Yurakni pok tutish – iymon alomatidir

0
67

#Maqola

Islom dinida inson faqat ibodatlari bilan emas, balki ichki axloqi bilan ham yuksaladi. Alloh taolo bandalarining pok yurakli, samimiy, adolatli va mehribon bo‘lishini xohlaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarida bu jihatlar chuqur bayon qilingan.

1. Hasad — savoblarni yo‘q qiluvchi yong‘in

Rasululloh ﷺ aytganlar: «Hasaddan saqlaninglar. Chunki hasad — o‘tinning hoshakni yondirgani kabi savoblaringizni yo‘q qiladi.»

Hasad — boshqada bor ne’matni ko‘ra olmaslik, uni yo‘q bo‘lishini xohlashdir. Bu yomon illat odamning o‘zini ham, jamiyatni ham halokatga olib boradi. Hasad qilsak, nafaqat qalbimiz qora bo‘ladi, balki avval qilgan savobli amallarimiz ham barbod bo‘ladi.

2. Yomon gumon va josuslik — birodarlikni yemiradi

Payg‘ambarimiz ﷺ bizga yomon gumon qilmaslikni buyurganlar. Chunki yomon gumon ko‘pincha noto‘g‘ri bo‘ladi va odamlar orasida ishonchsizlikka sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, gap eshitish, josuslik qilish — yaqinlikni buzadi, dushmanlikni kuchaytiradi.

Yaxshisi — har doim yaxshi gumonda bo‘lish, birov haqida noto‘g‘ri fikr yuritmaslik, shubhali holat ko‘rsak ham o‘zimizni tiyib turishdir.

3. G‘iybat va ayb qidirish — halokatga eltuvchi yo‘l

Abu Barza roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz ﷺ aytganlar: «Musulmonlarning aybini qidirmanglar. Kim birovning aybini izlab topmoqchi bo‘lsa, Alloh uning aybini ochadi. Va uni uyida ham sharmanda qiladi.»

Bu ogohlantirish juda kuchli. Chunki birovning aybini qidirish — g‘iybat, tuhmat, yomon ko‘ngillikdir. Inson boshqalar aybini ko‘rishga emas, o‘z aybini tuzatishga harakat qilishi kerak.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga qalbni pok saqlash, yomon niyatlardan, gumonlardan, hasaddan, g‘iybatdan uzoq bo‘lishni buyurganlar. Chunki musulmonning go‘zalligi — uning ichki holatidadir.

Biz bir-birimizni sevishimiz, birodarimizning orqasidan gapirmasligimiz, yomon gumonda bo‘lmasligimiz kerak. Bu dunyo hayoti sinovdir — kim yuragini pok tutsa, oxiratda najot topadi.

Alloh taolo barchamizni pok niyatli, halol yurakli, mehribon musulmonlardan qilsin. Omin! Ta’lim muassasasi Hadis fani o’qituvchisi Abduhakim domla Sheraliyev

Load More In МАҚОЛАЛАР