OILAVIY MUAMMOLARINI HAL QILISHDA TABASSUM QILISH — SUNNATDIR

0
263

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xotinlari bilan baxtli hayot kechirganlar. Chunki “Ular bilan totuv turmush kechiringiz” oyatini o’z hayotlariga aniqlik bilan tatbiq qilganlar. Shuning uchun Rasululloh alayhis salomning o’z hayotlari haqida: “Men oilamga (yaxshi munosabatda bo’lishda) sizlarning eng yaxshingizman”, degan so’zlariga zarracha shubha qilinmaydi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning er-xotinlik munosabatlarida turmush hayotini yaxshilash, go’zallik, hamkorlik, insoniylik va iqtisodiy sohalardagi yaxshiliklari haqida hadislar aytiladi. Lekin birinchi bo’lib bu saodatli xonadonda bo’y ko’rsatgan ba’zi muammolarni aytib o’tishimiz kerak. Albatta, oilaviy muammolar kam bo’lgan. Agar musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hayotlarida yuz bergan barcha kattayu kichiq voqea-hodisalarni aytib o’tmaganlarida, bu muammolar haqida eshitmagan bo’lar edik. Shu bilan birga oilaviy hayotlari uzoq davom etgan, xotinlari ko’p voqe bo’lib turgan, katta xodisalar ko’p bo’lgan, o’zlaridan so’ng uzilishni bog’laydigan va yoriq joyni to’ldiradigan farzandlari ko’p emasdi.

Lekin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam barcha holatda bu muammolarni hal qilar edilar. Aql va mehribonlik yo’lini tutib, yaxshilik bilan tugatar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu muammolarni hal qilishda bir nechta uslublardan foydalanganlar. Shu uslublarning eng avvali tabassum ulashish va xazillashishdir. Oilaviy kelishmovchilikni hal qilishda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shu uslubni qo’llaganlar. Qaysarlik u yoqda tursin, hatto achchiq qilish foyda bermaydigan vaziyatlar sodir bo’lib turadi. Shuning uchun bu kabi holatlarni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam muloyim tabassum yoki yengil hazil bilan qabul qilganlar. Ba’zi muammolar vaqtida shu yo’sinda hal qilinmasa, ular kattarib, yechimi ham qiyinlashib ketadi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kelishmovchilik asnosida tabassum qilganlari haqida ko’p rivoyatlar bor. Bu uslub mazmunini yoritish uchun bir misol keltirib o’tamiz. Oisha roziyallohu anho aytdilar: “Yo Rasululloh aytingchi, bir vodiyga borsangiz, u yerda barglari yeyilgan va yeyilmagan ikki daraxt bo’lsa, qaysi biridan tuyangizni o’tlatasiz?”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bargi yeyilmaganidan ”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa rivoyatda: “Oisha roziyallohu anho: “Men o’shaman”, dedilar”, qo’shimchasi bor. Ya’ni, bunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xotinlari orasida Oisha roziyallohu anhoga bokira holatida uylanganlariga ishora qilinmoqda.

Boshqa rivoyatda: “Oisha roziyallohu anho aytdilar: “Kun bo’yi qayerda edingiz?”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Humayro, Ummu Salamaning oldida edim”, dedilar. Oisha roziyallohu anho: “Ummu Salamadan to’ymadingizmi?” deganimda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tabassum qildilar. So’ng: “Yo Rasululloh o’zingiz aytingchi, ikki daraxtning biri o’tlatilgan, biri o’tlatilmagan bo’lsa, qaysi biridan o’tlatasiz”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “O’tlatilmaganidan”, dedilar. “Men boshqa xotinlaringizga o’xshamaganman. Barcha xotinlaringiz sizdan boshqa erkak bilan (ham) yasha- gan”, dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tabassum qildilar”, dedi.

 Yuqoridagi hadislardan ko’rinib turibdiki oilaviy muammolarni hal qilishda tabassum qilish nafaqat eng maqbul uslub, balki Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan sahih yo’llar bilan vorid bo’lgan go’zal sunnat hamdur. Shuning uchun bu sunnatlarni oilalarimizga joriy qilsak hayotimiz yanada go’zallashardi.

Интернет маълумотлари асосида тайёрланди

Билим юрти 4-босқич 77-гуруҳ талабаси Яркулов Иноятуллоҳ

Load More In MAQOLALAR