Ulamolarning Vatandoshimiz Imom Buxoriy haqida aytgan e’tiroflari

0
197

Imom al-Buxoriy butun Islom olamida ko‘plab buyuk mutafakkir va yirik muhaddislar yetishib chiqqan bir muborak asrda yashadilar. Alloh taoloning cheksiz fazlu karami tufayli Imom al-Buxoriy beqiyos yuksaklikka erishdilar. Jamiki zamondosh ulamolar u kishining ilm, quvvai hofiza va aqli idrok bobida o‘zlaridan ustun ekanliklarini tan olishib, sha’nlariga qizg‘in olqishu maqtovlar izhor qilishdi.

Imom al-Buxoriyni bolalik chog‘larida ulamolar » Bu, inshoalloh, buyuk olim bo‘ladi»,-deyishar edi, ular aytgandek bo‘ldi. Quyida mazkur ulamolarning Imom al-Buxoriy haqlaridagi namunalar keltiramiz:

As-Subkuy bunday deb xabar qiladilar: » Imom al-Buxoriy: «Musulmon odam Alloh taologa duo aytsa, «U duoimga ijobat qilmadi» deydigan holga tushmasligi lozim», — der edilar».

Al-Muborakfuri aytadilarki, Imom al-Buxoriy mashaqqatlarga chidamli, ishda tirishqoq bo‘lib, o‘z qo‘llaridan keladigan yumushni birovga yuklashni hushlamas ekanlar.

Al-Hofiz Ahmad ibni Hamdum bunday deydilar:»Men Imom Buxoriyni ko‘rdim. Shunda Muxammad ibn Yahyo az-Zuhliy Imom al-Buxoriydan roviylar ismlari va illatli hadislar haqida so‘rayotgan bo‘lib, U kishi ularning savollariga «Qul huvallohu axad» ni aytayotgandek, kamondan otilgan o‘qdek tez javob berayotgan edilar».

Biz Buxoro yaqinidagi farabrda edik. Imom al-Buxoriy rabot qurayotgan bo‘lib, ko‘plab odmlar u kishiga hashar qilishayotgan edi. Shunda men Imom al-Buxoriyga: «Ey Abu Abdulloh! Bu sizga og‘irlik qiladi, qo‘ying ishlamang»,- desam, «Aynan ana shuning menga nafi tekkusidur!»,- deb javob qildilar (Ya’ni Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ham g‘azotda o‘z muborak qo‘llari bilan xandaq qaziganlar, katta-katta xarsanglarni maydalaganlar, masjid qurilishida g‘isht tashiganlar. Musulmon kishi o‘z ilmi yoki martabasidan qat’iy nazar, birodarlari bilan barobar mehnat qilmog‘i lozimdur. Bu – u zotning sunnatlari bo‘lib, uni ado etsam, menga oxiratda nafi tekkusidur»,- dedilar).

Imom Qutayba ibn Said bunday deydilar: «faqihlar bilan ham, zohidlar bilan ham, obidlar bilan ham hamsuhbat bo‘ldim, ammo aqlimni taniganimdan beri Imom al-Buxoriydek buyuk zotni ko‘rmadim. Imom al-Buxoriy o‘zlariga zamondosh barcha ulamolar ichra Hazrati Umar sahobalar ichra kabidurlar!».

Xolid ibn Ismoil bunday deydilar: «ma’rifat ahli hadis talabida Muxammad ibn Ismoilning ortlaridan to‘da-to‘da bo‘lib ergashib yurishar edi. Shunda minglab hadis toliblari u kishini duch kelgan yerda to‘xtashga va hatto yo‘l chetiga o‘tirishga majbur qilishib. Hadislar yozib olishar edi. O‘sha kezlarda u kishi hali soqoli chiqmagan bir bola edilar».

Sulaymon ibn Mujohid bunday deydilar: » Oltmish yildan beri Imom al-Buxoriydan ko‘ra faqihroq va muttaqiy kishini ko‘rmadim».

Muso ibn Horun al-Hammol al-Hofiz al-Bag‘dodiy bunday deb aytgan ekanlar: » agar butun Islom ahli to‘planib, Muxammad ibn Ismoilni ilm bobida yiqitmoqchi bo‘lsa, aslo yiqita olmas!».

Abu Zakariyo Yahyo ibn A’yon al-Buxoriy al-Boyhandiy shunday rivoyat qiladilar: » Agarki umrimdan olib Imom al-Buxoriyning umriga qo‘shishning imkoni bo‘lganida edi, men zarracha o‘ylab o‘tirmay shunday qilar edim. Chunki, men vafot etsam, bir kishi xayotdan ko‘z yumadi, lekin Imom al-Buxoriy vafot etsa, jamiki ilmu irfon barham topadi».

Imom Abu Bakr Muxammad ibn Ishoq ibn Xuzayma: «Osmon gumbazi ostida Muxammad ibn Ismoildan ustunroq hadis olimi yo‘qdur!»,- deydilar.

Abu Hotim ar-Roziy: «Xuroson Muxammad ibn Ismoildan ko‘ra quvvai hofizasi kuchliroq kishini voyaga yetkazmadi va u yerdan u kishidan ko‘ra bilimdonroq kishi Iroqqa kelmadi».

Abdulloh ibn Muxammad al-Masnadiy: «Muxammad ibn Ismoil hadis ilmi bo‘yicha imomdurlar. Kimki u kishini bu borada imom deb bilmasa, u kishini kamsitgan bo‘lur!»,- deydilar.

Yahyo ibn Ja’far al-Poykandiy Imom al-Buxoriyga:»Agar siz bo‘lmaganingizda men Buxoroda yashamoqni xushlamagan bo‘lur edim!», — deb aytgan ekanlar.

Alloma Rajo ibn al-Murajjo: «Muxammad ibn Ismoilning bo‘lak ulamolardan afzalliklari – erlarning xotinlardan afzalliklari kabidir! U kishi Alloh taoloning yer yuzida yuruvchi mo‘’jizalaridan biridirlar!», — deb aytgan ekanlar.

Axmad ibn Ishoq as-Sirmoriy: » kimki haqiqiy faqihni ko‘rmoqni istasa, Muxammad ibn Ismoilga qarasin!», — deganlar.

 Sayyid Muhyiddin Maxdum o’rta maxsus islom bilim yurti 4-kurs 79-guruh talabasi Axmadjonov Valijon

Load More In MAQOLALAR