MAQOLALAR ASRLARNI ZABT ETGAN ASAR 25 мая, 2020 0 606 Har bir tilning o’ziga xos jozibasi va tarannumi bor. Har bir til vakillari o’zlarining tillarini bor jozibasi hamda balog’at qoidalari, so’z ifodalari, o’yinlaridan foydalanib, she’rlar, nazmiy va nasriy asarlar bitganlar. Ammo arab tilining o’ziga xos shunday bir jozibasi va lug’at boyligi borki, bir olim aytganidek: “Arab tilida qushning qanotidagi har bir patning alohida nomlari bor”, mana bu so’zning o’zi arab tili naqadar boy va ajib til ekanligini ko’rsatadi. Alloh azza va jalla o’zining dinini mukammal qilib nozil qilar ekan, unga til o’laroq arab tilini tanladi. Dinining payg’ambari o’laroq arab bo’lgan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamni tanladi. O’zining kalomi sharifi bo’lmish Qur’oni karimni nozil qilar ekan, uning tili o’laroq arab tilini tanladi. Chunki mukammal din va Alloh taoloning kalomini ma’nolarining kengligi va chuqurligi hamda go’zallik va tarovatini arab tilidan o’zga til ifodalay olmas edi. Arab tili “Nahv” fani, ya’ni grammatikasining shakllanishi Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyingi zamonlarga to’g’ri keldi. Sababi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida sahobiylar arab tilini tug’ma iste’dod o’laroq juda ham mukammal bilar edilar. Ularning grammatikani o’rganishlariga hojat yo’q edi. Umar roziyallohu anhuning davrlariga kelib Islom sarhadlari kengayib, dini mubin, Qur’oni karim, Hadisi shariflar arab tilida so’zlashmaydigan xalqlarga yetib borganidan so’ng arab tili grammatikasini qog’ozga bitishga ehtiyoj vujudga keldi. Chunki ular Qur’oni karim va Hadisi shariflarni tushunish uchun avvalo arab tilini o’rganishlari lozim edi. Arab tilini esa boshqa ba’zi tillardan farqli o’laroq grammatikasi bo’yicha bitilgan qo’llanmasiz o’rganib bo’lmaydi. Shu sababli ulamolar arab tili grammatikasiga quyidagicha ta’riflar berdilar: “Nahv (grammatika) ovqatdagi tuz kabidir” haqiqatdan ham, ovqatda tuz bo’lmasa, ovqat bemaza bo’ladi. Shuningdek, agar tilni grammatikasini o’rganmasdan, eshitish orqali o’rganib olinsa, uning barcha go’zallik va latofatlaridan bebahra qolib ketiladi. Asma’iy rohimahulloh ham nahv borasida o’z fikrlarini quyidagicha bildirganlar: “Tolibi ilmning nahv (grammatika)ni yaxshi o’zlashtirmaganligi va natijada Rasululloh alayhissolatu vassalomning “Kim men haqimda qasddan yolg’on to’qisa joyini do’zaxdan tayyorlayversin” degan so’zlari jumlasiga kirib qolishi mening eng qo’rqqan narsam”, deb aytganlar. Asma’iy rohimahullohning bu so’zlaridan nahv fanining qadri yuqori ekanligini yana bir karra bilib olishimiz mumkin. Cheksiz ummon bo’lgan arab tili ulamolarining safi kengdir. Ana o’shalarning samosida to’lin oy kabi bo’lgan yorqin namoyondalaridan biri Mulla Abdurahmon Jomiy hazratlaridir. Hazratning to’liq ismi Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad Jomiy bo’lib, milodiy 1414-yilda Jom shahrida tavallud topganlar va yoshi kichikligida otasi bilan Hirot shahriga ko’chib o’tgan. U kishi shu yerda Jomiy nomi bilan tanildi. Diniy va dunyoviy ilmlarni olishni Hirot shahrida boshladi. Dastlab Hirotdagi Nizomiya madrasasida ta’lim oldi. U