Ramazonda qadr kechasining fazilati

0
277

Butun insoniyatning yillik taqdiri qayd qilinadigan, eng yuksak qadrli kecha – Qadr kechasi ham aynan Ramazon oyiga yashirilgan. Bu kechaning qanchalar ulug‘ligini anglashga quyidagi oyatlarni tadabbur qilish kifoya:
«Albatta, Biz U(Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik. Qadr kechasi nima ekanini senga nima bildirdi? Qadr kechasi ming oydin yaxshiroqdir. Unda farishtalar va Ruh Robbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadir. U to tong otguncha salom bo‘lib turadir». Qadr surasi, 1–5-oyatlar.
Imom Abu Dovud Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Kim Qadr kechasini ibodat bilan o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi», deyilgan.
Ayrim sahoba va tobeinlar Qadr kechasini topish va ulug‘lash maqsadida Ramazoning oxirgi o‘n kechasida g‘usl qilib, o‘zlariga xushbo‘yliklar surtishni mustahab sanashar ekan.

Uni qaysi kunlardan izlash kerak?
«Laylatul-qadr» so‘zining ma’nosi «belgilash, o‘lchash kechasi», ya’ni yil davomida turli amal, hukm, rizq, taqdir belgilanadigan kecha degan ma’noni bildiradi. Qadr kechasi Ramazonning so‘nggi o‘n kunligida yashiringan, uni o‘sha kunlarning toq kunlaridan izlagan afzal deyiladi.
Uboda ibn Somit (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:
«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o‘n kunligidadir. Kim unda imon bilan Alloh roziligi uchun ibodat qilsa, albatta, Alloh avvalgiyu keyingi gunohlarini kechiradi. U toq kechada bo‘ladi. To‘qqizinchi yoki yettinchi yoki beshinchi yoki uchinchi yoki oxirgi kecha qadr kechasidir», dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).

E’tikof fazilati. Ramazonga oid eng ko‘zga ko‘ringan ibodatlardan biri masjidda e’tikof o‘tirishdir.
Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam har Ramazonda o‘n kun e’tikof o‘tirar edilar. Vafot etgan yillari esa, yigirma kun e’tikof o‘tirdilar».
E’tikof o‘tirish – bu dunyo ishlaridan uzilib, ibodat uchun ajrab chiqishdir. E’tikof aslida Ramazon oyida ado etilgani uchun, ba’zi ulamolar boshqa oylarda e’tikof o‘tirmoqchi bo‘lgan kishi ham albatta ro‘za tutib olishi kerak, deganlar.
Oisha roziyallohu anho aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kirsa, belni mahkam bog‘lab, kechalarini ibodat bilan o‘tkazar va ahllarini ham uyg‘otar edilar». Buxoriy rivoyati.

Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi Muhammadyahyo domla Mahmudov tayyorladi.

Load More In MAQOLALAR