MAQOLALAR ZARRA MIQDORICHA AMAL HAM BEHISOB QOLMAYDI 12 октября, 2026 0 62 Inson bu dunyoda ko‘plab ishlarni kichik sanaydi. Bir og‘iz shirin so‘z, birovning ko‘nglini ko‘tarish, yashirincha qilingan ehson, hech kim ko‘rmayotgan paytda uzatilgan yordam — bularning ayrimlari odamlar nazarida arzimasdek ko‘rinishi mumkin. Xuddi shuningdek, bir og‘iz achchiq so‘z, birovning qalbini sindirish, yashirincha qilingan xiyonat yoki e’tiborsiz qoldirilgan birovning haqqi ham ba’zan inson nazarida katta ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Lekin Alloh taoloning huzurida amalning qadri insonlar unga bergan baho bilan belgilanmaydi. Chunki inson tashqi ko‘rinishni ko‘radi, Alloh taolo esa bandaning amalini ham, niyatini ham biladi. Qur’oni karimdagi Zalzala surasining so‘nggi ikki oyati insonni aynan shu haqiqat bilan yuzlashtiradi. Bu oyatlar mo‘minning dunyoqarashini o‘zgartiradigan, qalbida mas’uliyat uyg‘otadigan va uni har bir so‘z hamda har bir qadamini hisobga olishga undaydigan buyuk ilohiy ogohlantirishdir. فَمَن يَعْمَلْ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ خَيْرًا يَرَهُ وَمَن يَعْمَلْ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ شَرًّا يَرَهُ «Bas, kim zarra miqdoricha yaxshilik qilsa, uni ko‘rar. Kim zarra miqdoricha yomonlik qilsa, uni ham ko‘rar». (Zalzala surasi, 7–8-oyatlar) Ushbu oyatlarda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihat — Alloh taolo yaxshilik va yomonlikni «zarra miqdoricha» deb ta’riflamoqda. Demak, inson nazarida juda kichik ko‘ringan amal ham Allohning adolatli hisobidan chetda qolmaydi. «Yaroh» — «uni ko‘radi» degan ifoda esa qiyomat kunida bandaning qilgan amali va uning oqibati bilan yuzlashishiga ishora qiladi. Tafsir ulamolari bu oyatlarni Allohning adolati, bandalar amallarining hisob qilinishi va hech bir amalning zoye ketmasligi haqidagi asosiy dalillardan deb sharhlaydilar. Bu oyatlar faqat gunohdan qo‘rqitmaydi. Ular yaxshilik qilishga ham ulkan umid beradi: sizning hech kim bilmagan ehsoningiz, samimiy duoyingiz, bir insonni gunohdan qaytarganingiz yoki birovga qilgan kichik yordamingiz ham Allohning huzurida zoye bo‘lmaydi. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ dedilar: لَا تَحْقِرَنَّ مِنَ الْمَعْرُوفِ شَيْئًا، وَلَوْ أَنْ تَلْقَى أَخَاكَ بِوَجْهٍ طَلْقٍ «Hech bir yaxshilikni arzimas sanama, hatto birodaringni ochiq chehra bilan qarshi olishingni ham». Bu hadis insonning yaxshilik haqidagi tasavvurini kengaytiradi. Yaxshilik faqat katta mablag‘ sarflash, katta loyihalarni amalga oshirish yoki ko‘pchilikka yordam berishdan iborat emas. Ba’zan insonning bir tabassumi tushkun qalbga taskin beradi. Bir og‘iz dalda umidsizlikka tushgan kishiga kuch bag‘ishlaydi. Bir insonning aybini yashirish, birovni haqoratdan himoya qilish yoki muhtojning holidan xabar olish ham ulkan ma’naviy ahamiyatga ega. Hadisdan olinadigan muhim saboq shuki, yaxshilik qilish uchun doimo katta imkoniyatga ega bo‘lish shart emas; mavjud imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanish muhimdir. Ayni paytda, kichik gunohlarni ham beparvolik bilan takrorlash mumkin emas. Mo‘min kishi kichik yaxshilikni ko‘paytiradi, kichik gunohga esa tavba va ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ladiю Davomi bor… Ta’lim muassasasi mudarrisi A.Suyarov