«ALLOH TAOLOGINA BILADIGAN 5 TA NARSA»

0
105

 

Albatta, qiyomat soatining ilmi yolgʻiz Allohning huzuridadir. Yomgʻirni U yogʻdirur. Bachadonlardagi narsani ham U bilur. Hech bir jon ertaga nima kasb qilishini bilmas. Hech bir jon qaysi yerda oʻlishini ham bilmas. Albatta, Alloh oʻta bilguvchi va oʻta xabardordir.
Luqmon surasi 34-oyat.
Ushbu oyatda Alloh taolo faqat Oʻzigagina xos boʻlgan gʻaybiy ilmlarni bayon qilmoqda. Ular beshta:
1. Qiyomatning qachon boʻlishi.
Bu ilmni Alloh taolo na bir farishtaga va na bir paygʻambarga bildirgan. Toʻgʻri, paygʻambarlar qiyomat yaqinlashganining ayrim alomatlarini xabar berganlar, ammo uning aynan qachon sodir boʻlishini yolgʻiz Alloh taolo biladi.
2. Yomgʻirning qachon yogʻishi.
Hozirgi kunda ayrim mutaxassislar turli vositalar yordamida yomgʻir yogʻish vaqtini alomat va belgilar asosida taxmin qilishlari mumkin. Ammo sabablar asosida aytilgan bunday xulosalar gʻayb ilmi hisoblanmaydi va doimo ham toʻgʻri chiqavermaydi. Chunki ular gumon va taxminga asoslanadi, haqiqiy ilmni ifodalamaydi.
3. Bachadondagi narsa.
Yaʼni, onaning qornidagi farzandning jinsi va holatini yolgʻiz Alloh taolo biladi. Hozirgi texnologiyalar yordamida bolaning oʻgʻil yoki qizligi uning xilqati shakllangandan keyingina maʼlum boʻladi. Qolaversa, ayrim hollarda bu vositalar ham xatoga yoʻl qoʻyishi kuzatiladi.
4. Hech bir jon ertaga nima kasb qilishini bilmas.
Yaxshi ish boʻladimi yoki yomon ish — banda ertasi kuni nima qilishini aniq bila olmaydi. Baʼzan yaxshilik qilishni niyat qiladi-yu, bilmasdan yomonlik qilib qoʻyadi. Baʼzan esa yomonlikni koʻzlab, natijada yaxshilik sodir etadi.
5. Hech kim qayerda oʻlishini bilmas.
Baʼzan kishi bir joyda ogʻir holatga tushib: “Mana shu yerda jon beraman”, deb oʻylaydi. Ammo taqdir taqozosi bilan umuman xayoliga kelmagan joyda ajali bilan yuzma-yuz keladi.
Rivoyat qilinishicha, oʻlim farishtasi Sulaymon alayhissalom huzurlaridan oʻtib ketar ekan, u zot bilan oʻtirgan kishilardan biriga diqqat bilan qarab qoladi. Haligi kishi Sulaymon alayhissalomdan:
— Bu kim? — deb soʻraydi.
— Bu oʻlim farishtasi, — deb javob beradilar.
Shunda u:
— U meni oldimga kelganga oʻxshaydi, — deydi va Sulaymon alayhissalomdan uni shamolga mindirib Hind diyoriga olib borishlarini soʻraydi. Ul zot uning iltimosini bajo keltiradilar.
Keyin oʻlim farishtasi Sulaymon alayhissalomga shunday deydi:
— Men unga tikilib qaraganimning sababi taajjubdan. Chunki men uning jonini Hind diyorida olishga buyurilgan edim, u esa sizning huzuringizda edi.
Inson uchun oʻziga eng yaqin boʻlgan narsalar — uning kasbi va oqibatidir. Kishi oʻziga daxldor ishlarni bilolmas ekan, boshqalarga taalluqli narsalarni bilmasligi yanada ayon boʻladi.
Imom Buxoriy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَفَاتِيحُ الْغَيْبِ خَمْسٌ». ثُمَّ قَرَأَ: ﴿إِنَّ اللَّهَ عِنْدَهُ عِلْمُ السَّاعَةِ﴾
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Gʻaybning kalitlari beshtadir”, — dedilar va:
“Albatta, qiyomat soati ilmi yolgʻiz Allohning huzuridadir…” oyatini oʻqidilar.
Rivoyat qilinishicha, xalifa Mansur tushida oʻlim farishtasini koʻrib, undan umri qancha qolganini soʻraydi. Farishta unga besh barmogʻini koʻrsatadi. Taʼbirchilarning biri buni besh yil, boshqasi besh oy, yana biri besh kun deb taʼbir qiladi. Shunda Imom Abu Hanifa rohimahulloh:
— Bu ushbu oyatga ishoradir. Bu besh ilmni Allohdan boshqa hech kim bilmaydi, — deb javob beradi.

 

Taʼlim muassasasi mudarrisi Isomiddinov Javohir tayyorladi.

Load More In MAQOLALAR