Jannat kalitlari

0
204

Islom farzandlarning zimmasida ota-onalarining bir qancha haq-huquqlari borligini ta’kidlaydi. Bu masala Qur’oni karimda, sunnati nabaviyada va Islom tarbiyasi haqidagi kitoblarda alohida bayon qilingan. Farzandlar o’z ota-onalariga yaxshi muomala qilishlari, shirinsuxan bo’lishlari, ularga mehribonlik ko’rsatishlari, doimiy ehtirom bilan ularni taqdirlab turishlari, Alloh taoloning shariatiga zid bo’lmagan barcha buyruq, talab-istaklarini bajarmoqlari lozim. Ota-onaga yaxshilik qilish diniy adabiyotlarimizda Birrul volidayn deyiladi. Birr so’zi bizning tilimizga yaxshilik deya tarjima qilinib, fazilat, sodiqlik,  toat va solihlik ma’nolarini ifoda etadi.

Alloh taolo Quroni karimda shunday deb marhamat qiladi:

وَقَضَىٰ رَبُّكَ أَلَّا تَعۡبُدُوۤا۟ إِلَّاۤ إِیَّاهُ وَبِٱلۡوَ ٰ⁠لِدَیۡنِ إِحۡسَـٰنًاۚ إِمَّا یَبۡلُغَنَّ عِندَكَ ٱلۡكِبَرَ أَحَدُهُمَاۤ أَوۡ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُل لَّهُمَاۤ أُفࣲّ وَلَا تَنۡهَرۡهُمَا وَقُل لَّهُمَا قَوۡلࣰا كَرِیمࣰا ۞ وَٱخۡفِضۡ لَهُمَا جَنَاحَ ٱلذُّلِّ مِنَ ٱلرَّحۡمَةِ وَقُل رَّبِّ ٱرۡحَمۡهُمَا كَمَا رَبَّیَانِی صَغِیرࣰا  ۞

“Robbing faqat Uning o’zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishingni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga uff dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so’z ayt! Ikkovlariga mehribonlik ila hokisorlik qanotingni paslat va Robbim, ular meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin, deb ayt (“Isro” surasi 23-24- oyatlar).

Bu oyati karimada Alloh taoloning o’zigagina ibodat qilishga amr etilganidan so’ng, bevosita, ota-onaga yaxshilik qilishga buyurilmoqda. Robbing faqat uning o’zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishingni amr etdi.Bu amal bandalarning ixtiyoriga tashlab qo’yilgan ish emas, balki Allohning bandalariga amri, buyrug’i, farmonidir. Xohlasa qilib, xohlamasa qilmaydigan havaskorlik ham emas. Qarib, hech narsaga yaramay qolganda yuzlaniladigan ko’ngilxushlik ham emas. Bu amr Alloh taoloning qat’iy va o’zgarmas buyrugi bolib uni bajarish  har bir bandaning burchidir.Allohning ibodatidan keyingi keladigan ish ota-onaga yaxshilik qilishdir. Bu ham Allohning amri. Alloh taolo o’ziga ibodat  qilishga chaqirgan amrdan keyin, shu jumlaning davomida ota-onaga yaxshilik qilishni ta’kidlamoqda. Bu ikki hukmning bir oyatdagi yagona jumlada bayon qilinishining o’ziyoq Islomda ota-onaning haqqi qanchalik ulug’ ekanini ko’rsatadi.

Sayyid Muhyiddin Maxdum o’rta maxsus islom bilim yurti 4-kurs talabasi Rahmonov Abdurahmon

Load More In MAQOLALAR