Johiliyat davri arab adabiyoti: Zuhayr ibn Abu Sulma

0
74

Johiliyat davri arab adabiyotida yorqin iz qoldirgan adiblardan yana biri Zuhayr ibn Abu Sulma (530–627) bo‘lgan. U Zubiyan va Abs qabilalari o‘rtasidagi urush davrining taniq­li shorilaridan deb ham sanaladi. Ushbu tinchlikparvar shoirning asarlarini o‘rta asr arab tanqidchiligi qadimgi arab she’riyatining eng ajoyib namunala­riga kiritgan. Shoir abs va zubiyan qabilalari kelib chiqqan gatafan qabilasining vakili bo‘lgan. Zuhayr shoirlik hunarini arab tilshunoslari alohida (ausiy) she’riy maktabning asoschisi deb hisoblovchi Aus ibn Hujra rahbarligida o‘rgangan.

Zuhayr – tipik badaviy shoir. Uning ijodi yuksak qabilaviy ko‘tarinkilikka to‘la. Zuhayr o‘z qabilasi qudratining tiklani­shi haqida orzu qilib, butun ijodi bilan absiylar va zubiyan­larni yarashtirishga intilgan, chunki o‘z qabilasi ojizlashgan­ligining sababini shoir aynan shunda ko‘rgan.

She’riy rivoyatga ko‘ra, abs va xazar – zubiyanlarning qardosh qabilalar o‘rtasida o‘tkazilgan ot poygasida absiylar dohiysi Kays ibn Zuhayr Daxis laqabli toyni, Xazar qabilasining hukmdori Xuzeyfa ibn Badr esa al-Gabra laqabli biyani poygaga qo‘ygan. Xazariylar g‘alabaga erishish uchun pistirma qo‘yib, Daxisni cho‘chitib yuborganlar va marraga birinchi bo‘lib al-Gabra yetib kelgan. Biroq Xuzeyfa mukofot tariqasida yuzta tuya talab qilganida, Kays buni rad qilgan. Bu esa urush boshlashga bahona bo‘lgan. Ushbu urush «Daxis va al-Gabra urushi» nomini olgan va afsonaga ko‘ra, 40  yil davom etgan.

Zuhayr she’riyatida madhiya markaziy o‘rin tutadi, biroq ular­da shoir dunyodagi kuchli shaxslarni emas, balki o‘z faoliyati bilan qadrdon qabilasining farovonligiga xizmat qilgan hamda tinch­likparvarligi, saxiyligi va boshqa badaviylar uchun an’a­naviy bo‘lgan ezguliklar bilan shon topgan shohlarni ulug‘lagan. Xusu­san, Zuhayrning muallaqasi zubiyanlik ikki nafar taniqli shaxs – rivoyatga ko‘ra, qabilalar o‘rtasida tinchlik o‘rnatish maq­sadini qo‘ygan hamda xun talablarga o‘z mulkidan uch ming tuyadan iborat ulkan tovon to‘lagan Xarim va Xarisni maqtashga bag‘ishlangan:

Qasamki, siz ikki janob qanchalar oliyjanob ekansiz,

Har qanday holatda – oddiy tugunmi yoki chigalmi?

Siz aytdingiz: agar har tomonlama sulxga erishsak,

Boylik, hayrli so‘z yordamida, qutulib qolamiz.

Shoir o‘z muallaqasida urushni va qabilani urushga tortgan­larni qoralaydi, tinchlikka rioya etishga va yomonlikni unutishga chaqiradi. U urushni qabilalarni maydalab tashlovchi tegirmon to­shiga o‘xshatadi. O‘z dalillarini obrazli shaklga kiritib, ayni vaqtda u o‘z qasidasini «tartibga keltiradi», uni aniq-ravshan va mantiqan izchil qiladi, barcha qismlarini yagona umumiy g‘oyaga bo‘ysundiradi. Kompozision jihatdan, Zuhayrning muallaqasi Im­ru ul-Kays yoki Tarafa muallaqalariga qaraganda yaxlitroq asardir.

Ayni vaqtda Zuhayrning muallaqasida Imru ul-Kays asar­lariga xos tiyraklik va shiradorlik yo‘q. Arablar nazdida Zuhayr mulohazadorlik va ezgulikni, ayni vaqtda Imru ul-Kays va Tarafa esa yengiltaklik va beg‘amlikni ifodalagan.

Hattoki Zuhayr qasidalaridagi lirik chekinishlar (muqad­dima) ham hissiyotning emas, balki aqlning hosilasi; ularning mavjudligi faqat an’ana tufayli bo‘lgan. Shoirning hajviyasi juda tiyilgan va nasihatomuzdir.

Zuhayr hikmatlarida tushkunlik elementlari ko‘zga tashlana­di. U qabilalararo nizolar, o‘zboshimchalik va adolatsizlik hukmron bo‘lgan dunyoning nomukammalligini keskin his qiladi. Zuhayr she’rlaridagi achchiq motivlar qabila ideallarining poy­mol etilishi, bir vaqtlar mavjud bo‘lgan qabilaviy jipslik­ning buzilishi, patriarxal badaviy axloqning tanazzuli bilan bog‘langan.

Arablarda Zuhayr tavsiflashning eng zo‘r ustasi hisob­lan­gan. Uning ta’riflari harakatga to‘la, bo‘yoqdor, lo‘nda va aniq. Ularda shoirning she’riy xayolotlari kuchiga qaraganda, uning nihoyatda ajablanarli kuzatuvchanligi ko‘proq namoyon bo‘lgan. Masalan, u yovvoyi eshakni tavsiflaganda lablaridagi yashil may­saning izi singari tafsilotlarni ham ko‘zdan qochirmaydi. Nar­sa haqida so‘z yuritganda Zuhayr uning rangi, shakli va nimadan yasalganligini albatta eslatib o‘tadi. U doimo hayotda ko‘rgan narsasini fotosuratdagidek aniq berishga hamda harakat vaqti va joyini ko‘rsatishga urinadi. Ko‘chish jarayonini tasvirlaganda shoir joy relefi, ob-havo, o‘simlik va hayvonot dunyosi haqida batafsil so‘z yuritadi. Harakat joyi, sharoiti va vaqtini aniq ko‘rsatishda arablarda tarixiy tafakkurning yuzaga kelayotgan­ligini ko‘rish mumkin.

Zuhayr metafora usulidan mahorat bilan foydalangan. Ma­salan, tinchlik elchisi Xarimni ulug‘laganida va uning ko‘z yoshla­rini tavsiflaganda, Zuhayr uning ko‘zlarini suv to‘ldirilgan chelaklarga qiyoslaydi va shu joyning o‘zida ushbu chelaklarni olib ketayotgan tuyani, tuya egasini (haydovchini), u chelakdagi suv­ni to‘kayotgan irmoqlarni hamda cho‘kishdan qo‘rqib suvdan sakrab chiqayotgan qurbaqalarni ham tasvirlaydi.

O‘rta asr arablari Zuhayr ijodini yuksak qadrlaganlar va uni islomgacha bo‘lgan davrdagi eng ajoyib shoirlardan biri deb hisoblaganlar.

«Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi ilmiy tadqiqot ishlari muhandisi Zuhrobiddin domla Olimov

Load More In АДАБИЁТ