yerda tilshunoslik yo’nalishida, xususan, nahv ilmida shuhratlari oshdi. Nahv ilmi bo’yicha u yerda Samarqandiy va Shihobiddin Hajiriylardan tahsil oldi. So’ng ilmini oshirish maqsadida zamonasing mashhur ilm markazlaridan hisoblangan Samarqand shahriga bordilar. Samarqandda Qozizoda Rumiy rohimahulloh bilan uchrashdi. Mulla Abdurahmon Jomiy haqida Qozizoda Rumiy hazratlarining aytgan tasanno va maqtovlari u zotning shuhratini Mashriqqa yoydi. So’ng yana Hirot shahriga qaytib, Temuriylar saltanatining so’nggi sultoni Abulg’ozi Husayn Mirzo bilan yaqin bo’ldi. Hazratning shuhratlari tobora yoyilib, hatto Usmoniy sultonlargacha yetib bordi. Hazrat Jomiy haj safariga chiqqanlarida Muhammad Fotih Sulton elchi yuborib, hazratni Istanbul shahriga qaytishlarini taklif qildi. Lekin hazrat bu taklifni rad etdilar va Hirot shahriga qaytdilar. Mulla Abdurahmon Jomiy umrlarining oxirigacha Hirot shahrida istiqomat qildilar va milodiy 1492-yilda 78 yoshlarida vafot qildilar[1]. Abdurahmon Jomiy hazratlari omma e’tiborini qozongan, jamiyat, ilm-fan, mantiq, shoirona so’zlash mahorati bilan boobro’ inson bo’lganlar. Bularning barchasi buyuk Jomiy nomini asrlarga muhrlab qo’ygan. U zotning ilm-fan va she’riyatdagi mahorati qarshisida nafaqat Sharqning ma’rifatparvar donolari, balki sharqiy davlatlarning mag’rur hukmdorlari ham bosh egishgan. Hazrat Abdurahmon Jomiydan bizgacha yetib kelgan asarlarning mashhurlari quyidagilar: ,, Layli va Majnun” ,, Favoid az-ziyoiyya” ,, Xiradnomayi Iskandariy” ,, Tuhfatu al-ahror” ,, Subhatu al-abror” ,, Yusuf va Zulayho” (Bu qissa Qur’oni Karimdagi Yusuf alayhissalom bilan sodir bo’lgan qissalardan adab va she’riy yo’nalishda iqtibos qilingan) ,, Shavohid an-nubuvva” ,, Al-lavoih” ,, Bahoriston” (Bu asar maqsadi ta’limiy va mazmuni tasavvufga bog’liq bo’lgan qissalarni o’z ichiga oladi)[2]. Mulla Abdurahmon Jomiy rohimahullohni valiylik darajasiga yetgani ulamolar va ahli tasavvuf bo’lgan zotlar orasida ma’lum va mashhurdir. Shuning uchun ham u zotning asarlarida ilohiy fayz-u barakani qalbga olib kiruvchi kuch bor. Hazrat Abdurahmon Jomiy Alisher Navoiy bobomizning ham ma’nan, ham ilm nuqtai nazaridan ustozlari bo’lganlar. Abdurahmon Jomiyning ko’magi va maslahatlari bilan yozilgan Navoiy asarlarining soni yuzdan ziyoddir. Hazrat Alisher Navoiy fozillik maqomiga yetganligi barcha insonlar orasida ma’lum va mashhurdir. Shundan u zotning ustozlarini fazilatdagi darajalarini bilib olishimiz mushkul emasdir. Hazrat Mulla Jomiyning nahv ilmida insoniyatga yetkazib bergan ilmi beqiyosdir. Hazrat Abdurahmon Jomiyning nahv faniga qo’shgan eng katta hissasi bu “Favoid az-Ziyoiyya” asaridir. Bu asar ulamolar orasida “Sharhi Mulla Jomiy” nomi bilan mashhurdir. O’z nomi bilan bu asar nahv ilmida betakror bo’lgan Ibni Hojib rohimahullohning “Kofiya” asariga yozilgan eng mashhur, eng mo’tabar va mukammal sharhlardan hisoblanadi. “Sharhi Mulla Jomiy” asari mashhurligining asosiy sabablaridan biri Ibni Hojib rohimahullohning “Kofiya” asariga sharh o’laroq bitilganligidir. Nega bunday? “Kofiya” asarining nahv ilmidagi ahamiyat qanday? Bu savollarga o’zini tolibi ilmman, din ilmlarini