Nuroniylar suhbati, ma’rifat bo’stonidir

0
199

Yoshi ulug’ otaxon va onaxonlarni e’zozlash, ularni hurmatini o’rniga qo’yish, nasihat qilsalar gaplarini malol olmasdan qabul qilish, hatto, bir ish boshlashdan avval ulardan maslahat olib, duolari bilan ishga kirishish bizning uzoq asrlik urf-odatimizga aylangan. Аnas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyilgan: “Bir katta yoshdagi qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni yoʼqlab keldi, qavm unga yoʼl ochishda kechikib qoldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kichiklarimizga rahm qilmagan va qariyalarimizni ulugʼlamagan bizdan emasdir” — dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, yoshi ulugʼlarga hurmat koʼrsatishni, ularni qadrlashni Paygʼambarimiz (s.a.v.) amr qilmoqdalar.

      Ularning suhbati ruh ozig’i bo’lib, har bir gaplari hikmatlarga hamohang, qalblarga malhamdir. Bobo va momo tarbiyasini olib, nasihatini tinglab ulg’aygan farzad fahm-farosatli inson bo’lishi hayotda o’z isbotini topgan. Misol uchun,  “O’g’lim, idishdagi suvni ochiq qoldirmang”, “Salomni kanda qilmang”, “Olis joyga borar bo’lsangiz, yaxshi hamroh bilan yo’lga chiqing”, “ Qarzni olganda ham, berganda ham yozib qo’ying”, “ Ustozlarni tez-tez ziyorat qilib turing” kabi nasihatlarini ular bilan bo’lgan qisqa muddatli suhbatda eshitamiz, vaholanki, bu kabi ma’nodagi pand-nasihatlarni olishimiz uchun qanchadan-qancha kitoblarni mutolaa qilishimiz  lozim bo’ladi. Shu boisdan ul insonlarni tez-tez yo’qlab turishga odatlanishimiz, biroz bo’lsada qalblariga hursandchilik olib kirishga o’rganishimiz maqsadga muvofiq bo’ladi.

    Xulosa oʼrnida aytadigan boʼlsak, dono xalqimiz inson insonga gʼanimat deydilar. Darhaqiqat biz uchun ota-bobolarimiz, nuroniy keksa ota-onalarimiz bizning borligimiz, boyligimiz, davlatimiz, faxriylarimizning hayoti ham gʼanimatligini anglab yetishimiz darkordir. Qariyalar qadr topgan xonadon va mustaqil diyorda hamisha mehr-oqibat, qut-baraka hamda tinchlik-xotirjamlik boʼladi.

«Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom bilim yurti 3-bosqich 82-guruh talabasi Abduvosil Abdusattorov

Load More In MAQOLALAR