Ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ruhiyatiga ta’siri va Islomdagi yechimlar

0
81

Bugungi kunda internet va ijtimoiy tarmoqlar inson hayotining ajralmas qismiga aylandi. Ayniqsa yoshlar kunining katta qismini telefon va internetda o‘tkazmoqda. Bu vositalar ilm olish, aloqa qilish va dunyo yangiliklaridan xabardor bo‘lishda foydali bo‘lsa-da, me’yoridan oshganda ruhiy tushkunlik, vaqt isrofi, yolg‘izlik va axloqiy muammolarga sabab bo‘lmoqda. Islom dini esa inson qalbi, vaqti va axloqini asrashga katta ahamiyat beradi.

Ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’siri:

Bugungi tadqiqotlarda ortiqcha telefon ishlatish inson ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishi aniqlangan. 2023-yilda Amerika Psixologlar Assotsiatsiyasi yoshlarning uzoq vaqt ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishi stress, xavotir va uyqusizlikni kuchaytirishini bildirgan.

Ayniqsa, boshqalar bilan o‘zini taqqoslash tushkunlikka olib keladi. Inson internetda faqat boshqalarning “eng yaxshi” holatini ko‘radi va o‘z hayotidan norozi bo‘lib qoladi. Bu esa qalb xotirjamligini yo‘qotadi.

Bundan tashqari:

— Behuda videolar vaqtni o‘g‘irlaydi;

— Harom va behayo kontent qalbni buzadi;

— G‘iybat va haqorat odatiy holga aylanadi;

— Inson real hayotdan uzoqlashadi. Qur’ondagi ko‘rsatmalar:

“Ogoh bo‘lingizkim, Allohni zikr qilish bilan qalblar orom olur.”

— Ra’d surasi, 28-oyat. Bu oyat inson qalbining haqiqiy taskini telefon yoki internetda emas, balki Alloh bilan bog‘lanishda ekanini bildiradi. Yana boshqa oyatda:

“Isrof qilmangiz. Albatta, Alloh isrof qiluvchilarni sevmaydi.”

— A’rof surasi, 31-oyat

Vaqtni foydasiz narsalarga sarflash ham bir turdagi isrofdir.

“Odamlarning ko‘pi qadriga yetmaydigan ikki ne’mat bor: sog‘lik va bo‘sh vaqt.”

— Muhammad sollallohu alayhi vasallam

Bugungi kunda yoshlarning eng katta yo‘qotayotgan narsasi ham aynan vaqtdir. “Kishining Islomining go‘zalligidan — o‘ziga foydasi bo‘lmagan narsani tark etishidir.”

— Muhammad sollallohu alayhi vasallam. Bu hadislar foydasiz videolar, behuda tortishuvlar va keraksiz internet mashg‘ulotlarini tark etishga undaydi.

Ulamolar fikri:

“Qalbdagi parishonlikni faqat Allohga yuzlanishgina jamlaydi.”

— Ibn Qayyum

Demak, qalbning haqiqiy davosi — zikr, ibodat va ma’naviy poklikdir. “Vaqt — bu hayotning o‘zidir.”— Imom Gʼazzoliy

Telefon ortida soatlab behuda o‘tirish aslida umrni bekorga sarflashdir.

Yechimlar :

1. Vaqtni tartibli ishlatish.

Kunlik telefon va internet vaqtini cheklash kerak. Har bir musulmon o‘z vaqtiga mas’uldir.

2. Namoz va zikrni ko‘paytirish.

Namoz qalbni tinchlantiradi va insonni ruhiy bosimdan saqlaydi.

3. Foydali ilm bilan shug‘ullanish.

Internetni ilm, til o‘rganish va foydali ma’lumot uchun ishlatish kerak.

4. Solih suhbat.

Yaxshi do‘st va yaxshi muhit inson ruhiyatini sog‘lom qiladi.

5. Harom kontentdan saqlanish.

Ko‘z va qalbni gunohdan asrash har bir musulmonning vazifasidir.

Xulosa shuki, ijtimoiy tarmoqlar o‘zi yomon emas, ammo noto‘g‘ri foydalanish yoshlarning ruhiyati va axloqiga katta zarar yetkazmoqda. Islom esa inson qalbi, vaqti va axloqini himoya qiladigan mukammal yo‘lni ko‘rsatadi. Agar yoshlar internetdan me’yor bilan foydalanib, qalbini zikr va ibodat bilan oziqlantirsa, ruhiy osoyishtalik va haqiqiy baxtga erishadi.

Ta’lim muassasasi 2-kurs

91-guruh talabasi Ismoilov

Abdurahim tayyorladi

 

 

 

 

 

 

 

  • Xizbu tahrir …
  • Эй одамлар_08.07.2023 …
  • Soxta salafiylik …
Load More In MАЪНАВИЯТ РУКНИ