ТАФСИР Fotiha surasi tafsiri 24 ноября, 2025 0 150 الحمد لله رب العالمين Hamd olamlarning Rabbi – Allohgakim, *** 2 – (الحمد لله) “Hamd” so‘zi arab tilida mukammal maqtovga aytiladi. Ushbu so‘z oldidagi ال (al) qo‘shimchasi barcha maqtovlarni qamrab olish uchun kelgan. Alloh taolo barcha maqtovlarga sazovor zotdir. Zero, U zot go‘zal ismlar va oliy sifatlar sohibidir. Hamd so‘zi yomonlashning ziddidir. Hamdning ma’nosi shukrdan ko‘ra qamrovliroqdir. Hamd maqtaluvchi zotdan yaxshilik sodir bo‘lmasidan avval ham sifatlari ila uni maqtashdir. Shukr esa yaxshilik qiluvchini yaxshiligi sabab maqtashdir. Bir qavlda aytiladiki, Alloh taolo bandalariga ta’lim berish uchun o‘zini madh etdi va maqtadi. Ushbu qavlga ko‘ra oyatdagi jumlaning ma’nosi “Allohga hamd aytinglar”, bo‘ladi. (رب العالمين ) Olamlarning egasidir. Arab tilida har bir narsaning egasi uning Rabbi deyiladi. Rabb bu egadir. “Sihoh”da kelishicha Rabb bu Allohning ismlaridan bo‘lib, undan o‘zgaga nisbatan ushbu so‘zning yolg‘iz o‘zini ishlatib bo‘lmaydi, faqat birikma holda ishlatish mumkin. Rabbning ma’nolaridan biri sayyiddir. Yana Rabb isloh etuvchi, tadbir etuvchi, butlovchi va qoim turuvchidir. Ushbu so‘z تربية (tarbiyatun) tarbiya etmoq so‘zidan kelib chiqqan. Alloh subhanahu va taolo maxluqotlarini tadbir va tarbiya etuvchidir. رب (Rabb) so‘ziga ال (Alif lom) aniqlik artikli qo‘shilib kelsa, Alloh taologa dalolat qiladi. (العالمين ) Qatoda deydi: “Olam bu Allohdan o‘zga barcha mavjudotlardir”. رهط , قوم so‘zlari kabi ushbu so‘zning birlik shakli mavjud emas. Ibn Abbos deydi: “Olamlar bu insonlar va jinlardir. Buning dalili quyidagi oyatdir: “Olamlar (insonlar va jinlar)ga ogohlantiruvchi bo‘lishi uchun O‘z bandasi (Muhammad)ga Furqon (Qur’on)ni nozil etgan zot barakotli (buyuk)dir”. (Furqon surasi 1-oyat). Birinchi gap to‘g‘riroqdir. Chunki olam so‘zi barcha maxluqot va mavjudotni o‘z ichiga oladi. (davomi bor) «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri Rustamjon domla Maxmudov