MАЪНАВИЯТ РУКНИ Maqtalgan axloqlar 6 июня, 2026 0 78 Islom dini insonni faqat ibodat bilan emas, balki go‘zal xulq va odob bilan ham kamolotga yetishga chorlaydi. Qur’oni karim va hadisi shariflarda insonning ziynati uning mol-dunyosi emas, balki husni xulqi ekani ko‘p bora ta’kidlangan. Chunki yaxshi axloq jamiyatga nur, qalblarga muhabbat va insonlar orasiga totuvlik olib kiradi. Shuning uchun ham payg‘ambarlar insoniyatni avvalo go‘zal odob va pok axloqqa da’vat qilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz uchun yaqqol namuna bo‘ladilar. Bunga: “Darhaqiqat, sizlar uchun Rosululloh sollallohu alayhi vasallamda go‘zal namuna bordir” mazmunidagi oyatni dalil qilib olishimiz mumkin. Bu oyat musulmon kishining hayotida axloq naqadar buyuk o‘rin tutishini ko‘rsatadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: “Mo‘minlarning iymon jihatidan eng mukammali — xulqi eng go‘zal bo‘lganidir”, deganlar. Demak, komil iymon go‘zal xulq bilan bezanadi. Ulamolar va solih zotlar ham odob-axloqni eng ulug‘ fazilat deb bilganlar. Abu Hasan Xuroqoniy rohimahulloh: “Kim biror mo‘minga ozor bermay bir kun-u bir kecha yashasa, go‘yo o‘sha kunni Rosululloh bilan birga o‘tkazgandek bo‘ladi”, deganlar. Yana solihlar aytadilarki, yomonlikka yaxshilik bilan javob berish oliyjanob insonlarning sifati hisoblanadi. Chunki g‘azab va qo‘pollik nafratni ko‘paytiradi, muloyimlik esa qalblarni yaqinlashtiradi. Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hazratlarining kitobida juda go‘zal tashbeh keltiriladi: “Atirgul uni uzayotgan qo‘lni ham xushbo‘y etadi.” Bu naqadar chuqur ma’noli hikmatdir. Ya’ni haqiqiy yaxshi inson o‘ziga yomonlik qilgan kishiga ham yaxshilik bilan muomala qiladi. Inson yomonlikni davom ettirmasligi, balki uni yaxshilik bilan to‘xtatishi kerak. Yaxshi insonning odobi ham atrofdagilarga faqat yaxshilik ulashadi. Go‘zal axloq — mo‘min kishining eng buyuk bezagidir. Ilm, ibodat va amal husni xulq bilan yanada mukammal bo‘ladi. Inson odamlar bilan muloyim, kechirimli va mehribon bo‘lsa, nafaqat odamlarning muhabbatiga, balki Allohning roziligiga ham erishadi. Shunday ekan, har bir musulmon Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘zal odoblarini o‘ziga ibrat qilib, hayotini husni xulq bilan bezashi lozim. 2-kurs 91-guruh talabasi Sodiqov Dostonbek tayyorladi