MAQOLALAR HAMMASI YAXSHILIKKA 31 октября, 2024 0 555 Bir qishloqda qari bir dehqon yashar edi. Uning bir oti va bitta o‘g‘li bor edi. Bir kuni ot qochib ketib, dehqonning barcha og‘ir ishlariga yordam berolmay qoldi. Qishloqdagilar yig‘ilib, dehqonga tasalli berib: “Bu katta yo‘qotish, juda achinarli,” deyishdi. Ammo dehqon sokin ohangda: “Hammasi yaxshilikka,” dedi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qochgan ot o‘zi bilan bir necha yovvoyi otlarni ergashtirib qaytdi. Bu omadli holatni ko‘rgan qishloqdagilar yana dehqonning oldiga kelishdi va tabriklab: “Qarang, qanday baxt, endi sizda bir necha ot bor!” deyishdi. Dehqon esa yana xotirjamlik bilan: “Hammasi yaxshilikka,” deb javob qildi. Bir kuni dehqonning o‘g‘li yovvoyi otlardan biriga minayotganda yiqilib, oyog‘ini sindirib oldi. Qishloqdagilar qayg‘urib, bu hodisaga ham achinishdi. Lekin dehqon yana: “Hammasi yaxshilikka,” dedi. Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatda urush boshlanib, barcha yigitlarni askar qilib olib ketishdi. Lekin dehqonning o‘g‘li oyog‘i singani uchun qoldirildi va u urushga bormadi. Bu holatni ko‘rgan odamlar dehqonning sabr-toqatiga qoyil qolib, yana: “Rostdan ham hammasi yaxshilikka ekan,” deyishdi. Hikoya bizga hayotdagi har qanday holatga sabr va shukr bilan qarashni o‘rgatadi. Inson uchun ba’zan musibatdek ko‘ringan narsa keyinchalik yaxshilikka olib kelishi mumkin. «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudarrisi Abdulhamid domla Aliyev