MAQOLALAR «Ba’zi diniy asarlar nega «hamdu-sano» bilan boshlanmagan?» 21 ноября, 2026 0 53 Islom ilmiy merosidagi mo’tabar asarlarni o’rgangan tadqiqotchi e’tiborini tortadigan bir jihat bor, ayrim mualliflar kitobini «Bismillahir Rohmanir Rohim» (tasmiya) bilan boshlagan, ammo Allohga hamd-sano (tahmid) keltirmagan. Bunga «Aqidatut Tahoviy» asari misol bo’ladi. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis rivoyat qilingan: > «كُلُّ أَمْرٍ ذِي بَالٍ لَا يُبْدَأُ فِيهِ بِالْحَمْدِ أَقْطَعُ» «Allohga hamd bilan boshlanmagan har qanday e’tiborli ishning oxiri kesikdir (barakasi bo’lmaydi)». Shundan savol tug’iladi: nima uchun bu ulamolar hadisga amal qilib, asar avvalida hamd keltirmagan? Sharhlovchilar bu e’tirozga turlicha javob berganlar. Birinchi qarashga ko’ra, hadisning o’zi zaif deb topilgan. Bu fikr tarafdorlari sanadda Qurra ibn Abdurrahmon haqida tanqidiy gaplar borligini, hadisning mavsul (sanadi uzluksiz) yoki mursal (tobeindan uzilgan) ekanida ixtilof mavjudligini ta’kidlaydi. Matnda esa «hamdulloh», «bismillah» va «zikrulloh» lafzlarining, shuningdek «aqta’», «abtar» va «ajzam» so’zlarining almashib kelishini iztirob, ya’ni chalkashlik deb baholaydi. Ammo Ibn Hibbon, Ibn Saloh, Abu Avona va Tojiddin Subkiy kabi muhaddislar hadisni sahih yoki hasan darajasida deganlar. Roviy haqidagi ayrim gaplar to’g’ri deb faraz qilinsa ham, targ’ib va tarhib (ezgulikka undash va yomonlikdan qaytarish) bobida bunday hadislarga amal qilinaveradi. Yoki tavoze, ya’ni kamtarlik o’laroq deydilar. Go’yo mualliflar asarini hamd bilan boshlashga arziydigan «e’tiborli kitob» deb hisoblamagan. Biroq haqiqiy kamtarlik shar’iy ko’rsatma va sunnatga amal qilishda namoyon bo’ladi, sunnatni tark etishda emas. Ba’zi qarashga ko’ra, hadisning turli rivoyatlarida hamd, tasmiya va zikrulloh lafzlari kelgani uchun asl maqsad ishni Allohning biror zikri bilan boshlashdir, mualliflar esa tasmiya bilan bu shartni bajargan deyiladi. Bu xulosada ham kamchilik bor. Chunki agar maqsad istalgan zikr bo’lganida, ishni «Subhanalloh» yoki «Allohu akbar» bilan boshlab, tasmiya va hamdni tark etgan kishi ham hadisga amal qilgan hisoblanardi. Ulamolar esa buni hadisga muvofiq deb bilmaydi. Ulamolar eng asosli deb topgan javoblardan biri shuki, mualliflar yozishga kirishishdan oldin tillari bilan Allohga hamd aytgan va qog’ozga faqat tasmiyani tushirgan. Qolaversa, bu yerda Qur’on uslubiga ergashish ham bor. Qur’oni Karimning ilk nozil bo’lgan oyati hamd bilan emas, tasmiya ma’nosi bilan boshlangan: «اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ» «Yaratgan Robbing nomi bilan o’qi!» (Alaq surasi 1-oyat) Javoblar ichida eng daqiq hisoblangani og’zaki nutq bilan yozma maktub o’rtasidagi farqqa asoslanadi. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam juma, hayit va nikoh xutbalari kabi barcha og’zaki murojaatlarini tasmiya bilan birga hamd-sano bilan ham boshlaganlar. Yozma maktub va bitimlarda esa, ya’ni podshohlarga yo’llangan maktublar va sulh shartnomalarida, hamd yozilmagan, faqat tasmiya bilan kifoyalanilgan. Masalan Najoshiyga yozilgan maktubda: «Bismillahir Rohmanir Rohim. Allohning rosuli Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) dan, Habashiston podshohi Najoshiyga…» deb yozilgan. Qur’oni Karimda ham bu uslub mavjud bo’lib, Sulaymon alayhissalom Saba’ malikasi Bilqisga yo’llagan maktubini hamd bilan emas, tasmiya bilan boshlagan: إِنَّهُ مِن سُلَيْمَانَ وَإِنَّهُ بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَٰنِ الرَّحِيمِ. أَلَّا تَعْلُوا۟ عَلَىَّ وَأْتُونِى مُسْلِمِينَ. «Albatta, u Sulaymondandir, albatta, unda: «Bismillahir rohmanir rohiym. Menga qarshi bosh koʻtarmay, taslim boʻlgan holingizda keling», deyilmishdir». (Naml, 29–30). Shu masaladan kelib chiqib, ulamolar kitob yozishda quyidagi an’anaga amal qilganlar. Muallif asosiy ilmiy matndan oldin kitobning maqsadi va ahamiyatini bayon qiluvchi muqaddima yozsa, muqaddima og’zaki va’z-nasihat hukmida bo’lgani uchun uni hamd-sano bilan boshlagan. Alohida muqaddimasiz, to’g’ridan-to’g’ri ilmiy matnga kirishilgan asarlarda esa yozma risolalar va payg’ambarlar sunnatiga muvofiq, kitob faqat «Bismillahir Rohmanir Rohim» bilan boshlangan. «Sayyid Muhyiddin maxdum» madrasasi mudarrisi Akbarov Rahmatulloh