MAQOLALAR E’tikof fazilati. 28 марта, 2024 0 188 Ramazonga oid eng ko‘zga ko‘ringan ibodatlardan biri masjidda e’tikof o‘tirishdir. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam har Ramazonda o‘n kun e’tikof o‘tirar edilar. Vafot etgan yillari esa, yigirma kun e’tikof o‘tirdilar». E’tikof o‘tirish – bu dunyo ishlaridan uzilib, ibodat uchun ajrab chiqishdir. E’tikof aslida Ramazon oyida ado etilgani uchun, ba’zi ulamolar boshqa oylarda e’tikof o‘tirmoqchi bo‘lgan kishi ham albatta ro‘za tutib olishi kerak, deganlar. Oisha roziyallohu anho aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kirsa, belni mahkam bog‘lab, kechalarini ibodat bilan o‘tkazar va ahllarini ham uyg‘otar edilar». Buxoriy rivoyati. Ramazonning yana bir fazilati – fidya sadaqasidir. Ramazon ro‘zasini tutishga umuman imkon topa olamaydigan kishilar har bir kun uchun bir miskin taomini sadaqa qiladilar. Alloh taolo: «Uni qiynalib tutadiganlar zimmasida bir miskin taomi fidya bordir», degan. Fitr sadaqasining fazilati. Fitr sadaqasi Ramazonga xos moliyaviy ibodatdir. Imom Daylamiy Jarir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Ramazon oyi yer bilan osmon o‘rtasida muallaq turib qoladi, Alloh taoloning huzuriga faqat fitr zakoti bilangina maqbul holda ko‘tariladi», deyilgan. Ramazondagi umraning fazilati hajga barobar keladi. Bu ham Ramazonning sharofati, albatta. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondagi umra men bilan birga qilingan hajning o‘rniga o‘tadi», deganlar». Ramazonda qullar, asirlarni ozod qilish alohida sunnat amaldir. «Mishkot»da Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyi kirganda barcha asirlarni ozod qilib yuborar ekanlar. Salmon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim unda (Ramazonda) o‘z mamlukiga (qul va cho‘risiga) yengillik yaratsa, Alloh uni do‘zaxdan ozod qiladi», deganlar. Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi: Shahboziddin domla Abdumajidov tayyorladi.