Qurʼon Karimning jamlanishi

0
1,370

Ma’lumki, Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘qish-yozishni o‘rganmaganlar. SHuning uchun ham Qur’on oyatlarini farishtadan eshitib yodlab olar edilar. So‘ngra s-k.larga o‘zlariga qandoq nozil bo‘lgan bo‘lsa o‘shandoq qilib o‘qib berar edilar. Ular o‘sha oyati karimalarni darhol yodlab olar edi. SHundoq qilib o‘sha paytda Qur’oni Karimni naql qilish asosan yodlash orqali bo‘lar edi.

SHu bilan birga Qur’oni Karim nozil bo‘lgan birinchi vaqtlardan boshlab uni yozib borish ham yo‘lga qo‘yilgan edi.

O‘sha vaqtda o‘qish-yozishni biladigan odamlar juda ham kam bo‘lib, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam huzurida yozishni biladigan odamlar, shu jumladan Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Zayd ibn Sobit, Ubay ibn Ka’b, Abon ibn Sa’id, Xolid ibn Valid, Sobit ibn Qays, Muoviya ibn Abu Sufyon kabi kishilar o‘zlariga muyassar bo‘lgan xurmoning po‘stlog‘imi, yapaloq toshlarmi, katta suyaklarmi, terimi, qog‘ozmi va shunga o‘xshash narsalarga Qur’onni yozib borganlar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularga yangi tushgan oyat qaysi suradan ekanini va qaerda turishi lozimligini ko‘rsatib berganlar.

SHunday qilib yigirma uch yil davomida Qur’on farishta orqali tushib ham bo‘lgan. Payg‘ambarimiz va sahobalar yodlab ham bo‘lishgan hamda yozishni biladiganlar yozib ham bo‘lishgan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida, yana vahiy tushib qolar, degan umidda Qur’on jamlab kitob shakliga keltirilmagan. U zot alayhissalom o‘zlariga oxirgi oyat nozil bo‘lganidan sakson bir kun o‘tib bu foniy dunyoni tark etdilar.

U kishining vafotlaridan keyin Qur’on kishilarning qalbida va yozgan narsalarida qoldi.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan so‘ng musulmonlarga Abu Bakr roziyallohu anhu boshliq etib saylandilar. U kishining davrida dindan qaytganlar bilan musulmonlar orasida qattiq janglar bo‘ldi.

SHu janglarda Qur’onni to‘liq yod olgan ko‘plab qorilar shahid bo‘ldilar. SHunda hazrati Umar Abu Bakrga (Alloh u zotlardan rozi bo‘lsin) qorilar o‘lib ketaversa, Qur’onga zarar etishi mumkin, shuning uchun uni kitob shakliga keltirib jamlab qo‘yish kerak, degan maslahatni berdi.

Avval boshda hazrati Abu Bakr ikkilanib turdilar, chunki bu ish Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida qilinmagan edi. Keyinroq esa Abu Bakr roziyallohu anhu ham Qur’onni kitob shakliga keltirib qo‘yish zarur ekanligini anglab etdilar va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuni chaqirib, bu ishni amalga oshirishni unga topshirdi. CHunki, Zayd ibn Sobit Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan juda ko‘p birga bo‘lgan, Qur’onni eng yaxshi yod olgan va uni Payg‘ambar huzurida yozgan, Payg‘ambarimiz vafot etadigan yillari Jabroil farishtaga Qur’onni avvalidan oxirigacha o‘qib o‘tkazganlarida birga bo‘lgan edi.

Zayd ibn Sobit, Umar ibn Xattob roziyallohu anhumo va boshqalar Qur’oni Karimni puxta yod bilishlariga qaramay, bu ulkan ishning mustahkam, ishonchli bo‘lishiga harakat qilib, masjidda:

«Kimning qo‘lida yozilgan Qur’on bo‘lsa va uni Payg‘ambarimiz huzurlarida yozilganiga ikkita guvohi bo‘lsa, bizga olib kelsin, Qur’onni jam qilishga xalifaning buyrug‘i bo‘ldi», deb e’lon qildilar.

