Tafsir ilmining ta’rifi

0
289

 

 

«Tafsir» so’zi arabcha-“ فَسَّرَ، يُفَسِّرُ، فّسِّرْ، تَفْسِيْرٌ” so’zidan olingan bo’lib,   lug’atda “bayon qilish, ochib berish va ravshan qilish” ma’nolarini anglatadi.

Abu Hayyon o’zining “Al-Bahrul Muhit” nomli kitobida: …tafsir kalimasi “ketishlik uchun yalong’ochlashga”ham ishlatiladi”-deydi.

Sa’lab aytadi: فَسَّرْتُ الْفَرَسَ desangiz go’yo “ otni yurushligini iroda qilib uni yalong’ochladim”degan bo’lasiz.

Tafsir so’zining isteloh (olimlar o’rtasidagi urf) dagi ma’nosiga esa olimlar tomonidan quyidagicha ta’riflar berilgan:

  1. Tafsir uchun boshqa aqliy ilm sohalarida bo’lganidek cheklangan qoida yo’q. Shu sababli «Tafsir nima?» degan savolga: «Tafsir — bu Allohning kalomini tushuntirib berishdir yoki tafsir Qur’on lafzlarini va ularning ma’nolarini ochib beruvchi ilmdir», — deb javob beriladi;
  2. Tafsir juz’iy masalalarni ham, kulliy (umumiy) qoidalarni ham va qoidalarning yig’indisidan hosil bo’luvchi malakani ham o’z ichiga oladigan ilmdir. Shunga ko’ra tafsirga ta’rif berishda Qur’on oyatlari mazmunlarini oson tushunish uchun zarur bo’lgan ilmlar, masalan: lug’at, sarf, nahv, balog’at, mantiq, qiroat ilmlarini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik zarur.

Bahrul-muhit” kitobining sohibi Abu Hayyon shunday ta’rif bergan:

عِلْمٌ يُبْحَثُ فِيهِ عَنء كَيْفِيَةِ النُّطْقِ بِاَلْفَاِظ القُرْآنِ وَ مَدْلُولَاتِهَا وَ اَحْكَامِهَا الإفْرَادِيَّةِ وَ التَّرْكِيِبِيَّةِ وَ مَعَانِيهَا الَّتِى تُحْمَلُ عَلَيْهَا حَالَةُ التَّرْكِيبِ

Ilmi tafsir shunday ilmki unda Qur’oni alfozlarini ado etish holati va uning mafhumotlari, uning yolg’iz va murakkab bo’lgan holatlaridagi hukmlari, murakkab holatida qanday ma’no ifoda etmoqligi va yana nosih-mansuh, sha’ni nuzul va mubham qissalarni tafsil ila bayon etmoqlikdan baxs yuritiladi.

Ushbu ta’rifda bayon etilgan so’zlarni qisqacha yoritib o’tsak:

  1. Qur’on alfozlarini ado etish holati:

Ya’ni, Qur’on lafzlarini qanday suratda o’qiladi, uni bayon etib qadim arabiy mufassirlar, o’z tafsirlarida, oyatni tafsir  etish asnosida o’sha oyatlarning o’qilishi kayfiyatlarini ham yoritib utar edilar. Hozirda bu ilm “Ilmi qiroat” degan nom ila mashhurdir.

  1. 2. Qur’on lafzlarining mafhumoti:

Ya’ni, lafzlarning lug’aviy ma’nosi, buni bilmoq uchun arab lug’atini mukammal bilmoq darkordir. Binobarin tafsir kitoblarida arab lug’atshunoslariga va adabiyotlariga havola berishlik uchraydi.

  1. 3. Lafzlarning infirodiy hukmlari:

Ya’ni, har bir Qur’on lafzlarining borasida uning asliy o’zagi nima, hozirgi holati qanday paydo bo’ldi, uning vazni qanday va ushbu vazning qanday ma’no va xususiyatlari bor. Buni bilmoq uchun sarf ilmiga zarurat bo’ladi.

  1. Lafzlarning murakkab holatdagi hukmlari:

Ya’ni, har bir lafzning borasida agar u boshqa bir kalima bilan biriksa qanday ma’no ifoda etadi, va yana uning nahviy tarkibi birikkanda qanday bo’ladi. Hozirdagi harakatlari nima sababdan qanday bo’ldi, bularni bilmoq uchun ilmi nahvu va ilmi ma’oniyga zarurat tug’iladi.

