QIMMATBAHO TUYG’U

0
377

“Kunlarning birida mol-dunyo, ilm va hurmat uchrashib qolishdi va ular o’rtasida quyidagi suhbat bo’lib o’tdi:

Mol-dunyo aytdi: “Mening insonlarga ta’sirim juda kuchli, go’zalligim ularning katta-yu kichigini o’ziga rom qiladi. Men bilan inqirozlar barham topadi. Agar men yo’q bo’lsam, insonlar uchun baxtsizlik va qiyinchiliklar boshlanadi!”

Ilm aytdi: “Men aqllilar bilan muomala qilaman, ishlarni dirham va dinor bilan emas, hikmat, mantiq va aniq qonunlar asosida olib boraman! Men to’xtovsiz insoniyatning dushmanlari bo’lgan jaholat, faqirlik va kasalliklarga qarshi kurashaman”.

Hurmat aytdi: “O’zim haqimda to’xtaladigan bo’lsam, narxim juda qimmat, men hech qayerda sotilmayman va sotib olinmayman ham, kimki meni avaylasa, men uni sharaflayman, kimki menga beparvolik qilsa, men uni xor qilaman va sindiraman”.

Suhbat yakunlanib ketadigan paytlarida bir-birlaridan so’rashdi: “Endi qanday uchrashamiz?”

Shunda mol-dunyo aytdi: “Ey, birodarlarim, agar ziyorat qilishni istasanglar, meni ulkan qasrlardan qidiringlar!”

Ilm aytdi: “Menga keladigan bo’lsak, meni hukamolarning majlislaridan qidiringlar!”

Shu payt hurmat jim turib qoldi, ikki yo’ldoshi undan so’radi: “Nega jimsan?”

Shu payt u aytdiki: “Agar men ketadigan bo’lsam ASLO QAYTMAYMAN”.

Darhaqiqat, ketgan hurmatning qaytib kelishi juda mushkul ish. Biz qay holatda va qay o’rinda bo’lmaylik, avvalo, Alloh taolo oldidagi, shu bilan birga U Zotning bandalari oldidagi hurmatimizni saqlashga urinishimiz lozim, aks holda inson hayotidagi eng qimmatbaho tuyg’ulardan birini yo’qotib qo’yishi hech gap emas.

 

«Menga hayot o’rgatgan qissalar» asaridan

“Sayyid Muhyiddin maxdum”
o`rta maxsus islim bilim yurti

1-bosqich 78-guruh talabasi

Nurulloh Rahimberdiyev tarjimasi

Load More In MAQOLALAR