MAQOLALAR Sunnat va hadis orasidagi farq 12 мая, 2023 0 1,232 Sunnat va hadis orasidagi farq. Sunnat va hadis orasidagi farqni o’rganishdan avval,,sunnat» va ,,hadis» o’zi nima ekanini bilib olish kerak. Avvallo, Sunnat va Hadis bir-birining o’rnida ishlatilib kelgan istilohdir. Ularga yana ham diqqat qilsak, Hadis xosroq, Sunnat umutmiyroq ekani ko’rinadi. «Hadis» arab tilida «gap-so’z» ma’nosini anglatadi. Demak, hadis deganda Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning aytgan gap-so’zlari ko’zda tutiladi va tushuniladi.Hadis ilmi bilan shug’ullanuvchi olimni muhaddis deymiz. Muhaddislar: asosan, hadisni Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamdan qaysi yo’llar bilan, kimlar orqali rivoyat qilinib, o’zlari gacha yetib kelganini aniqlaydigan olimlardir. Ular bu ulkan mas’uliyatli ishni amalga oshirishda juda ham aniq va ishonchli yo’llarni tanlashgan. Mazkur uslub va ilmiy yo’llar insoniyat tarixida umuminsoniy (gumanitar) ilmlarga asos bo’lgan. «Sunnat» so’zi esa, arab tilida «tariqat ma’naviy yo’l» ma’nosini anglatadi. Falonchining sunnati degani uning hayotiy yo’li, deganidir. Shundan kelib chiqib, Payg’ambar sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari, deganda tariqatlari, yo’llarini tushunamiz. Sunnat muhaddislar istilohida, quyidagicha ta’rif qilinadi: ,,Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamdan asar bo’lib qolgan gap, ish, taqrir, xalqiy (tana tuzilishi), axloqiy sifatlar va tarjimai holga tegishli ma’lumotlar Sunnat» deyiladi». Ushbu ta’rif Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan asar bo’lib qolgan va ishonchli manbalar orqali rivoyat qilingan bir necha xil narsani o’z ichiga olmoqda va o’sha narsalar- ning to’plami ,,Sunnat», deb nomla- nishini anglatmoqda. Ana endi sunnat va hadisga misol keltiraylik. Sunnatga misol: [عن عائشة أم المؤمنين:] أنّ النَّبيَّ ﷺ كان لا يرقُدُ ليلًا ولا نهارًا فيستيقظُ إلّا استاك قبْلَ أنْ يتوضَّأَ. Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tunda yoki kunduzi uxlab tursalar tohoratdan oldin misvok qilar edilar Misvok Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aslo tark etmagan sunnatlari. Hadisga misol: عَنْ تَمِيمِ الدَّارِيِّ اللهِ عَنِ النَّبِيِّ قَالَ: الدِّينُ النَّصِيحَةُ. Tamiym ad-Doriydan rivoyat qilinadi: «Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: «Din nasihatdir», dedilar». Beshovlari rivoyat qilgan Sunnat va hadis orasidagi farq yanada ochib berish uchun yana bitta misol keltiraylik Suyukli Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hayotlarida bir bor tik turib peshob qilganlar. Bu hadisdir, ammo sunnat emas. Rasuli akram hamisha oʻtirib peshob qilar edilar va shu sunnatdir. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam nega tik turib peshob qildilar? Bu ish masalani oydinlashtirish uchun edi. Goho insonga shunday majburlik duch keladiki, bemorlik sababidan oʻtira olmaydi. Bu holda ham hukm shudir. Yo‘qsa, sharoit mavjud boʻlib turganda, hayvonlar kabi tik turib peshob qilish sunnatga xilofdir. Bu bizdan boshqalarning yo‘lidir. Hazrat Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar مَنْ حَدَّثَكُمْ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يَبُولُ قَائِمًا فَلَا تُصَدِّقُوهُ، مَا كَانَ يَسُولُ إِلَّا قَاعِدًا Ya‘ni: «Kimki sizlarga, Nabiy sollallohu alayhi va sallam tik turib peshob qilganlar desa, aslo uni tasdiq qilmanglar. U kishi(ni odati shariflari) faqat oʻtirib bavl qilar edilar»(«Sunani Termiziy», 12-hadis). Shayxul hadis Said Ahmad Bolonpuriy aytadi: «Nyu-Yorkning bir masjidida bir bemazhab Hadisdan taʼlim berayotgan edi, u tik turib peshob qilish haqidagi hadisni rivoyat qilib: «Tik turib peshob qilish sunnatdir, bu hadisdan ochiq-oydin ko’rinib turibdi», dedi. Shunda jamoatdan bir odam: «Taqsir, bu sunnat faqat erkaklargami yoki ayollarga hammi?» deb so’radi U «bilag‘on» karaxt bo‘lib qoldi».Shu o‘rinda sunnat bilan hadisning farqi maʼlum bo‘ladi. Demak, har bir hadis ham sunnat boʻla olmas ekan. «Men ahli hadisman» deb, hadisning sababi, sharhi va hikmatiga diqqat qilmasdan, odamlarni gumrohlikka solib qoʻyish mumkin ekan. Alloh asrasin! «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom bilimyurti 4-kurs 77-guruh talabasi Muxtorov Mardonbek manbalar asosida tayyorladi.