  1. 5. Murakkab bo’lgandan keyin lafzlarning majmu’iy ma’nosi qanday bo’ladi, ya’ni to’liq oyat o’zining oldi va tugallanmasi bilan qanday ma’no ifoda etyapti. Bularning bilishlik uchun muxtalif ilmlarga ehtiyoj seziladi.

Imom az-Zarkashiy bunday ta’rif beradi:

«Tafsir — shunday ilmki, bu bilan Alloh Taoloning o’z payg’ambari Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ga nozil qilgan Kitobini, uning ma’nolarini, shari’at amallarini va bandalar ustidan  Allohning hukmlarini o’rganiladi».

Ba’zi olimlar quyidagicha ta’rif berganlar:

«Tafsir — shunday ilmki, unda Qur’on oyatlaridan Alloh Taolo nimani iroda qilganini insoniy nuqtai nazardan o’rganiladi».

Yana ba’zilarning so’zlariga qaraganda “Tafsir – oyatlarning nozil bo’lishi, uning sabablari, qissalar, Makkada nozil bo’lgan oyatlar bilan Madinada nozil bo’lgan oyatlarning tartibi, muhkam (ma’nosi aniq) va mutashobeh (ta’vilga muhtoj)ligi, nosix (hukmni bekor qiluvchi) va mansux (hukmi bekor qilingan)ligi, xususiyligi va umumiyligi, mutlaqi va muqayyadi, mujmali va mufassari, halol haqidagi va harom haqidagi, va’da va va’id, amr va nahiy hamda ibratli oyatlarni o’rgatmoqdir”.

Yuqorida sanab o’tilgan  ta’riflardan umumiy xulosa chiqarish mumkin:

“Tafsir deb, Qur’oni Karim oyatlaridan Allohning murodini inson o’z aqli darajasida tushunib, boshqalarga ham tushuntirib bera olishini aytiladi”.

Qadimda “tafsir” uchun yana boshqa bir lafz ham iste’mol qilingan bo’lib, u “ta’vil” kalimasidir. Qur’oni karim oyatlarida   oyatning tafsiriga “ta’vil” degan so’z itloq qilinadi. Alloh taolo “Oli Imron”surasining 7-oyatida:       

وَمَا يَعْلَمُ تَأْوِيلَهُ إِلَّا اللَّهُ وَالرَّاسِخُونَ فِي الْعِلْمِ يَقُولُونَ آمَنَّا بِهِ كُلٌّ مِنْ عِنْدِ رَبِّنَا وَمَا يَذَّكَّرُ إِلَّا أُولُو الْأَلْبَابِ

“Uning ta’vilini Allohdan boshqa hech kim bilmas. Ilmda sobit bo’lganlar esa, unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir, derlar. Va faqat aql egalarigina eslaydilar.

(«Muhkam»so’zi mahkam, ochiq-oydin, boshqa yoshqa  burib bo’lmaydigan,

degan ma’noni anglatadi.

«Mushtaboh» so’zi esa, o’xshash, birini biridan ajratish qiyin, bir necha ma’nolarni anglatadigan, degan ma’nolarni bildiradi. Qur’oni Karim oyatlari ham muhkam va mutashobihga bo’linadi.)

Shu sababdan keyingi ulamolar o’rtasida tafsir va ta’vil degan atamalar hamma’no so’zlarmi yoki ikkalasining o’rtasida farq bormi, degan bahs ko’tarilgan.

Quyida ularning ba’zilarini bayon etib o’tamiz.

 Ta’vil so’zining lug’atdagi ma’nosi “qaytmoq”dir. Qur’oni Karimda ta’vil so’zi bir necha ma’noda kelgan. Tafsir va ta’yin, ofiyat va oqibat, bashoratning amalga oshishi, tushning ma’nosi, amalga oshirilgan ishning sababi va boshqalar shular jumlasidandir.

Uning istilohiy ma’nosi qadim olimlarning nazdida tafsir bilan bir edi.

Keyingi olimlarning, ayniqsa, fiqh ulamolarining nazdida esa ta’vil — so’zni quvvatli ma’nosidan kuchsizroq ma’noga qaytariqdir. Bunda dalilga muhtojlik bo’ladi, ya’ni so’zning asl ma’nosi turganda nima uchun uzoqroq ma’nosini tanlangani sababining isboti uchun dalil zarur bo’ladi. Buning uchun ta’vil qiluvchidan ikki narsa talab qilinadi:

Birinchisi, ta’vil qilinayotgan lafzning asl ma’nosidan tashqari ikkinchi uzoqroq ma’nosi ham bor ekanligini, bu yerda shu uzoqroq ma’nosi murod ekanligini isbotlash.

