ТАФСИР “ASR” SURASI — VAQT VA NAJOT HAQIDAGI MUJAZ DASTUR 30 января, 2026 0 112 Qur’oni Karimda ba’zi suralar bor-ki, ularning oyatlari kam, ammo mazmuni nihoyatda ulkan va umuminsoniydir. “Asr” surasi ana shunday suralardan bo‘lib, inson hayotining mohiyati, vaqtning bebaho ne’mat ekani va haqiqiy najot mezonlarini o‘zida jamlagan. Imom Shofi‘iy rohmatullohi alayhining mashhur so‘zlari buni yaqqol tasdiqlaydi: “Agar Alloh taolo odamlar uchun faqat “Asr” surasini nozil qilganida ham, bu ularning hidoyati uchun kifoya qilgan bo‘lar edi”. Bu so‘z suraning qanchalik mukammal hayotiy dastur ekanini ko‘rsatadi. “Asr” surasi Makkiy bo‘lib, 3 oyatdan iborat, Mus’haf tartibida 103-sura. Makkiy suralarning asosiy xususiyati — e’tiqod, iymon, oxirat, inson taqdiri va axloq masalalariga urg‘u berishidir. “Asr” surasi ham aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Alloh taolo “Asr” surasida marhamat qilib aytadiki: Asr bilan qasamyod eturmanki, (har bir) inson ziyonda (baxtsizlikda)dir! Faqat iymon keltirgan va solih amallarni qilgan, bir-birlariga haqiqatparvar bo’ilshni tavsiya etgan va bir birlariga sabrli bo’lishni tavsiya etgan zotlargina bundan mustasnodir. Mo‘tabar mufassirlar “Asr” so‘zi haqida bir nechta izoh keltirganlar: Umumiy vaqt — inson umrining o‘zi. Ibn Jarir Tabariy rohmatullohi alayh: “Asr — vaqt bo‘lib, inson barcha foyda va zararini unda ko‘radi”. Imom Fahriddin Roziy rohmatullohi alayh aytadilarki: “Vaqt — insonning eng katta sarmoyasi. Uni yo‘qotgan kishi barcha narsani yo‘qotadi”. Kunduzning oxiri (asr payti). Imom Zamaxshariy: bu vaqt inson mehnatining yakuni bo‘lib, hisob-kitob ramzidir. Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi va sallamning zamoni. Shu sababli ba’zi ulamolar bu davrni eng sharafli zamon deb talqin qilganlar. Qasamning hikmati: Alloh taolo Qur’onda biror narsa bilan qasam ichsa, bu o‘sha narsaning ulug‘ligini, e’tibordan chetda qolmasligi kerakligini bildiradi. Ikkinchi oyatda Alloh taolo: “(har bir) inson ziyonda (baxtsizlikda)dir!” demoqda. Bu oyatda: “inson” so‘zi umumiy ma’noda kelib, barcha insonlarni qamrab oladi. “Ziyon” so’zi esa, bu borada Imom Qurtubiy rohmatullohi alayh: “Bu dunyo va oxiratdagi ziyon” deganlar. Ibn Kasir rohmatullohi alayh esa: “Vaqtni Alloh roziligidan boshqa narsaga sarflash eng katta zarar” deb aytganlar. Ya’ni, inson umr kapitalini noto‘g‘ri ishlatsa, iymon va amal bilan bezamasa, muqarrar ravishda ziyon ko‘radi. Uchinchi oyatda esa: Faqat iymon keltirgan va solih amallarni qilgan, bir-birlariga haqiqatparvar bo’ilshni tavsiya etgan va bir birlariga sabrli bo’lishni tavsiya etgan zotlargina bundan mustasnodir” deyilmoqda. Bu oyatda Alloh taolo insonni umumiy zarardan to‘rt xislat bilan istisno qiladi. Bu to‘rtlik — najot formulasidir. Iymon keltirgan. Imon — qalbning tasdig‘i, tilning iqrori va a’zolarning amali. Imonsiz amal foyda bermaydi. Solih amallar. Solih amal: Qur’on va sunnatga muvofiq, ixlos bilan bajarilgan amal. Bu yerda iymon bilan amal yonma-yon zikr qilinishi — iymonning amalda isbotlanishi zarurligini bildiradi. Ulamolar aytadiki: “Komil iymon sohibini doim solih amallarga yetaklaydi, shuning uchun bu yerda iymondan keyin solih amal zikr qilinyapti”. Bir-birlariga haqiqatparvar bo’ilshni tavsiya etish. “Haqiqatparvar” tushunchasi: to‘g‘ri e’tiqod, adolat, Qur’on va sunnat, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish. Bu jamiyatni isloh qilish mas’uliyatini anglatadi. Bir birlariga sabrli bo’lishni tavsiya etish. Sabrning uch turi bor: Ibadatda sabr, gunohdan tiyilishdagi sabr va musibatga sabr qilish. Hasan Basriy aytadi: “Haqni tutgan kishi sinovsiz qolmaydi”. Sura tuzilishidagi nozik hikmat — ulamolar ta’kidlashicha: Imon — asos, Amal — meva, Haq — yo‘l, Sabr — himoya. Bu to‘rtliksiz inson najot topmaydi. Xulosa qilib aytganda, kim vaqtini iymon, solih amal, haq va sabr yo’lida sarflasa ikki dunyoda najot topadi. Aksi bo’lsa, ziyon ko’rguvchilardan bo’ib qoladi. “Asr” surasi inson hayotining mazmunini, vaqtning qadrini, najot yo‘lini juda qisqa, ammo nihoyatda mukammal tarzda bayon qilgan. Bu sura har bir musulmon uchun kundalik o‘zini hisobga olish mezoni bo‘lishi kerak. Ta’lim muassasasi «Tafsir» fani mudarrisi A Aliyev