Haqiqiy do‘stlik mezoni: Ayblarni berkitish fazilati

0
61

Inson ijtimoiy mavjudot bo‘lib, hayot yo‘lida hamisha o‘ziga sirdosh, hamfikr va yelkadosh izlaydi. Biroq zamonlar o‘tgani sayin chinakam do‘stlik tushunchasi o‘zining asl mohiyatini yo‘qotib, ko‘pincha manfaatlar yoki quruq maqtovlar ustiga qurilmoqda. Aslida esa do‘stlik — insonning eng nozik, eng ojiz jihatlari omonat qilinadigan muqaddas rishtadir.

Buyuk mutasavvif Boyazid Bistomiy hazratlaridan: «Odamlarning qaysi biri bilan do‘st bo‘lay?» deb so‘rashganida, u zot: «Alloh azza va jalla sendan nimani bilsa, shuni biladigan va Alloh taolo sendan nimani yashirsa, shuni yashiradigan zot bilan», deya javob berganlar. Ushbu teran hikmat chinakam do‘st qanday bo‘lishi kerakligini to‘liq ifodalab beradi: u sening zaifliklaring va xatolaringni biladi, lekin ularni xuddi Yaratgan satr qilganidek (yashirganidek) ichida saqlaydi, fosh etmaydi.

Qur’oni Karimda ayb qidirishning qoralanishi

Alloh taolo mo‘minlarni o‘zaro birodar deb e’lon qilar ekan, bu rishtani buzadigan eng xatarli illatdan — birovning kamchiligini poylashdan qaytaradi:

«Ey iymon keltirganlar! Gumonning ko‘pidan chetlaninglar. Chunki ba’zi gumonlar gunohdir. Va o‘zgalar aybini qidirmanglar…» (Hujurot surasi, 12-oyat)

Oyatdagi qaytariq jamiyat va do‘stlikning tayanchi bo‘lgan ishonchni himoya qiladi. Chin do‘st birodarining xatosini qidirmaydi, tasodifan bilib qolsa, buni unga qarshi qurol sifatida ishlatmaydi. Ayb qidirish bo‘lgan joyda mehr va samimiyat yo‘qoladi.

Hadisi sharifda birodarining aybini yashirish fazilati

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmon kishining o‘z birodariga bo‘lgan munosabatini yanada yuksak axloqiy pog‘onaga ko‘tarib, shunday marhamat qilganlar:

«Kim bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh uning aybini dunyoyu oxiratda yashiradi…» (Imom Muslim rivoyati)

Inson mukammal emas — har bir qalbning o‘ziga yarasha ojizligi, yashirin gunohi yoki xatosi bor. Hadis birodarining sirini fosh etmay, unga panoh bo‘lgan inson mukofotini bevosita Alloh taoloning o‘zidan olishini ta’kidlaydi: Parvardigor ham qiyomat kunida uning xatolarini xaloyiq oldida sharmanda qilmay, O‘z rahmati ila satr etadi.

—

Do‘stlik — faqat shodlik damlarida birga qahqaha otish emas, balki kishi o‘zining barcha kamchiliklari bilan boshqasi yonida xotirjam bo‘la olishidir. Boyazid Bistomiy aytganlaridek, xatoyingizni bilsa-da, uni butun dunyodan yashira oladigan, sizni yaxshi ko‘rishda davom etadigan insonni topsangiz — bilingki, hayotdagi eng katta ma’naviy xazinaga ega bo‘libsiz.

TA’LIM MUASSASASI MUDARRISI

A.SUYAROV

Load More In MAQOLALAR