HADIS Imomzoda Buxoriy — ilm, taqvo va odob sohibi 19 ноября, 2026 0 70 Imomzoda Buxoriy — to‘liq ismi Muhammad ibn Abu Bakr ibn al-Mufazzal ibn Ibrohim bo‘lib, hijriy VI asrda yashab ijod qilgan mashhur hanafiy faqih, voiz va adib olimlardan biridir. U «Imomzoda», «Ruknul-islom», «Sayyididdin» va «Buxoriy» kabi nomlar bilan mashhurdir. «Shir’atul-islom» asarining muallifi sifatida ham mashhurdir. Manbalarda kelishicha, Imomzoda Muhammad hijriy 491-yil, rabiul-avval oyida Buxoro va Samarqand orasida joylashgan Charg‘ qishlog‘ida tug‘ilgan. Alloma hayotinining aksar qismini Buxoroda o’tkazgan, ilm-fan bilan shug‘ullanib, keyinchalik Buxoroning taniqli faqihlaridan biriga aylangan. Alloma taqvodor, go‘zal xulqli, fasohatli va keng bilim sohibi bo’lgan, hayotini ilm olish, odamlarga nasihat qilish va diniy bilimlarni tarqatish bilan o‘tkazgan. Imomzoda rahmatullohi alayhi bir qancha yirik olimlardan ilm olgan. Jumladan: — Muhammad ibn Abdulloh as-Saraxsiy rahmatullohi alayhi; — Badrul-a’imma Bakr ibn Muhammad az-Zaranjariy rahmatullohi alayhi; — Raziuddin Nishopuriy rahmatullohi alayhi. Shuningdek, tasavvuf yo‘lida Xoja Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhidan ta’lim olganlar. Allomaning shogirdlari orasida «Ta’limul-mutaallim» asari muallifi Burhoniddin Zarnujiy rahmatullohi alayhi ham bor. Bu esa Imomzodaning ilmiy faoliyati va ta’lim berishdagi o‘rnini ko‘rsatadi. Allomaning ikkita asari yetib kelgan: 1. «Shir’atul-islom» — musulmon kishining diniy hayoti, ibodatlari, odob-axloqi va kundalik amallariga oid asar. 2. «Uqudul-aqoid fi fununil-favoid» — aqidaviy mavzularga bag‘ishlangan manzuma. «Shir’atul-islom» uning eng mashhur asarlaridan biri bo‘lib, musulmonning hayot tarzini diniy odoblar bilan tartibga solishga xizmat qiladi. Imomzoda hanafiy mazhabiga mansub edi. Uning bu mazhabga mansubligi ustozlari va «Shir’atul-islom» asarida bayon qilingan ayrim fiqhiy masalalar orqali ham ko‘rsatilgan. Tarixchi va tarojum olimlari shayx Imomzodani yuksak e’tirof etganlar. Abdulhay Laknaviy uni «fazilatli imom va komil adib» deb ta’riflagan. Abul-Vafo al-Qurashiy uni faqih, shoir, taqvodor va go‘zal xulqli olim sifatida zikr qilgan. Xayriddin Zirkliy esa unga «Ruknul-islom» laqabini bergan. Ulamolar e’tirofi Imomzoda hazratlarining o‘z davrida ilmiy va diniy jihatdan katta mavqega ega bo‘lganini ko‘rsatadi. Xulosa Imomzoda Buxoriy o‘z davrining yetuk hanafiy faqihlaridan, voiz va adiblaridan biri bo‘lgan. U zot ilm, taqvo, odob va nasihatni o‘z hayotida mujassam etgan ulamolardan edi. Uning «Shir’atul-islom» asari esa musulmon kishining kundalik hayotini islomiy odob va ko‘rsatmalar asosida tashkil etishga qaratilgan muhim ilmiy meros hisoblanadi. Manbalar asosida Ta’lim muassasasi mudarrisi Muhammad Yahyoxon Mahmudov tayyorladi