XOTIRA – MUQADDAS

0
431

Yurtimizda hozirgi tinch-osoyishta hayotimiz yo’lida ulkan jasorat ko’rsatgan, o’zining shirin jonini fido qilib, ona Vatan uchun kurashga bel bog’lab, uning istiqboli uchun borini bergan yurtdoshlarimizga alohida e’tibor va g’amxo’rlik ko’rsatish an’anaga aylangan.

Bu ulug’ ayyomda hammamiz, eng avvalo, Vatan ozodligi yo’lida jangga kirgan, urush maydonlaridan qaytmagan ming-minglab yurtdoshlarimizning o’chmas xotirasini yod etib, ularning bu jonkuyarliklari oldida ulkan hurmat bajo keltiramiz!

Ayni vaqtda jang maydonlarida mardlik va jasorat ko‘rsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilib, bugun oramizda sog‘-salomat bo‘lib yurgan muhtaram faxriylarimizga ta’zim qilamiz. Hozirgi tinch-osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimizning sababchisi bo’lganliklari uchun ularga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.

Hech shubhasiz, bu dahshatli urush, butun insoniyat qatori, bizning xalqimizga ham mislsiz kulfat va yo‘qotishlar olib keldi. Qariyib 6 yil davom etgan qonli urush, insoniyat boshiga juda ko’p kulfatlar soldi. Urish yillari bir yarim million yurtdoshlarimiz shiddatli janglarda ishtirok etdilar.

450 mingdan ziyod mard yigitlar tinchlik, osuda hayot uchun bo’lgan qonli janglarda halok bo’ldilar.

Xalqimiz front ortida fidokorona mehnat qilib, urush maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi. O‘ta og‘ir va mashaqqatli yillarda xalqimizning insonparvarlik va bag‘rikenglik fazilatlari yaqqol namoyon bo‘ldi. El-yurtimiz mamlakatning urush bo‘layotgan g‘arbiy hududlaridan evakuatsiya qilingan turli millatga mansub 1 millionga yaqin bolalar, ayollar va keksalarga boshpana berib, bir burda nonini ular bilan baham ko‘rdi.

O‘zbekistonga ko‘chirib keltirilgan zavodlarda keksalar, ayollar, o‘smir bolalar tun-u kun mashaqqatli mehnat qilgani – bu haqiqiy fidoiylik, qahramonlik namunasi, desak, aslo mubolag’a bo‘lmaydi. Bunday misollar buyuk g’alaba biz uchun naqadar qimmatga tushgani, xalqimiz dunyoni fashizm balosidan xalos etishga qanday katta hissa qo‘shganini yaqqol namoyon etadi.

Tarixning beshafqat va suronli sinovlarini mardonavor yengib kelgan o’zbek xalqi urush yillarida yetim qolgan 200 mingdan ortiq bolalarni o’z tarbiyasiga oldi. Frontdan omon qaytgan, front orqasida o’z mehnatlari ilan g’alabaga hissa qo’shgan yurtdoshlarimiz, urush faxriylari bu kun e’zozda. Ikkinchi jahon urushida jasorat ko’rsatgan, olovli maydonlarda o’z yurtining tinchligi va ozodligi, oilasi, farzandlarining xotirjamligi uchun kurashgan insonlar mudom xalqimiz ardog’ida, beayov janglarda jon fido qilgan bobolarimiz xotirasi esa qalblarimizda abadiy yashaydi.

 

Husayn Yodgorov

“Sayyid Muhyiddin maxdum”

o`rta maxsus islom bilim yurti

1-bosqich 77-guruh talabasi

Load More In MAQOLALAR