MAQOLALAR ISLOM TA’LIMOTIDA AYOLLARNING ERKINLIKLARI VA IJTIMOIY MAS’ULIYATLARI 17 ноября, 2026 0 26 Turli sabablarga ko`ra, ayollar masalasi Islomga qarshi ta`na toshi otishning asosiy nishonlaridan biriga aylanib qolgan. Hatto ba`zi musulmon ulamolar «Ayollar masalasi Islom ummati ko`ksiga sanchilgan zaharli xanjar», deb aytishga majbur bo`ldilar. Bu masala bo`yicha ko`plab kitoblar, maqolalar yozilgan, xutbalar, mav`izalar qilingan. Albatta, bizning bu masalaga ortiqcha to`xtashga imkonimiz yo`q. Ikkinchidan, Islom, o`z ta`limotlariga xilof qilish oqibatida kelib chiqqan noto`g`ri holatga javob berishga majbur ham emas. Eng muhimi, Islom hech kimning himoyasiga muhtoj ham emas. Faqat, tushuna olmay turgan kishilarga tushunganlar yordam berishi qabilida ish tutish mumkin, xolos. Islomdan oldin ayol kishi nafaqat huquqlari poymol qilinishiga, balki insonlik darajasidan mahrum qilinishiga mahkum qilingan edi. Misol uchun, Islom dastlab paydo bo`lgan yurt va zamonda qiz bola tug`ilgan oila motam tutar va keyinchalik or-nomus va iqtisodiy qiyinchilikka sabab bo`lmasin deb, qizni tiriklayin ko`mib yuborilar edi. Qur`oni Karim bu odatlarni qattiq qoraladi va man qildi. Musulmon oilalarda qiz tug`ilsa, o`g`il tug`ilgandan ko`ra ko`proq xursand bo`lish joriy qilindi. Qizlarni yaxshilab tarbiya qilganlarga, o`g`il bolalarni tarbiya qilganlarga nisbatan ko`p va`dalar qilindi. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda quyidagilar aytiladi: من كان له ثلاث بنات او اخوات فصبر على لاوءهن و ضراءهن و سراءهن ادجله الله الجنة بفضل رحمته اياهن فقال رجل او ثنتان يا رسول الله قال او ثنتان فقال رجل او واحدة يا رسول الله قال او واحدة «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning uchta qizi yoki singlisi bo`lsayu, u ularning xarxashalariga, og`irliklariyu qiyinliklariga sabr qilsa, Alloh uni ularga ko`rsatgan rahmati tufayli jannatga kiritur», dedilar. Bir kishi: -Ikkita bo`lsa-chi ey, Allohning Rasuli — deb so`radi. -Ikkita bo`lsa ham, dedilar. Bir kishi: -Bitta bo`lsachi ey, Allohning Rasuli deb so`radi. -Bitta bo`lsa ham, dedilar». Qizlarning tarbiyasi, ta`limi va madaniyati hamda, yashab, o`sishi uchun zarur har bir narsa otaning zimmasidagi farzdir. Ota bu farzdan faqat qiz turmushga chiqqandan keyingina ozod bo`ladi. Chunki, endi bu farz erning zimmasiga o`tgan bo`ladi. Otasi yoki eri yo`q ayolning nafaqasi aka yoki uning o`rnini bosuvchi boshqa shaxslarga vojib bo`ladi. Umuman, Islomda ayol kishi nafaqasiz qolishi mumkin emas. Qizning nafaqasi otaga, xotinniki erga, singilniki aka-ukaga, onaniki o`g`ilga vojib bo`ladi. Islom ayol kishiga ta`lim olish va madaniy saviyasini oshirish haqqini berdi va erkaklarni bu ishga mas`ul qiddi. Ilm talabi er-ayolga barobar farzligi, qizlari va singillariga ta`lim va odob bergan kishi jannatga haqli bo`lishini yaxshi bilamiz. Avvalgi avlod musulmon ayollari erlaridan, boshqa ustozlaridan, Payg`ambar sollallohu alayhi vasallamning ommaviy dars va xutbalaridan olayotgan ilm-ma`rifatga qanoat hosil qilmay Payg`ambar alayhissalomdan ayollar uchun alohida ilm-ma`rifat majlislari qilishni talab qilganlar va ularning bu talablari Payg`ambar sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan darhol qondirilgan. Ayol kishi faqat ta`lim olish, dars, xutba va va`z eshitishgagina haqli emas, balki ta`lim berish, dars aytish va boshqa ilmiy ishlar bilan mashg`ul bo`lish haqqiga ham egadir. Muslima ayollar ilm, fan va madaniyat soha-sida ulkan yutuqlarga erishganliklari hammaga ma`lum. Gapimiz quruq bo`lmasligi uchun, misol ham keltiraylik.SHifo binti Abdulloh al-Adaviyya roziyallohu anhodan qilingan