o’rganyapman, deb tanishtirgan har qaysi insondan so’rasangiz, qoniqarli javob olishingiz tayindir. Sababi ulamolar o’rtasidagi “Kofiya” asarining qadri va fazli beqiyosdir. “Sharhi Mulla Jomiy” asari nahv ilmida yozilgan eng tengsiz sharh bo’lsa, Ibni Hojib rohimahullohning “Kofiya” asari bu yo’nalishda yozilgan eng yetuk, mo’jaz va muxtasar matndir. Bu mashhur asar muallifi haqida so’z yuritadigan bo’lsak, Ibni Hojib rohimahulloh zotlarining to’liq ismi shariflari Shayx Imom Usmon ibn Umar ibn Abu Bakr ibn Yunus abu Amr ibn Hojib Kurdiydir[3]. Ibni Hojib rohimahulloh milodiy 1174 yoki 1175-yillarda Misrda tavallud topganlar. Hazrat ilm tahsilini yoshlik chog’idan boshlagan va kichik yoshdaligidayoq Qur’oni Karimni to’liq yod olgan. Hazrat Ibni Hojib rohimahullohning ustozlari juda ko’p bo’lgan. Ular har bir sohada zamonasining eng mashhur ustozlaridan tahsil olganlar : Imom ash-Shotibiy (Hazrat bu ustozidan odob va qiroat ilmini o’rgangan) Abu Qosim Hibatulloh ibn Aliy ibn Mas’ud Busiriy (Ibn Hojib rohimahulloh bu ustozlaridan “Hadis” ilmini o’rganganlar va hadis olganlar) Abu Fazl Muhammad ibn Yusuf ibn Aliy G’aznaviy Hanafiy (Hazrat bu ustozlaridan ko’plab qiroat uslublarini o’rgangan). Hofiz Bahouddin abu Muhammad Qosim ibn Asokir (Hazrat bu ustozlaridan Damashq shahrida hadis o’rgangan. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Homid Artahiy (Bu ustozlaridan ham hadis ilmini o’rgangan) Alloh taolo Ibni Hojib rohimahullohga barakali ilmlarni rizq qilib bergan. U zotdan qolgan asarlar mag’rib-u mashriqqa yoyilgan. Shuningdek, asarlarining o’zi ham bir necha turlarga oid. Ibni Hojib rohimahullohning mashhur asarlari quyidagicha: “Al-Iyzoh” asari. Bu kitob Mahmud Zamaxshariyning “Mufassal” nomli asarining sharhi hisoblanadi. “Muxtasari Ibni Hojib” nomi bilan mashhur bo’lgan “Al-Jomi’ baynal amhot fi al-fiqhi al-Molikiy” asari. Bu asar G’arb va Sharq mamlakatlarida keng yoyilib Molikiy mazhabiga suyanchiq bo’lgan asar darajasiga yetgan. “Kofiya zavi al-arab fi ma’rifati kalami al-Arob” asari bo’lib, “Kofiya”, “Al-kofiya al-Hojibiyya” nomlari bilan mashhurdir. Shuningdek, Ibni Hojib rohimahulloh o’zining bu asariga sharh va nazmlar yozgan. Bu nazmi asarini “Al-Vofiya fi nazmi al-kofiya” deb nomlagan. “Kofiya” asariga yozgan sharhini esa “Al-Vofiya nazmi al-kofiya” deb nomlagan. Shunda “Kofiya” asaridan kelib chiquvchi to’rt mo’tabar asar tashkil topgan. “Muxtasar muntaha as-suli va al-amal”. Bu asar usul kitoblari ichida eng mashhurlaridandir. “Shofiya”[4] asari sarf ilmida yozilgan mo’jaz asar bo’lib, bu asarning ham shuhrati keng yoyilgandir. Ibni Hojib rohimahulloh milodiy 1249-yili Iskandariyya shahrida vafot etdilar va Shayx Solih ibn abu Shoma rohimahullohning maqbarasi yaqiniga dafn etildilar. (DAVOMI BOR…) Foziljonov Nurullo, “Sayyid Muhyiddin maxdum” o`rta maxsus islim bilim yurti 3-bosqich 72-guruh talabasi [1] www.wikipediya.org veb sayti. Mulla Abdurrahmon Jomiy sahifasi. [2] www.alukah.net veb sayti. Kutub Mulla Abdurrahmon Jomiy sahifasi. 1 https://www.alukah.net/culture/0/95479/#ixzz6JQ7bKibf veb sahifasi. 1 https://www.alukah.net/culture/0/95479/#ixzz6JQ7bKibf veb sahifasidan.