MAQOLALAR Tili olim, dili johil bo‘lmang! 5 марта, 2023 0 691 Ilm kishidagi jaholatni ketkazsagina ilm deb ataladi. Agar ilm tufayli kishidan jaholat belgilari, johillik amallari ketmasa, bu haqiqiy ilm bo’lmaydi. Bunday odamning tiligina olim, qalbi esa hanuz johil bo‘ladi. أَفَرَءَیۡتَ مَنِ ٱتَّخَذَ إِلَـٰهَهُۥ هَوَىٰهُ وَأَضَلَّهُ ٱللَّهُ عَلَىٰ عِلۡمࣲ «(Ey Muhammad!) Havoi nafsini o‘ziga «iloh» qilib olganlarni, Alloh bilgan holida adashtirib qo’ygan kimsalarni ko’rdingizmi?» (Josiya surasi, 23-oyat). Ha, afsuski, ba’zan ilm bo‘la turib ham, inson gumroh bo‘lishi mumkin ekan. Bu xuddi tamakining zararini bilsa ham, chekaveradigan kashandalarning ahvoliga o’xshaydi. Bundaylar hatto odamlarga chekishning zarari haqida gapirib ham beradi, yoshlarni chekishdan qaytaradi ham. Tamaki ishlab chiqaradigan kompaniyaning o’zi o’sha sigaretning qutisiga «Chekish sog’lik uchun zarardir!» deb yozib qo’yadi. Xuddi shu kabi, ba’zilarda ilm bo‘ladi, lekin havoi nafsi buyurgan narsa bilan ilm taqozosi zid kelib qolsa, xuddi ilmni bilmagandek, havoi nafsiga ergashib ketaveradi. Mana shuni ilmli bo‘la turib, johil bo‘lish deyiladi. Shuning uchun ilmni amal arqoni bilan mustahkam bog‘lab qo‘yish kerak. Shuni ham bilish kerakki, ilm va amal Alloh taoloni rozi qilish uchungina qilinishi, sunnatga muvofiq bo‘lishi kerak. Misol uchun, bir kishi xat yozsa, lekin pochta xizmati konvertga muhr bosmasa, uning xati hech qayerga bormaydi. Xuddi shunga o‘xshab, muhr bosilmagan xat hech qayerga bormagani kabi, Alloh taolo uchun bo‘lmagan, sunnat muhri bosilmagan amal ham Alloh taoloning rozilik dargohiga yetib bora olmaydi. Ilm ham, amal ham faqatgina Alloh taoloning roziligi uchun bo‘lishi kerak «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 3-kurs 82-guruh talabasi Muhammad Zakiy Abdurahmonov