rivoyatda u kishi quyidagilarni aytdilar: عن الشفاء بنت عبد الله قالت دجل على رسول الله صلى الله عليه و سلم وانا عند حفصة فقال لى الاتعلمين هذه رقية النملة كما علمتيها الكتابة رواه ابو داود «Hafsaning oldida o`tirgan edim, Payg`am-bar sollallohu alayhi vasallam kirib qolib menga: «Sen bunga xuddi yozishni o`rgatganingdek, namila damini ham o`rgatmaysanmi?» -dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan. Olima ayollar vakilasi Oisha onamiz hadis rivoyat qilish bo`yicha ikkinchi o`rinda turadilar. Ulkan sahobiylar o`zlari bilmagan narsalarini, hal qila olmay qolgan masalalarini Oisha onamizdan so`rar edilar. O`sha vaqtning sharoitida bu narsalar dunyo miqyosida katta o`zgarishlar edi. Muslima ayolning jamiyat, siyosat va shariat maydonlarida ham keragicha o`z ulushi bo`lgan. Muslima ayolning to`g`ri fikrini, haq ovozini za-bardast xalifa ham, Payg`ambar sollallohu alayhi vasallam ham, Alloh taoloning O`zi ham eshitgan, qabul qilgan Dunyoga Umari Odil nomi bilan mashhur bo`lgan zabardast xalifa Umar ibn Xattob o`z davrlarida mahr miqdori ortib ketganini mulohaza qildilar. Bu ishni muolaja,qilish,uchun,ko`pchiilik,ichida.xutba,qilib,mahrni cheklash maqsadida: «Ogoh bo`linglar, ayollarning mahrida haddan oshmanglar. Agar u bu dunyoda ikrom, Allohning huzurida taqvo bo`ladigan bo`lsa, unga sizning eng haqligingiz Payg`ambar sollallohu alayhi vasallamdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o`z ayollaridan birortasiga o`n ikki uvqiyadan ortiq mahr bermaganlar, U zotning qizlarining birortasiga ham bundan ortiq mahr berilmagan», dedilar. SHunda bir ayol o`rnidan turib: «Ey Umar! Alloh taolo: «Va u(ayol)lardan biriga qintor — cheksiz mahr bersangiz ham”, deydi-yu, sen bizga buni chegaralaysanmi ?!» — dedi. Xutbasi bu shaklda kesilgan xalifa: «Ayol to`g`ri aytdi, Umar xato qildi», deb o`z xatosini hammaning oldida tan oldilar. O`sha jasur ayolning sharofati ila hozirgi kunimizgacha birov ayollarning mahrini chegaralashga jur`at qila olgani yo`q. Bundoq ish ayol kishi mo«tabar bo`lgan jamiyatdagina bo`lishi mumkin. Payg`ambar sollallohu alayhi vasallam 6-hijriy yilda 1400 sahoba bilan Madiynadan Baytullohning ziyorati uchun borganlarida mushriklar Hudaybiya nomli joyda yo`lni to`sdilar. O`sha erda sulh tuzilib, musulmonlar Ka`bani ziyorat qilmay qaytib ketadigan bo`ldilar. Payg`ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalariga bu gapni e`lon qilib bo`lib, turinglar, shu erda qurbonliklaringizni so`yib, sochlaringizni oldiringlar, dedilar. Sahobalar norozi bo`lib, birortalari ham qimirlamadilar. Payg`ambar sollallohu alayhi vasallam amrni uch marta qayta-qayta takrorlasalar ham biror kishi qimir etib qo`ymadi. U zot g`oyat mahzun bo`lib, chodirga, jufti halollari Ummu Salama roziyallohu anhoning yonlariga kirdilar. Bo`lgan voqe`ani u kishiga aytib, o`tgan ummatlar ham shundoq ishlar tufayli halok bo`lganligi, shuning uchun g`oyat tashvishda ekanliklarini qo`shimcha qildilar. Shunda Ummu Salama roziyallohu anho Payg`ambar sollallohu alayhi vasallamga har qanday dono vazir ham bera olmaydigan maslahatni berdilar: «Ey, Allohning payg`ambari, aytgan amringiz bo`lishini xohlaysizmi? Tashqariga chiqing. Ulardan birortasiga bir kalima ham so`z aytmay qurbonlik tuyalaringizni so`ying. So`ng sartaroshingizni chaqiring, sochingizni olsin», dedilar. Payg`ambar sollallohu alayhi vasallam chiqib, xuddi Ummu Salama roziyallohu anho aytganlaridek qildilar. Buni ko`rgan sahobai kiromlar ham shoshib qurbonliklarini so`yib, sochlarini oldira boshladilar. Shundoq qilib bir muslima ayolning tadbiri ila Islom ummati halokatdan qutulib qoldi. Allohning