Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamning muborak hayotlarini o‘rganishning ilmiy ahamiyati va usullari Siyrat ilmi Islom ilm-fanining muhim bo‘limlaridan biri bo‘lib, Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning hayotlari, U zot alayhisalomning axloqlari haqida ilmiy tadqiqot olib boradi. Bu ilm nafaqat tarixiy voqealarni qayd etishga xizmat qiladi, balki u musulmon ummati uchun axloqiy va diniy saboqlar chiqarishga ham yordam beradi. Siyrat ilmining ta’rifi va tarixi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak. Siyrat arabcha “yo‘l”, “yurish” ma’nosini anglatadi va Nabiy sallollohu alayhi vasallamning hayotlarini, faoliyatlarini va risolatning rivojlanishini o‘rganishni o‘z ichiga oladi. Bu ilm Islom tarixining dastlabki davrlarida rivojlangan bo‘lib, asosan U zot alayhisalomning sahobalari va tobeinlari tomonidan to‘plangan hadislar, tarixiy ma’lumotlar va og‘zaki rivoyatlar asosida shakllangan. Eng qadimiy va ishonchli manbalardan biri ibn Is’hoqning “As-siyra an-Nabaviyya” kitobi hisoblanadi. Undan keyin ibn Hishom tomonidan ushbu kitobning kengaytirilgan namunasi ham keltirilgan. Siyrat ilmi nafaqat tarixiy faktlarni o‘rganadi, balki uni Islom axloqi, fiqh, aqida va Qur’on tafsiri bilan bog‘liq holda chuqur tahlil qiladi. Bu ilm shariatning barcha sohalariga aloqador bo‘lib, musulmonlar hayotida namuna bo‘luvchi Payg’ambarmiz sallollohu alayhi vasallamning axloqiy me’yorlarini amalda qo‘llashni o‘rgatadi. Bundan tashqari, siyrat ilmi musulmonlar uchun hayotiy yo‘nalishni belgilashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi, chunki u Nabiy alayhisalomning har bir qadamidan saboq chiqarishga yordam beradi. Siyrat ilmida ilmiy tadqiqot olib borishning bir nechta muhim usullari mavjud. Birinchidan, tarixiy tahlil usuli qo‘llaniladi. Bu usul orqali hadislar va boshqa tarixiy manbalar ishonchlilik nuqtai nazaridan tahlil qilinadi. Manbalarning sanad va matnlarining tahlili muhimdir, chunki ularning haqiqiyligini tasdiqlash ilmning asosiy qismidir. Ikkinchidan, tematik yondashuv usuli qo‘llaniladi. Bu usul orqali Payg’ambarmiz sallollohu alayhi vasallamning hayotidagi muhim voqealar, masalan, Makkada boshlangan da’vat, hijrat, Madinadagi davlat qurilishi kabi muhim bosqichlar o‘rganiladi. Ushbu usul voqealarning mantiqiy izchilligini saqlash va ularni keng kontekstda tushuntirish imkonini beradi. Siyrat ilmining amaliy ahamiyati musulmon ummatining har bir a’zosi uchun beqiyosdir. Islom axloqiy me’yorlari va hayotiy yo‘llarini Payg‘ambarimiz alayhisalomning hayotidan olish orqali musulmonlar o‘z hayotlarini Qur’on va Sunnat nizomidan namunalar olishga harakat qiladilar. Ayniqsa, yosh avlodni tarbiyalashda siyrat ilmi juda muhim o‘rin tutadi, chunki u bolalarga axloqiy idealni taqdim etadi. Siyrat ilmi Islom tarixining, axloqi va ijtimoiy qadriyatlarning muhim ilmiy asosi bo‘lib, nafaqat musulmonlar uchun, balki Islom madaniyatini o‘rganadigan barcha mutaxassislar uchun katta ahamiyatga ega. Bu ilmni chuqur o‘rganish nafaqat tarixiy, balki amaliy jihatdan ham musulmonlarning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Andijon “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri R.Mahmudov