BEMORLIK ASLIDA NE`MAT

0
118

Shuni yaxshi bilishimiz kerakki, dard Allohning suyukli bandasiga beriladi. Mo‘minni tanasiga yetgan alam uning gunohlariga kafforat bo‘ladi. Mo‘min odam og‘irmi yo yengilmi dardga chalinganda Allohga shukr keltirishi, Alloh uning gunohlarini o‘chirishni istab shu dardni berganini to‘g‘ri anglashi kerak. Bemorlik musibati bandaga tavba va istig‘for eshiklarini ochib beradi. Sog‘ligini, halovatini yo‘qotgan dardkash sog‘lom odamga nisbatan ko‘proq Allohni yodga oladi. Gunohlariga pushaymon bo‘ladi. Bu bilan Allohning marhamita noil bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan bu maʼnolarni tasdiqlovchi ko‘plab hadislarni keltirish mumkin:

ما يزال البلاء بالمؤمن والمؤمنة في نفسه وولده وماله حتى يلقى الله تعالى وما عليه خطيئة

Mo‘min va mo‘mina ayolning boshi hech balodan chiqmaydi. Joniga, bolasiga, moliga turli balolar uzluksiz uchrab turadi. Hatto u Allohga birorta ham gunohi qolmagan holda yo‘liqadi. (Buxoriy rohimahulloh. Adab al-mufrad. 494).
Mazkur hadisni imom Buxoriy rohimahulloh “Bemorlik gunohlarga kafforat” bobida keltirgan. Hadisga ko‘ra, Alloh taolo mo‘minlarni shu dunyoda turli balolar bilan imtihon qilib turadi. Kimnidir tanasiga dard yetadi. Yana kimdir farzandidan musibatga uchraydi. Kimdir moliyaviy yo‘qotishga uchrashi mumkin. Bularning hammasi o‘sha bandalarning gunohlarini o‘chiruvchi kafforat bo‘ladi. Hayoti poyoniga yetib Allohning xuzuriga borganda esa, dunyoda tortgan musibatlari evaziga Alloh uni poklab qo‘ygan bo‘ladi.
Yana bir hadisda esa bunday deyilgan:

ما من مسلم يصاب بمصيبة وجع او مرض إلا كان كفارة ذنوبه حتى الشوكة يشاكها او النكبة
Biror musulmonga yetgan musibat, og‘riqmi yo bemorlik bo‘lsin u albatta gunohlariga kafforat bo‘ladi. Hatto tanasiga kirgan tikon yoki tashvish ham. (Buxoriy rohimahulloh. Adab al-mufrad. 498).
Imom Buxoriy keltirgan yuqoridgai hadislarga ko‘ra aytish mumkinki, bemorlik aslida mo‘min bandasga neʼmat o‘laroq beriladi. Kimgadir yomonlik qilgani uchun, yoki Allohning g‘azabiga giriftor bo‘lgni uchun emas ekan.

Andijon «Sayyid Muhyiddin Maxdum» oʼrta maxsus bilim yurti 4-kurs 79- guruh talabasi Abdulaziz Nozimov

Load More In MAQOLALAR