Ikkovlari masjidda o‘tirib, guvohlarni tekshirib, nihoyatda aniqlik bilan bir yildan ortiq vaqtda Qur’onni jamlab berdilar. So‘ng ko‘pchilikka ko‘rsatdilar, hamma rozi bo‘ldi. Agar biror harfi o‘rnida bo‘lmasa, minglab yod biladiganlar qarshi chiqardi.

Lekin asosiy tayanch yodlash bo‘lib qolaveradi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam farishtadan yodlaganlar, u kishidan sahobalar, sahobalardan esa ulardan keyingi avlod va hokazo, hozirgacha etib kelgan.

SHunday qilib, Zayd va Umar mashaqqatli urinishlardan keyin Qur’onni kiyik terisidan ishlangan sahifalarga yozib bo‘ldilar va uni belidan bog‘lab, Abu Bakrning uyiga qo‘yib qo‘ydilar. U kishi olamdan o‘tgandan keyin sahifalar hazrati Umarning uylarida, u kishidan so‘ng esa qizlari va Payg‘ambarimizning xotinlari Hafsa onamiz huzurlarida qoldi.

Keling, Islom ummati tarixidagi eng muhim ishlardan bo‘lgan bu ish haqida Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning o‘zlaridan eshitaylik.Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Ahli YAmoma qatlida Abu Bakr menga odam yubordi. Borsa, Umar ibn Xattob uning oldida ekan. Bas Abu Bakr roziyallohu anhu:

«Umar kelib menga, YAmoma kuni qatl Qur’on qorilari ichida ko‘payib ketdi. Men boshqa joylarda ham qatl qorilar ichida ko‘payib ketishidan qo‘rqaman. Tag‘in Qur’onning ko‘pi ketib qolmasin. Menimcha Qur’onni jamlashga amr qilishing kerak, dedi.

Men Umarga:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilmagan narsani qandoq qilasan?!» dedim.

Umar menga:

«Bu, Allohga qasamki, yaxshidir!» dedi.

U menga qayta-qayta murojat qilaverdi. Oxiri Alloh mening qalbimni o‘sha ishga ochdi. Umar lozim ko‘rgan ishni lozim ko‘rdim.

Zayd aytadi, so‘ng Abu Bakr menga:

«Albatta, sen yosh oqil odamsan. Seni aylaydigan erimiz yo‘q. Vahiyni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yozar eding. Qur’onni izlab topib jamlagin», dedi.

Allohga qasamki, agar tog‘lardan bir tog‘ni elkamga qo‘ysalar ham men uchun Qur’onni jam qilishni amr qilganidan og‘ir bo‘lmas edi. Men unga:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilmagan narsani qandoq qilasizlar?!» dedim.

U menga:

«Bu, Allohga qasamki, yaxshidir!» dedi.

Abu Bakr menga qayta-qayta murojat qilaverdi. Oxiri Alloh mening qalbimni Abu Bakr va Umarning qalbini ochgan ishga ochdi. Qur’onni izlab xurmo po‘stlog‘lari, tosh parchalari va odamlar ko‘ksilaridan jamlay boshladim. Tavba surasining oxirini Abu Xuzayma Ansoriydan topdim. Undan boshqadan topmadim. «Batahqiq, sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan Rasul keldi…(ikki oyat). Sahifalar Abu Bakr vafot qilguncha uning oldida turdi. Keyin Umarning hayotligida uning oldida turdi. So‘ng Hafsa binti Umar roziyallohu anhoning oldida turdi».

SHarh: Albatta, bu rivoyatda Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu bo‘lgan voqe’aning xulosasini qisqa qilib o‘zlarining iboralari ila bayon qilmoqdalar aslida esa anchagina gap so‘zlar va ishlar bo‘lib o‘tgan.

