Tahoratning shariatga kiritilishi hikmati

0
242

Insonning pokligiga e’tibor qaratish, botin-u zohirdagi hissiy va ma’naviy kirliklardan uni xalos etish, ruhiy jihatdan uni Buyuk zot huzurida turishga munosib qilib tayyorlash, hamda uni ulug’lik, jozibadorlik, kamolot ufqiga ko’tarish – pok shariatimizning asosiy maqsadlaridandir.

    Islom dini botiniy poklikka belgi bo’lishi uchun gunoh va ma’siyatlardan saqlanishga chaqirganidek, zohiriy poklikka dalolat qilsin uchun, tahorat va g’uslni ham shariat qonunlariga kiritdi.Tahorat va g’usldan faqatgina ozodalik maqsad qilinadi. Bu hissiy tahorat bo’lib, insonni o’zligida, xulqida va dinida pok yashashga o’rgatadi va hayotidagi har qanday ishlarida nazofat yo’liga odatlantiradi: badan pokligiga, kiyim-kechak va taomlardagi poklikka. Dinimiz mana shu narsalar bilan xoslanadi. Chunki u tozalik-ozodalik dinidir. Alloh taolo “Muddassir” surasida bunday marhamat qiladi : { و ثيابك فطهر }.  {Va kiyimingizni poklang ! } (Muddassir surasi 4- oyat). Zohiriy poklik botiniy poklikning bir qismidir.

    Hanif shariatimiz inson pokligiga e’tibor qaratishining hech qanday ajablanarli joyi yo’q! Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Poklik iymonning yarmidir ” deb marhamat qilganlar. Alloh taolo “Moida” surasi 6- oyati oxirida tahoratni shariatga kiritilishidagi hikmatni bayon qilib, mana bunday marhamat qiladi :

{ ما یُرِیدُ ٱللَّهُ لِیَجۡعَلَ عَلَیۡكُم مِّنۡ حَرَجࣲ وَلَـٰكِن یُرِیدُ لِیُطَهِّرَكُمۡ وَلِیُتِمَّ نِعۡمَتَهُۥ عَلَیۡكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَشۡكُرُون }

{Alloh sizlarga qiyinchilik tug’dirishni istamas. Ammo sizlarni poklashni va sizlarga O’z ne’matini batamom qilib berishni istaydir. Shoyadki, shukr qilsangizlar}.

Poklik musulmon odam hayotining asosidir. Alloh taolo namozni faqatgina tahorat bilan qabul qilar ekan, qanday qilib ma’naviy kirliklar va najosatlar bilan qorishib ketgan odamdan namozni qabul qilib, qiyomat kunida uni o’zining mukarram himoyasiga oladi! Demak, Islom poklik dinidir. Botiniy poklik asos,zohiriy poklik esa uning bir bo’lagidir. Zohiriy poklik namoz qabul bo’lishining sharti bo’lsa, zohiriy poklik jannatga kirishning shartidir. Bularning ikkisi ham Alloh taoloning muhabbatiga sabab bo’ladi!

*Zohiriy — tashqi , moddiy olam

*Botiniy — ichki , ma’naviy olam

“Rovaiul bayan” kitobi asosida tayyorlandi.

4-bosqich 77- guruh talabasi Sobirov Asrordin

Load More In MAQOLALAR