Faroiz ilmi ahamiyati

0
256

 

Diniy ahkomlar va shariat asoslarini chuqur o‘rgatuvchi fiqh ilmi esa shar’iy ilmlar sirasiga eng ahamiyatlisi va sharaflisidir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam:

Ya’ni: “Kimga Alloh xayriyat (yaxshilik)ni iroda qilsa uni dinda faqih qilib qo‘yadi”, deb marhamat qilganlar.  (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati)

Fiqhning ajralmas qismi bo‘lgan faroiz meros ilmi shar’iy ilmlar orasidagi qadri ulug‘, sharafi oliy ilmdir. Chunki Alloh subhanahu va taolo meros taqsimlash huquqini eng muqarrab farishtaga yoki elchi qilib yuborilgan payg‘ambarga bermadi, balki bevosita O‘zi Qur’oni karimda meros taqsimotini bayon qilib berdi.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom faroiz ilmining fazli haqida shunday marhamat qiladilar:

“Ey! Abu Hurayra! Faroizni o‘rganib, uni o‘rgatinglar, zero u ilmning yarmidir va mening ummatimda birinchi bo‘lib unutiladigan va birinchi bo‘lib olinadigani narsadir”.

(Ibn Moja, Dorqutniy va imom Hokim rivoyati)

Sufyon ibn Uyayna hadisdagi “Faroiz ilmning yarmidir” degan iborani “barcha kishilar bu bilan imtihon qilingani uchun shunday deyilgan”, deb sharh qilganlar.

Imom Molik Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytadilar:

“Faroiz, taloq va hajning (hukmlarini) o‘rganmagan kishi sahro ahlidan nimasi bilan farq qiladi?!”. Ya’ni, savodsizlikda sahrodagi ilmdan bexabar omiy kishidan uning farqi yo‘q.

“Faroiz” so‘zi “farz” so‘zining jamidir.

“Farz” so‘zi lug‘atda “o‘lchov”, ”kesish” va “bayon qilish” ma’nolarini bildiradi.

Shariatdagi farz amallar ham o‘lchog‘lik, kesib aytilgan va bayon qilingan amallar bo‘lgani tufayli “farz” deb atalgan.

Merosning “farz” deb aytilishi esa, unda merosni o‘lchash shariat tomonidan kesilgan ish, bayon qilinib, har bir merosxo‘rning haqi aniq ko‘rsatilgani uchundir.

Yana merosdan tegadigan ma’lum nasibaga ham “farz”deyiladi.

“Meros” deganda o‘lgan odamning ortidan undan qolgan narsani olishga biror kishining qolishi tushuniladi.

Fiqhiy tushuncha bo‘yicha, mayyitning ortidan shar’iy vorisga qolgan mol va huquqlarga “meros” deyiladi.

Meros so‘zi “varasa-yarisu” fe’lidan olingan bo‘lib, ma’naviy yoki moliyaviy haqga ega bo‘lish ma’nosidadir. Merosga “Al-mo‘jamul vasit”da “o‘lganidan so‘ng moli unga o‘tdi” deb ma’no berilgan.

Meros ilmi esa har bir merosxo‘rning qolgan merosdagi mol va huquqlardan tegadigan nasibasini aniqlab beradigan fiqhiy va hisobiy qoidalardir.

Hanafiy ulamolardan “Durrul Muxtor” kitobining sohiblari meros ilmini quyidagicha ta’riflaydilar:

“Merosxo‘rlardan har birining tariqa va huquqlaridagi haqini aniqlab beradigan fiqh va hisob usullarini o‘z ichiga olgan ilm meros ilmidir”.

Meros ilmining asosiy dalil va hujjatlari Qur’oni karim, sunnat va ijmodan olingan. Bu ilmda qiyosga o‘rin qolmagan.

Qur’oni karimda meros haqida Niso surasida uchta, Anfol surasida bitta oyat kelgan. Bu oyatlarni, inshaalloh, kelasi satrlarda o‘rganamiz.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlarida bu mavzu bo‘yicha bir necha hadisi shariflar bo‘lib, ularni ham kelajak sahifalarda o‘rganamiz.

Ijmoga kelsak, sahobai kiromlar momoning merosi haqida ijmo qilganlar.

Meros ilmining samarasi va foydasi shuki, uni o‘rgangan odam merosni haqdorlariga taqsim qilish malakasiga ega bo‘ladi. Bu ilmning bilimdoni “Faroiziy” deb nomlanadi.

Meros ilmining g‘oyasi tariqadan har bir haq egasiga o‘z haqini yetkazishdir.

Meros ilmi fiqh ilmining sho‘balaridan biridir. Meros ilmiga Alloh taoloning o‘zi asos solgandir. Bu ilmning fazli haqidagi ba’zi hadislarni o‘rganib chiqaylik.

“Nabiy solallohu alayhi vassalam: “Ilm uch xildir. Undan ziyodasi fazldir: muhkam oyat, qoim sunnat va odil farizat”, dedilar”.

Imom Xattobiy hadisdagi “Adolatli fariza”dan murod, vorislar orasida kitob va sunnatga muvofiq holda, adolatli tarzda meros taqsimlash ilmi deb aytganlar.

Bu va boshqa dalillar faroiz ilmini o‘rganishni nechog‘li zarur ekanini bildiradi. Ayniqsa, ayollar merosdan mahrum qilinayotgan, boshqalarida esa qishilar o‘zini havoyu nafsiga ko‘ra meros taqsimlayotgan vaqtda hozirgi ayrim jamiyatlarda Islom shariatining merosga oid adolatli hukmlariga ehtiyoj ziyoda bo‘lib bormoqda.

