’noda. Bularning hammasi imom Termiziyni omonatdorligi va hadis ilmida mohirligi belgisidir. Shu bilan birga muhaddis roviylarini hadis lafzidagi ayrim farqlarini bilmasligi ahli hadislar tomonidan ayb deya e’tiborga olinadi Imom Muslim “Sahih musnad” asari Imom Muslim o’zi hadis tinglagan shayxlardan bir qanchasini sanab, ularni bir isnodda jamlagan. Imom Muslim bir ma’nodagi hadis isnodini jamlashda imom Termiziydan ancha farq qilib, ko’plab isnodni bir hadisda jamlab keltiradi. Huddi shuningdek imom Muslim ham roviylarning hadis lafzlaridagi ayrim farqlarga ishoralar berib ketgan. Umumiy ma’no bir lekin lafz turli ekanligiga quyidagicha ishora qilgan: ٢٤ — (١٧) حدثنا أبو بكر بن أبي شيبة، ومحمد بن المثنى، ومحمد بن بشار، وألفاظهم متقاربة، قال أبو بكر: حدثنا غندر، عن شعبة، وقال الآخران: حدثنا محمد بن جعفر، حدثنا شعبة، عن أبي جمرة، قال: كنت أترجم بين يدي ابن عباس، وبين الناس، فأتته امرأة، تسأله عن نبيذ الجر Imom Muslim وألفاظهم متقاربة، degan ibora bilan roviylarning hadis matnidagi lafzlari bir-biriga o’xshash, lekin isnod esa shayxlardan yuqoridagi roviylarda turlicha bo’lgan. Buni imom Termiziy quyidagi ishorabiy so’z bilan ochib beradi: قال أبو بكر: حدثنا غندر، عن شعبة، وقال الآخران: حدثنا محمد بن جعفر Imom Muslim hadis lafzi ayni bir roviyga tegishli ekanini quyidagi iboralar bilan izohlagan: ٢٢٣ — (١٣٩) حدثنا قتيبة بن سعيد، وأبو بكر بن أبي شيبة، وهناد بن السري، وأبو عاصم الحنفي واللفظ لقتيبة، قالوا: حدثنا أبو الأحوص، عن سماك، عن علقمة بن وائل عن أبيه ، قال: جاء رجل من حضرموت ورجل من كندة إلى النبي صلى الله عليه وسلم Mazkur hadisda imom Muslim hadis rivoyat qilgan roviylarni lafzi turli lekin ma’nosi bir xilligi, shu bilan birga mazkur hadis lafzi Qutayba ibn Saidga tegishli ekanini ifoda qilib beradi. Imom Buxoriyning Al-Jome’ as-Sahih asari Imom Buxoriy bobdagi hadis roviylar isnodini jamlab keltirishga va hadis yo’llarini bayon qilishga kirishmagan. Ba’zan roviylarning hadis matnidagi xilma-xilligini bayon qilaganini ko’rasiz, xolos. Misol: ٦٨٢ — حدثنا يحيى بن سليمان، قال: حدثنا ابن وهب، قال: حدثني يونس، عن ابن شهاب، عن حمزة بن عبد الله، أنه أخبره، عن أبيه، قال: لما اشتد برسول الله صلى الله عليه وسلم وجعه ……….. تابعه الزبيدي، وابن أخي الزهري، وإسحاق بن يحيى الكلبي، عن الزهري، وقال عقيل، ومعمر، عن الزهري، عن حمزة، عن النبي صلى الله عليه وسلم Bu hadisda Imom Buxoriy roviylarni Ibn Shihob Zuhriyga bog’lab, hadis matnidan so’ng, Zuhriyga bir necha roviylarni bog’lab keltirdi. Lekin imom Buxoriy qarashida eng sahihi bo’lgan sanadni matnga bog’ladi. Qolgan sanadlarni unga qo’llab-quvvatlovchi qilib keltirdi. Bundan ma’lum bo’ladiki imom Buxoriy hadis jamlshdagi usuli imom Muslim va imom Termiziydan o’zgacha bo’lgan. U zot hadislarni tartiblashda fiqhga monand jamlab tartiblagan. Zero hadis jamlashdagi asl maqsadi hadisning fiqhiy hukmi va undan xulosa chiqarish bo’lgan. Shunga ko’ra hadis sanadi va yo’llariga jiddiy ahamiyat qaratmagan . Manbalar asosida Andijon “Sayyid Muhyiddin maxdum” o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Abdulaziz Furzulov tayyorladi