MAQOLALAR Iftorlik berish fazilati 27 марта, 2024 0 278 Bu ham Ramazonga xos amallardan sanaladi. Ibn Moja Zayd bin Xolid roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, unga o‘sha ro‘zadorlarning ajricha ajr bo‘ladi, ularning ajrlaridan biror narsa kamaymaydi», dedilar. Salmon Forisiydan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, bu uning uchun bir qul ozod qilish va gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi», dedilar. Shunda: «Ey Allohning Rasuli, hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib beradigan narsa topa olmaymiz-ku?», deyildi. U zot: «Bu savobni Alloh ro‘zadorga bir tatim sut yo xurmo yoki bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ato etadi. Ammo kim ro‘zadorni to‘ydirsa, bu uning gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi va Alloh unga mening Havzimdan ichimlik ichiradi, u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Unga ro‘zadorning ajricha ajr bo‘ladi, u(ro‘zador)ning ajridan hech narsani kamaytirilmaydi», dedilar». Iftorlik paytidagi duoning fazilati. Iftorlikdagi duoning ham alohida fazilati bor. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bismillah (Allohning nomi bilan). Allohim, Sening uchun ro‘za tutdim. Senga iymon keltirdim. Sening rizqing bilan iftorlik qilgum. Bas, mening oldingijyu keyingi gunohlarimni mag‘firat qilgin. O‘zing mendan qabul qilgin. Albatta Sen o‘ta eshitguvchi va bilguvchisan», deb duo qilardilar. Iftorlik paytidagi duoning qabul bo‘lishi ham Ramazonning fazilatidandir. Ibn Moja Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Uch kishi bor, ularning duolari qaytarilmaydi: odil rahbar, ro‘zador iftor qilgunicha va mazlumning duosi», deganlar. Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi: Muslimbek domla Yo‘lchiboyev tayyorladi.