G’am-tashvishni arituvchi salovat

0
475

Tasavvuf ahli orasida ko‘p o‘qiladigan salovat turlaridan biri “solati noriya”dir (olovli salovat). Uning bunday nomlanishiga sabab shuki, ular biror baloni daf qilish uchun yoki biror tilagini hosil bo‘lishi uchun yig‘ilib jamoaviy tarzda 4444 marta shu salovatni o‘qisa hojatlari olovdek tez hosil bo‘lar ekan. Tasavvuf ahli bu salovatni “xazinalar kaliti”, “solati tafrijiya” (g‘am-tashvishni arituvchi salovat) deb ham atashadi. Solati noriyaning siyg‘asi budir:

اللَّهُمَّ صَلِّ صَلَاةً كَامِلَةً، وَسَلّمَ سَلَامًا تَامًّا عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمّدٍ، الَّذِي تَنْحَلُّ بِهِ الْعَقْدُ وَتَنْفَرِجُ بِهِ الْكَرْبُ، وَتُقْضَى بِهِ الْحَوَائِجُ، وَتُنَالُ بِهِ الرَّغَائِبُ وَحُسْنُ الْخَوَاتِيمِ، وَيُسْتَسْقَى الْغَمَامُ بِوَجْهِهِ الْكَرِيمِ، وَعَلَى ءَالِهِ وَصَحْبِهِ وَسَلَّمَ

Tarjimasi:
Ey Alloh, sayyidimiz Muhammadga komil salovat va tugal salom yo‘llagin. Ul Muhammad shunday zotki, U tufayli tugunlar yechilar, mushkullar bartaraf bo‘lar, hojatlar ravo bo‘lar, U sababli istaklarga, go‘zal xotimalarga yetishilar, Ul zotning karamli yuzi sabab bulutlardan yomg‘ir yog‘ilishi so‘ralar. Va Ul zotning oilasiga, sahobalariga ham har lahza va har nafas senga maʼlum bo‘lgan narslar adadi miqdoricha komil salovat va tugal salomlar yo‘llagin.
Imom Qurtubiy bu salovat haqida aytadi: Kimki shu salovatni har kuni 41 marta, yoki 100 marta o‘qib yurishni o‘ziga odat qilsa, Alloh uning g‘am-tashvishlarini aritadi, ziyon-zaxmatini daf qiladi, rizqini keng qilib, unga yaxshilik eshiklarini ochadi. Balo ofatlardan, ochlik va qashshoqlikdan omonda bo‘ladi. Allohdan nima yaxshi narsa so‘rasa albatta istagiga yetishadi. Bu imtiyozlarning bari davomiy o‘qib yurish bilan hosil bo‘ladi.
Shayh Muhammad Tunisiy aytadi: kimki har kuni shu salovatni 21 marta o‘qishga odat qilsa Alloh uning rizqini keng qilib qo‘yadi.
Imom Qurtubiy aytadi: kimki biror muhim ishni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, yoki biror baloni daf qilish niyatida bo‘lsa mana shu salovatni 4444 marta o‘qib Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘rtaga qo‘yib duo qilsin. Shunday qilsa, Alloh uning murodini hosil qiladi va maqsadiga yetkazadi. Alloma ibn Hajar Asqaloniy ayni salovatning xususiyatlari orasida shularni ham qator sanab o‘tgan. Vallohu aʼlam bis-savob.

Andijon «Sayyid Muhyiddin Maxdum» oʼrta maxsus bilim yurti 4-kurs 79-guruh talabasi Abdulaziz Nozimov

Load More In MAQOLALAR