MAQOLALAR Besh kishiga yaqinlashish saodatdandir 9 апреля, 2024 0 165 Besh kishiga yaqinlashish saodatga sabab bo‘ladi. Bular: ota-onasiga yaxshilik qiluvchi o‘g‘il, soliha juft, vafodor do‘st, mo‘min qo‘shni, faqih olim. * * * Uzoq va mashaqqatli ish kunidan keyin uyga issiq non to‘la xalta bilan qaytish kishining faxrlanishi uchun yetarlidir. * * * Oxiri ketish bo‘lgan dunyo uchun mahzun bo‘lma! * * * Shunday shaxslar borki, ularning ko‘nglini topishing uchun seni mingta niqob kiyishga undaydi. Shunday shaxslar borki, sendagi barcha niqoblarni yechtirib, seni boringcha sevadi. * * * Do‘stlar suvga o‘xshaydi. Hamma suv ham ichishga yaroqli emas. * * * “Ulug‘lik vasvasasi (paranoyya)” bilan og‘rigan odam atrofidagi hammani xizmatkor deb o‘ylaydi. * * * Kim tajriba qudug‘idan suv ichmagan bo‘lsa, jaholat dengizlarida tashnalikdan o‘lib ketadi. * * * Agar inson rizqidan qochib shamolga minsa, rizqi unga yetib olish uchun chaqmoqqa minadi. * * * Sen haqingda aytilayotgan gaplarga e’tibor berma! Kimligingni, qanaqaligingni o‘zing bilasan. Alloh sening ahvolingni, niyatingni biluvchiroqdir. Qilgan ishlaringni oqlashga urinib, qiymatingni tushirma. Hayotda muvaffaqiyatsizlikning siri – hammani rozi qilishga urinishdir. * * * Birov senga ishongan paytda hech qachon unga xiyonat qilma, uni aldama! Sher o‘kirib, na’ra tortgani uchun o‘rmon shohiga aylanmadi. Balki u g‘ururli. U har qancha och bo‘lsa ham hech qachon birovning o‘ljasiga tashlanmaydi. * * * Hamma narsa o‘zgarganda ham hech qachon o‘zgarmaydigan haqiqiy, sobit muhabbat onaning muhabbatidir! Ey Robbim! O‘tayotgan har bir daqiqada onam uchun berkilmas rizq va rad etilmas duo eshigini ochgin! Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi Rahmatulloh domla Umarov tayyorladi.