Ibn Abu Dovud Hishom ibn Urvadan, u o‘z otasidan rivoyat qiladi:

«Abu Bakr Umar bilan Zaydga, ikkovingiz masjid eshigi oldiga o‘tirib kim Allohning kitobidan biror narsani ikki guvoh ila keltirsa yozinglar, dedi».

Ibn Abu Dovud YAh’ya ibn Abdurrohman ibn Hotibdan rivoyat qiladilar:

«Umar kelib:

«Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Qur’ondan biror narsani talaqqiy qilgan bo‘lsa olib kelsin», dedi.

Ular o‘shani sahifalarga, lavhlarga va xurmo po‘stlog‘lariga yozib yurishar edilar.

U to ikki shohid guvohlik bermaguncha biror narsani yozmas edi».

Demak, ish boshlashdan oldin puxta reja tuzilgan. Bu rejaga binoan hamma yod biladigan oyati karimalarning yoddan yozibshga o‘tilmagan. Balki o‘sha yodlangan narsani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida yozib olgan shaxs olib kelsa uni ishonchli ekanin surishtirish boshlangan. Kimning qo‘lidagi Qur’oni Karimdan bo‘lgan yozuvga ikki odil, bolig‘, oqil kishi, buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida yozilganiga biz guvohmiz, deb guvohlik bersalargina yozilgan.

Bu erda ikki qavat guvohlik bo‘lmoqda.

Birinchisi oyatlar ham yodlangan, ham yozilgan bo‘lishi kerakligi.

Ikkinchisi oyatlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yozilganiga ikkita etuk sifatlarga ega odam guvohlik berishi kerak.

Ushbu dasturga amal qilgan holda va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhular bir yil muddatda tarqoq holdagi Qur’oni Karim yozuvlarini jamlab sura va oyatlarni tartibga binoan qo‘yib kiyik terisiga yozib chiqdilar. O‘sha sahifalar to‘plamini mushaf deb nomlandi.

SHu erda Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning:

«Tavba surasining oxirini Abu Xuzayma Ansoriydan topdim. Undan boshqadan topmadim. «Batahqiq, sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan Rasul keldi…(ikki oyat)», degan gaplarini bir oz izohlashga to‘g‘ri keladi.

O‘sha ikki oyatni hamma yoddan bilar edi. Ammo ularni yozilgan holini izlashga tushilgan. Ikki oyat yozilmagan bo‘lsa, bo‘libdi, kelinglar yodimizdagini yozib qo‘yaveraylik, deyilmagan. Oxiri o‘sha ikki oyatni yozuvi Abu Xuzayma Ansoriy roziyallohu anhudan topilgan.Eng qizig‘i Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Xuzayma roziyallohu anhuning yakka o‘zlarining guvohliklarini ikki kishining guvohligi o‘rniga o‘tishini ta’kidlagan edilar. Buni hamma yaxshi bilar edi. Bu ham mo‘jizadek bir gap bo‘lgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlik davrlarida boshqa narsalar qatori Qur’oni Karimga tegishli mas’uliyat ham, asosan U zot sollallohu alayhi vasallamning zimmalariga tushar edi.

Islom ummati boshqa mas’uliyatlar qatori, Qur’oni Karimni muhofaza qilish mas’uliyatini ham o‘zining habib Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Rafiqi A’loga intiqol qilganlaridan so‘ng his eta boshladi. Bunday paytlarda butun boshli ummat o‘z etakchilari boshchiligida safarbarlikka otlanadigan bo‘ldi. Eng quvonchlisi, Qur’oni Karim atrofida paydo bo‘lgan masalani hal qilishda biror ishni amalga oshirishni taklif qilgan ham, o‘sha ishni rad qilgan ham, ikki o‘t orasida kuygan ham faqatgina Alloh taoloning kitobini muhofaza qilishni o‘ylar edi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan so‘ng boshlanib ketgan ridda urushlarida Qur’oni Karim hofizlari bo‘lmish sahobalarning ko‘plab shahid bo‘lishlari Hazrati Umar roziyallohu anhuga Qur’oni Karimning muhofazasi uchun xatar bo‘lib ko‘rindi. U kishi, agar qorilar shu shaklda qirilib ketaversalar Qur’oni Karimga zarar etadi, degan fikrga borib, xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga Qur’oni Karimni bir kitob shaklida to‘plab qo‘yishni taklif qildilar.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bo‘lsalar bu ishni Qur’oni Karimning zarariga bo‘ladi, deb o‘yladilar. U kishi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qilmagan ishni qandoq qilaman, deb turib oldilar.