payg`ambariga to`g`ri maslahat bera oladigan ayol faqatgina Islom ummatidan chiqishi mumkin. Endi muslima ayolning nidosini Alloh eshitib, fikrini tasdiqlaganini o`rganib chiqaylik. Islomdan oldin arablarda «zihor» degan narsa bor edi. Bunda er xotiniga, sen menga onamning belidek haromsan, desa, abadiy yarashib bo`lmaydigan taloq tushar edi. Xotin er uchun uning onasidek hisoblanib qolar edi. Kunlarning birida Xavla binti Sa`laba ismli ayolni uning eri Avs ibn Somit zihor qildi. So`ngra, Avs achchig`idan tushgach, nadomat qildi va xotiniga, endi sen menga harom bo`lgan bo`lsang kerak, dedi. Xavla bo`lsa, Allohga qasamki, bu taloq emas, dedi-da, qo`shni ayolning kiyimini qarzga olib, bu masala hukmini oydinlashtirish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yo`l oldi. U zotning oldilariga kelib: — Ey, Allohning Rasuli, erim Avs ibn Somit yosh, boy va aqlu hushlik paytimda menga uylandi. Molimni eb bitirdi, yoshligimni barbod qildi, aqlimni suslatdi va yoshim ulug` bo`lgan bir damda mendan zihor qildi. Endi o`zi bu zihordan afsus-nadomatda. Bizlarning yana qayta qo`shilishimizga biror yo`l bormi?—dedi. — Unga harom bo`libsan, — dedilar Payg`ambar alayhissalom. Sizga Qur`onni tushirgan Zot bilan qasamki, u taloqni zikr qilgani yo`q. U mening bolamning otasi, eng sevimli kishim-ku, axir?!—dedi Xavla. — Unga harom bo`libsan. — dedilar Payg`ambar alayhissalom. — Mushkulimni va yolg`izligimni Allohning O`ziga shikoyat qilaman, men erim bilan uzoq hayot kechirdim, undan farzandlar ko`rdim,-dedi Xavla. — Unga harom bo`libsan, — dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va «Sening to`g`ringda biror amr kelgani yo`q», deb qo`shib qo`ydilar. Xavla binti Sa`laba roziyallohu anho bo`lsa tinmay Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan tortishaverdi. Qachon U zot alayhissalom, «Sen unga harom bo`libsan», desalar, Xavla, «Mushkulimni, yolg`izligimni va holimning og`irligini Allohning O`ziga shikoyat qilaman», der edi. Ushbu tortishuv chog`ida Xavla binti Sa`laba: — Axir, mening yosh bolalarim bor, men bilan bo`lsalar, och qoladilar, u bilan bo`lsalar, zoe` bo`ladilar, der va boshini osmonga ko`tarib: — Ey bor Xudoyo! O`zingga yolvoraman. Ey bor Xudoyo! Payg`ambarning tiliga mening mushkulimni oson qiluvchi narsani tushir», der edi. Birdan Payg`ambar alayhissalom jim bo`lib qoldilar. Vahiy tushganda bo`ladigan holat yuzaga keldi. Bir muddatdan keyin u kishi muborak boshlarini ko`tardilar-da: «Alloh taolo sen va sening ering haqida oyat tushirdi», dedilar va, quyidagicha boshlanadigan oyatlarni tilovat qildilar: «قد سمع الله قول التى تجدلك فى زوجها و تشتكى الى الله و الله يسمع تحاوركما انسميع بصير » الله Albatta, Alloh sen bilan o`z eri haqida tortishayotgan va Allohga shikoyat qilayotgan (ayol)ning so`zini eshitdi. Vaxolangki, Alloh ikkovingizning gaplashuvlaringizni eshitmoqda. Albatta, Alloh eshituvchi va ko`ruvchi zot-dir» («Mujodala» surasi, 1-oyat). Bu oyatlarda johiliyatning zihor hukmi botil qilingan, zihor qilgan er kafforot berib xotini bilan yarashsa mumkinligi bayon qilingan edi. Mana, o`n to`rt asrki, o`sha oyatlar Qur`on sifatida o`qilmoqda, ularga shariat —qonun sifa-tida amal qilinmoqda. Qiyomatgacha shundoq bo`lishi shubhasiz. Oddiy bir ayolning nidosi Alloh taologa etib borishi, uning fikriga, talabiga mos Qur`on oyatlari tushishi ayol zotining hurmati, e`tibori emasmi?! Qaysi tuzumda, qaysi dasturda shunga o`xshash narsa bor. Zar qadrini zargar biladi, deganlaridek Xavla binti Sa`laba roziyallohu anhoning qadrini ham hamasrlari yaxshi bilganlar. Davomi bor… Ta’lim muassasi mudarrisi Fazliddin Nizomov