Oxiri ketish bo‘lgan dunyo uchun mahzun bo‘lmang!

0
265

Bir a’robiyga aytildi: “Bitmaydigan jarohat nima?” A’robiy dedi: “Oliyjanob insonning pastkash kimsaga hojati tushishi va pastkashning unga rad javobini berishidir”. Unga yana aytildi: “Xorlik nima?” U dedi: “Sharafli insonning pastkashning eshigi yonida turishi va unga kirishga izn berilmasligidir”.
* * *
Besh kishiga yaqinlashish saodatga sabab bo‘ladi. Bular: ota-onasiga yaxshilik qiluvchi o‘g‘il, soliha juft, vafodor do‘st, mo‘min qo‘shni, faqih olim.
* * *
Uzoq va mashaqqatli ish kunidan keyin uyga issiq non to‘la xalta bilan qaytish kishining faxrlanishi uchun yetarlidir.
* * *
Oxiri ketish bo‘lgan dunyo uchun mahzun bo‘lma!
* * *
Shunday shaxslar borki, ularning ko‘nglini topishing uchun seni mingta niqob kiyishga undaydi. Shunday shaxslar borki, sendagi barcha niqoblarni yechtirib, seni boringcha sevadi.
* * *
Do‘stlar suvga o‘xshaydi. Hamma suv ham ichishga yaroqli emas.
* * *
“Ulug‘lik vasvasasi (paranoyya)” bilan og‘rigan odam atrofidagi hammani xizmatkor deb o‘ylaydi.
* * *
Kim tajriba qudug‘idan suv ichmagan bo‘lsa, jaholat dengizlarida tashnalikdan o‘lib ketadi.
* * *
Agar inson rizqidan qochib shamolga minsa, rizqi unga yetib olish uchun chaqmoqqa minadi.
* * *
Sen haqingda aytilayotgan gaplarga e’tibor berma! Kimligingni, qanaqaligingni o‘zing bilasan. Alloh sening ahvolingni, niyatingni biluvchiroqdir. Qilgan ishlaringni oqlashga urinib, qiymatingni tushirma. Hayotda muvaffaqiyatsizlikning siri – hammani rozi qilishga urinishdir.
* * *
Birov senga ishongan paytda hech qachon unga xiyonat qilma, uni aldama! Sher o‘kirib, na’ra tortgani uchun o‘rmon shohiga aylanmadi. Balki u g‘ururli. U har qancha och bo‘lsa ham hech qachon birovning o‘ljasiga tashlanmaydi.
* * *
Hamma narsa o‘zgarganda ham hech qachon o‘zgarmaydigan haqiqiy, sobit muhabbat onaning muhabbatidir!
Ey Robbim! O‘tayotgan har bir daqiqada onam uchun berkilmas rizq va rad etilmas duo eshigini ochgin!
* * *
Boshqalar sening fikrlaringni to‘la anglay olmasliklariga aniq ishonganing lahzalarda sukutdan afzalroq narsa bo‘lmaydi.

Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi Muslimbek domla Yo‘lchiboyev tayyorladi.

Load More In MAQOLALAR