Ushbu masala bo‘yicha qolgan sahobai kiromlar ham ikkiga bo‘lindilar. Keraklicha bahs va tortishuvlar nihoyasida hamma bir fikrga kelib, Qur’oni Karim muhofazasi uchun uni bir kitob shaklida to‘plab qo‘yish kerak, degan fikrga keldilar.

Birgalikda bu ulkan ishni qandoq amalga oshirish rejasi, shartlari, qoidalari va kimlar rahbarlik qilishiga kelishildi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarida yozib bo‘lingan bo‘lsa ham tarqoq holda turgan Qur’oni Karim yozuvlarini to‘plab, oyat va suralarni tartibga solib yozib chiqildi.

O‘sha yozuvlarni ichiga olgan sahifalarni to‘plab, belini bog‘lab, mushaf, deb nomlab, xalifaning qarorgohiga qo‘yib qo‘ydilar.

SHu bilan Qur’oni Karim muhofazasi uchun Islom ummati amalga oshirgan muhim bir ish oxiriga etdi. O‘sha ish hozirgacha o‘z samarasini bermoqda.

Kezi kelganda bu boradagi muhim bir masalani eslab o‘tmog‘imiz lozim. Mazkur, Qur’oni Karimni jamlash ishini sharqshunoslar zulm va bo‘hton tariqasida, Qur’onni tahrir qilish, deb ataydilar. Tahrir deyilganda, yozilgan asarni qayta ko‘rib chiqib, ba’zi so‘z va jumlalarni almashtirish, ba’zilarini olib tashlash, ba’zilarini yangidan qo‘shish, xatolarni to‘g‘rilash kabi ishlar, tushuniladi.

SHunga binoan, noinsoflar, sahobalar Alloh taoloning kalomiga tuzatish kiritganlar, demoqchilar. Aslida esa, ko‘rib o‘tganimizdek, sahobai kiromlar, Payg‘ambarimiz davrlarida yozilganu turli kishilar qo‘lida tarqoq holda turgan oyatlarni bir joyga to‘plaganlar, xolos.

Ular har bir yozuvni masjidga, jamlovchi guruh huzuriga keltirgan shaxs o‘sha narsani Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yozilganiga ikkita guvoh ham keltirishni shart qilib qo‘yganlar. SHundoq qilib, Qur’oni Karimning har bir harfining yozilishi ham Alloh taolo iroda qilgandek bo‘lishini ta’minlaganlar. Bo‘lmasa, boshqa ko‘plab sahobalar u yoqda tursinu, Zayd Ibn Sobit va Umar Ibn Xattob roziyallohu anhuga o‘xshash jamlash guruhi a’zolarining o‘zlariyoq Qur’oni Karimni suvdek yod bilar edilar. Lekin ularning vazifasi nima qilib bo‘lsa ham Qur’oni Karimni yozish emas, Qur’oni Karimni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurida yozilganini ishonchli hujjat-dalil asosida jamlash edi. Bu ehtiyot chorasi uchun qilingan ish edi. Yozilgan sahifalar belidan bog‘lanib, xalifaning qarorgohiga qo‘yildi, xolos. Ularni hech kim o‘qimadi ham, qaytadan yozmadi ham yoki boshqa biror ish qilinmadi ham.Boyagicha Qur’oni Karimni muhofaza qilishda yodlashga e’timod qilib qolinaverdi.

Sayyid Muhyiddin Maxdum o’rta maxsus islom bilim yurti 4-kurs talabasi Solijonov Hamidullo

Load More In MAQOLALAR