BIR KECHADA MING OY MUJASSAM

0
293

Ramazon oyining bizga sevimli bo’lishi sabablaridan biri, shubhasiz, unda ming oydan yaxshiroq bo’lgan qadr kechasi borligidir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim qadr kechasini iymon bilan, savob umidida qoim qilsa, o’tgan gunohlari mag’firat etiladi” (Muttafaqun alayh). Ushbu hadisda aytilganidek, bir kechani ibodatda o’tkazishlik uchun shunchalik ko’p savob va’da qilinyapti. Yaratgan Robbimiz Qur’oni karimda: “Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir”, — deb bu kechani naqadar ulkan fazilatlarga ega ekanini bandalariga bildirmoqda. Bu qadar fazilatga ega kechani qaysi kecha ekanini bilish hammamiz uchun ham ahamiyatlidir. Shariatimiz osmonining yulduzlari deya ta’riflanadigan sahobai kirom roziyallohu anhum bu masalada ham ilg’or bo’lganlar. Sahobalar Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan qadr kechasini aniqlab berishlarini so’raganlaridan keyin dastlab oyning uchinchi o’n kunligida, keyinroq toq kechalaridan izlash kerakligi haqida ko’rsatma berganlar. Oxiri u kechaning alomatlarini aytganlaridan so’ng 27-kecha ekani ma’lum bo’lgan.

Imom Bag’aviy rohmatullohi alayh ushbu kecha xususida shunday deganlar: “Alloh taolo juma kungi ijobat onlarini, go’zal ismlari orasidagi “Ismi A’zam”ni va boshqalarni yashirgani kabi ibodatga zo’r g’ayrat qilmoqliklari uchun qadr kechasini ham o’z bandalaridan maxfiy tutgan, deganlar. Shuningdek, uning Ramazonning 27-kechasiga to’g’ri kelish ehtimoli kattaroq ekaniga ishora qiluvchi rivoyatlar juda ko’p. Jumladan, ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimda-kim uni izlamoqchi bo’lsa, 27-kechadan izlasin”, — deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Shu narsa aniqki, ushbu kecha har qanday savobga tashna bo’lgan ro’zador musulmon o’zi uchun kashf etishi mumkin bo’lgan sirli va qimmatbaho gavhardir.

  

Nuriddin Xamraqulov

Bilim yurti 2-bosqich 74-guruh talabasi

Load More In MAQOLALAR