Ikkinchisi, lafzning asl ma’nosini emas, uzoqroq ma’nosini tanlashga nima majbur etganligani isbotlovchi dalil keltirish. Ushbu ikki shartdan biri topilmasa ham, ta’vil fosid deb hisoblanadi va ta’vil qiluvchi Allohning kalomi bilan o’ynashgan bo’ladi.

 

Tafsir bilan ta’vilning farqi

Olimlar tafsir bilan ta’vilning o’zaro farqi haqida ham turli fikrlarni aytganlar. Masalan: Abu Ubayda: «Tafsir va ta’vil har ikkovi bir narsa, qadimiy olimlar ham farq qilmaganlar»deydi.

Ar-Rog’ib Al-Isfahoniyning aytishicha: “Tafsir ta’vildan umumiyroq bo’lib, ko’pincha lafzlarda ishlatiladi. Ta’vil esa ma’noda ishlatiladi”.

Imom Al-Moturidiyning fikricha: “Tafsir Qur’ondagi har bir lafzdan chiqarilgan qat’iy ma’nodir. Agar bu ma’no dalil bilan isbotlansa, haqiqiy tafsir, dalil bilan isbotlanmasa, o’z ra’yicha qilingan tafsir, deyiladi. Ta’vil bir lafzda ehtimoli bor bo’lgan ikki ma’noning bittasining tanlanishi ila uning quvvatlanishidir”.

Abu Tolib As-Sa’labiy quyidagicha fikr bildiradi: «Tafsir Qur’on lafzlarining har birining haqiqatga qurilganmi yoki majozgami ekanligini o’rgatadi. Masalan: «sirot» so’zining «yo’l»ga tafsir qilinishi singari. Ta’vil esa lafzning botini (ko’zlangan ma’no) ning tafsiridir. Masalan:                إِنَّ رَبَّكَ لَبِالْمِرْصَادِ

«Albatta robbingiz ko’zatib turuvchidir» (Fajr surasi, 14-oyat) — degan oyati karimaning tafsiri— «mirsod»so’zi «rosoda — roqoba», ya’ni ko’zatish fe’lidan olingan bo’lib, oyati karimaning ma’nosi «Robbingiz hamisha ko’zatish asbobi yonida» demakdir. Uning ta’vili — Allohning buyruqlariga sustkashlik qilishdan ehtiyot bo’l, g’aflatda qolma, unga ro’para bo’lishga tayyor turgin», — degan ma’noga ishoradir.

Yuqorida keltirilgan turli ta’riflardan shunday xulosaga kelishimiz mumkin: tafsirning ma’nosi — kashf va bayon, ya’ni Alloh Taoloning o’z kalomidan iroda qilgan ma’noni ochib berishlikdir. Tafsir, Payg’ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning muborak so’zlariga yoki Payg’ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bilan doimo birga yurgan, biror muammo paydo bo’lsa, darhol uni Payg’ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) huzurlarida hal qilib olgan, vahiyning tushishiga hamda o’sha davrda sodir bo’lgan voqea, hodisalarga guvoh bo’lgan sahobai kiromlarning rivoyatlariga asoslangan holda bayon qilinadi. Ta’vil esa bir lafzning ehtimoli bo’lgan ikki ma’nosidan birini dalillar orqali quvvatlashdir. Bunday quvvatlaq ijtihod qilish bilan, har bir so’zning lug’aviy ma’nolarini, uning madlulini, gapning oqimiga qaysi ma’no mos tushishini, so’zdan foydalanishda arablarning uslublarini yaxshi tushunish bilan bo’ladi.

Ta’vilda aniq dalillar bo’lmasa, lafzlardan murod qilingan haqiqiy mazmun chiqmay qolishi mumkin.

Az-Zarkashiy aytadi: «Olimlar istilohida tafsir bilan ta’vilning o’rtasining farqlanishiga sabab manqul bilan mustanbatni ajratish uchundir»  ya’ni manqul — Payg’ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) va sahobiylardan naql qilingan ma’nolar, mustanbat esa asl matndan ijtihod bilan chiqarib olingan ma’nolardir.

O’quv uslubiy bo’lim boshlig‘i Iminov Omadjon

Load More In ТАФСИР