Fotiha surasi tafsiri

0
123

5 – (إِيَّاكَ نَعْبُدُ)
“ Sengagina ibodat qilamiz ” ushbu oyatda xitob uchinchi shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tdi. Chunki oyatning boshidan ushbu yerigacha ma’no Alloh taolo haqida xabar berish va Uni maqtash borasida edi. نَعْبُدُ ushbu so‘zning ma’nosi “Senga itoat qilamiz”. Chunki ibodatning ma’nosi itoat va xokisorlikdir. Mukallafning ushbu so‘zni so‘zlashi Allohning rububiyatini tasdiqlash va Alloh taologa ibodatni amalga oshirishdir. Zero, o‘zga insonlar Allohdan o‘zga but va boshqa narsalarga ibodat qiladilar.

(وَإِيَّاكَ نَسْتَعِينُ)
Sendan yordam, qo‘llov va tavfiq so‘raymiz. Ushbu oyatda fe’ldan oldin maf’ul (bajarilmish ish-harakat) keltirildi. Arablar odatiga ko‘ra muhim narsa gapda birinchi keladi. Qolaversa, banda va ibodat so‘zlari ma’buddan oldin zikr qilinmasligi uchun ham shunday qilindi.

6 – (اهْدِنَا الصِّرَاطَ الْمُسْتَقِيمَ)
“Hidoyat qil” so‘zi tarbiya qilinuvchining tarbiya qiluvchiga duo va rag‘batidir. Oyatning ma’nosi: “Bizni to‘g‘ri yo‘lga yo‘lla va irshod qil. Hamda bizga O‘zingning suhbat­ing va qur­bat­ingga yetkazadigan yo‘lni ko‘rsat.”
صراط (sirot) so‘zi arab tilida yo‘l deganidir. Ushbu so‘z bir qiroatda سراط “siyn” harfi bilan ham o‘qiladi. Bu so‘z yutib yubormoq ma’nosida bo‘ladi. Chunki yo‘l unda yuruvchini yutib yuborgudek bo‘ladi, degan ma’noda. Ushbu so‘z “za” va “sod” harflari o‘rtasida ham o‘qiladi va sof “za” harfi bilan ham o‘qiladi. “Siyn” harfi bilan o‘qish asosdir.
الْمُسْتَقِيمَ “to‘g‘ri” so‘zi “yo‘l”ning sifati bo‘lib, egri va og‘ishi yo‘q ma’nosidadir.

7 – (صِرَاطَ الَّذِينَ أَنْعَمْتَ عَلَيْهِمْ)
Ushbu jumladagi “yo‘l” so‘zi avvalgi jumladagi “yo‘l” so‘zidan evazdir. Oyatning ma’nosi: “Hidoyatimizni davomli qil”. Chunki inson gohida to‘g‘ri yo‘lda yurib, so‘ng undan adashib qolishi mumkin. Ko‘pchilik mufassirlar oyatdagi “Sen in’om etgan zotlarning yo‘li”dan murod payg‘ambarlar, siddiq­lar, shahidlar va solihlarning yo‘lidir, deydilar. Buning dalili quyidagi oyatdir:
“Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, aynan o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni payg‘ambarlar, siddiq­lar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go‘zaldir!” (Niso 69).

(غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلَا الضَّالِّينَ)
“G‘azabga uchragan”lardan murod yahudiylardir, “adashganlar”dan murod esa nasroniylardir. Bularning bayoni Adiy ibn Hotimning hadisi va uning musulmon bo‘lish qissasida Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan. Bu hadisni Abu Dovud Toyalisiy o‘z “Musnad”ida (1040 muxtasar holatda) va Termiziy o‘z “Jome’”sida (2954-raqamda) rivoyat qilishgan.

“G‘azab” lug‘atda shiddat deganidir. G‘azabli kishi degani xulqi qo‘pol deganidir. Alloh taoloning sifati borasida esa g‘azab uqubatni iroda qilish bo‘lib, u zotiy sifatlardandir. Allohning irodasi Uning zotiy sifatlardandir. Yoki Allohning g‘azabi degani Uning uqubatidir. Quyidagi hadis ham ushbu ma’nodadir:
“Albatta sadaqa Robbning g‘azabini o‘chiradi”. (Termiziy 664, Ibn Hibbon 3309, Anasdan).
Uqubat esa fe’liy sifaddir.

Arab tilida zalolat so‘zi to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishishni anglatadi. Umar ibn Xattob va Ubay ibn Ka’blar غير المغضوب عليهم و غير الضالين deb qiroat qilishgan. Qur’on o‘quvchi Fotiha surasini o‘qib bo‘lgach, ولا الضالين ning “nun”i saktasidan so‘ng “Omiyn” demog‘i sunnatdir. Qur’ondan ajrab turishi uchun sakta qilinadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: ‘Qachon imom “omiyn” desa, sizlar ham “omiyn” denglar. Chunki kimning “omiyn”i farishtalarning “omiyn”iga muvofiq kelsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi’, dedilar”. (Buxoriy 780, Muslim 410).

Ko‘pchilik ulamolarning nazarida “Omiyn”ning mazmuni “Allohim, bizga ijobat qil!” ma’nosidagi duo bo‘ladi. Bir qavlda “Omiyn”ning ma’nosi “Shunday bo‘lsin” deyilgan. Buni Javhariy aytgan. Termiziy esa “Umidimizni so‘ndirma” ma’nosida degan.

Imom Molik Fotiha surasini namozning har bir rakaatida o‘qish imomga ham, yolg‘iz o‘quvchiga ham qat’iy lozim degan. Imom Abu Hanifa, Savriy, Avzo’iylar agar namozning barchasida Fotihani qasddan tark qilib, uning o‘rniga boshqasini o‘qisa, namozi durust bo‘ladi deyishgan. Biroq Avzo’iy bu borada ixtilof qilgan. Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasanlar namozdagi qiroatning farz miqdori kamida uch oyat yoki qarz oyati kabi bir uzun oyatdir deganlar.

Imom Tabariy aytadi:
“Namoz o‘quvchi har rakaatda Fotiha surasini o‘qiydi. Agar uni o‘qimasa, o‘rniga Qur’ondan oyatlari va harflari shu miqdorda bo‘lganini o‘qisagina durust bo‘ladi”.

Buvaytiy Shofe’iydan rivoyat qiladi:
“Xoh imom bo‘lsin, xoh iqtido qiluvchi bo‘lsin, imom jahriy yoki maxfiy qiroat qiladigan namoz bo‘lsin, har rakaatda Fotiha surasini o‘qimasa, namozi durust bo‘lmaydi”.

Imom Ahmad ham ushbu so‘zni aytgan.

Ta’lim muassasasi mudiri

Rustamjon domla Maxmudov 

Load More In ҚУРЪОН ИЛМЛАРИ