JANNATDAN KELGAN OVOZ EGASI

0
384

Ramazon oyida ko‘plab musulmon mamlakatlari radio va teletarmoqlari Qur’oni karimni asosan buyuk qori, ustoz Abdulbosit Muhammad Abdussamad qiroatida efirga uzatishadi. Uning qiroatini sevuvchilar Abdulbosit qoriga “jannatdan kelgan ovoz egasi” deb yuksak baho berishgan. Mana shu ulug‘ zotning hayot yo‘li to‘g‘risida ma’lumot berishni bu oyda lozim deb topdik.
Qorilar ustozi, dovudiy ovoz sohibi Abdulbosit Muhammad Abdussamad 1927 yili Misr janubidagi Qino viloyatiga qarashli Armant tumanidagi Muroaza qishlog‘ida dunyoga keldi. Bobosi Abdussamad ham, otasi Muhammad Abdussamad ham Qur’on hofizi va tajvid bilimdoni sifatida tanilishgan edi. Akalari Mahmud bilan Abdulhamid ham hofiz bo‘lishgan.
Abdulbosit qori o‘zi bunday eslaydi: “O‘n yoshga yetganimda Qur’oni karimni to‘liq yod olib bo‘lgan edim. Otam ulov (transport) vazirligida ishlar, bobom esa olim edi. Ulardan Qur’on ilmlarini o‘rganmoqchi bo‘ldim, ammo ular ustoz Muhammad Salimdan ta’lim olish uchun Tanta muzofotiga borishimni aytishdi.
Armant bilan Tanta orasidagi masofa ancha uzoq edi. Yo‘lga chiqish oldidan Muhammad Salimning Armantga kelganini bildik. Go‘yo taqdir u kishini bizga yuborgandek edi. Huzurlariga borib, Qur’oni karimni to‘liq o‘qib berdim. So‘ngra yetti xil qiroatga doir matn “Shatbiya”ni yoddan aytib berdim”.
Abdulbosit qori o‘n ikki yoshida Muhammad Salim tavsiyasi bilan Qino viloyatining turli joylarida Qur’on o‘qib yurdi. Qaerga bormasin, Abdulbosit qorining noyob iste’dodi haqida gap-so‘z yurardi.
1950 yili Abdulbosit qori Madinai munavvaraga bordi. Bu yerga ko‘proq chorlayotgan narsa mashhur, tajribali qorilardan Abdulaziz Zohir, Abdulfattoh ash-Shoshoiy, Mustafo Ismoilning savt va qiroatlarini bevosita eshitish edi…
Tun yarmidan oqqanida dunyoning turli shaharlaridan to‘p-to‘p ziyoratchilar “Hazrati Zaynab” masjidiga kela boshlashdi. Abdulbositga ham Qur’oni karimdan o‘nta oyat o‘qishiga izn berishlarini so‘rashdi. Abdulbosit qiroati bir soatdan ortiqroq davom etdi, u Ahzob surasidan o‘qirdi. Masjidning hamma tomonini sukunat qamrab oldi va yig‘ilganlarning nigohi zabardast qorilar safida o‘tirgan kichkina qoriga qadaldi. Bir ozdan keyin hayrat va taajjub ovozlari yangradi.
1951 yili Shayx Dabbo Abdulbositga qiroatini havo mavjlari orqali taratish taklifi bilan murojaat qildi. Abdulbosit ovoz yozish uyi mutasaddilari bilan shartnoma tuzganidan keyin oilasi bilan doimiy ravishda Qohirada yashab qoldi. Uning ovozi radio efirlari orqali tarala boshlagach, yanada mashhur bo‘lib ketdi.
1952 yili, ayniqsa ramazon oyida Abdulbosit qoriga dunyoning turli mamlakatlaridan Qur’onni xatm qilish istagi bildirilgan takliflar kela boshladi. Takliflar orasida qori hech bo‘lmaganda bir martagina tashrif buyursin, deganlari ham bor edi. Chunki Qur’oni karim sharofatidan Abdulbosit qori qadami yetgan joy Alloh taoloning fayzu barakasi, shukuhiga to‘lar edi.

Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi Muhammadyusuf domla Abdurahmonov tayyorladi.

Load More In MAQOLALAR