Biz musulmonlar meros ilmini avvalo ilohiy amr, deb o‘rganamiz, qolaversa uni merosga doir muammolarimizni yechishda asos va ilohiy ko‘rsatma deb bilamiz.

Meros ilmi bir hadisda ta’kidlanganidek, “ilmning yarmidir”. Alloh taolo “Niso” surasining 11-12 oyatlarida meros hukmlarini bayon qilib bo‘lgach, shunday marhamat qiladi:

Mana shu Allohning (Belgilab qo‘ygan) hadlaridir. Kim Alloh va uning Payg‘ambairga itoat etsa, uni ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga kiritib, o‘sha joyda abadiy hayot baxsh etadi. Va bu katta zafardir. Kim Alloh va uning Payg‘ambariga itoatsizlik qilib, Allohning belgilab qo‘ygan hadlaridan tajovuz qilsa, uni abadiy qoladigan joyi bo‘lmish do‘zaxga kiritur va uning uchun xor qilguvchi azob bordir. ”

Meros haqida nozil bo‘lgan oyatlar mazmuni, nozil bo‘lish sabablari va ularga doir ba’zi hukmlar

“Niso” surasining 11-12 oyati va nozil bo‘lish sababi

“Niso” surasining 176 oyati va nozil bo‘lish sababi

Mazkur oyatlarga taalluqli ba’zi hukmlar:

Alloh taolo Qur’oni karimning “Niso” surasi 11-12 oyatlarida marhamat qiladi:

“Alloh taolo farzandlaringizga (tegishli meros) haqida bir o‘g‘il uchun ikki qiz ulushi barobarida meros berishni amr qilur. Agar merosxo‘rlar ikkidan ortiq ayol bo‘lsa, ularga er qoldirgan narsaning uchdan ikkisi, agar yakka qiz bo‘lsa unga (merosning) yarmi tegur. Agar marhumning farzandi bo‘lsa, ota-onasining har biriga qoldirgan merosidan oltidan bir tegur. Endi, agar farzand bo‘lmay, faqat ota-ona merosxo‘r bo‘lsa, u holda uchdan biri tegur (qolgani esa otasiga tegur). Agar (marhumning) aka-ukalari bo‘lsa, onasiga oltidan bir(haq) tegur. Bu taqsimotlar marhum qilgan vasiyat va uning qarzlari ado etilganidan keyin bo‘lur. Ota-onalaringiz va farzandlarigizning qaysi birlari sizlar uchun foydasi teguvchiroq ekanini bilmaysizlar.”

(Binobarin, o‘zingizga qolsa, meros taqsimotini ham adolat bilan hal    qila olmaysiz. Shu boisdan kimga qancha meros tegishi) Alloh taolo tomonidan qat’iy farz qilib qo‘yildi. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.”

“Sizlarga xotinlaringiz qoldirgan merosdan – agar ulardan farzand qolmagan bo‘lsa yarmi tegur. Endi agar ularning farzandlari qolgan bo‘lsa, sizlarga ularning merosidan to‘rtdan biri tegur. Bu (taqsimotlar) marhuma qilgan vasiyat va uning qarzlari ado etilganidan so‘ng keyin bo‘lur. Ularga (xotinlaringizga) sizlar qoldirgan merosdan agar sizlardan farzand qolmagan bo‘lsa – to‘rtdan biri tegur. Endi agar sizlarning farzandlaringiz qolgan bo‘lsa, ularga sizning merosingizdan sakkkizdan biri tegur.  Bu (taqsimotlar) sizlar qilgan vasiyat va qarzlariingiz ado etilganidan so‘ng keyin bo‘lur. Agar merosi qolayotgan erkak va ayolning na ota va na onasi bo‘lmay (ona tomonidan) bir aka yoki ukasi yohud biron  opa singlisi qolgan bo‘lsa ularning ikkovidan har biriga oltidan biri tegur. Endi agar ular birdan ortiq bo‘lsalar, ular merosning uchdan bir hissasiga teng sherik bo‘lurlar. (Bu taqsimotlar) merosxo‘rlarga zarar yetkazmaydigan holda qilingan vasiyat va qarzlar ado etilgandan keyin bo‘lur. (Bu hukmlar) Alloh taolo tomonidan bo‘lgan amru farmondir. Alloh bilguvchi va halimdir”

(Niso surasi 11-12-oyatlar)

Bu oyatlarning nozil bo‘lish sababi haqida ir qancha rivoyatlar keltirilgan. Imom Buxoriy va Muslim o‘zlarining “Sahih”kitoblarida mazkur oyatlarning sababi nuzuli haqida keltirilgan rivoyatlar quyidagichadir:

“Uhud jangida shahid bo‘lgan Sa’d ibn Robe’ning ayoli ikki qizini olib Rasululloh (s.a.v.)ning huzurlariga kelib shikoyat qildi: “Ey Rasulalloh! (s.a.v.) Mana bular Sa’dning ikki qizidir. Bularning otasi Uhud g‘azotida shahid bo‘ldi. Sa’dning vafotidan keyin bularning amakisi (Sa’dning ukasi) kelib bularning molini olib qo‘ydi. Bularga hech narsa qoldirmadi.Axir bularni turmushga uztishga mol kerak-ku! Payg‘ambar (s.a.v.): “Alloh taolo bu haqda O‘zi hukm chiqaradi”, — dedilar. Biroz o‘tmasdanoq meros oyatlari nozil bo‘ldi. Shunda Payg‘ambar (s.a.v.) ikki qizning amakisiga odam yuborib: “Sa’dning ikki qiziga molni uchdan ikkisini, ayoliga sakkizdan birini ber, qolgani senga”, dedilar.

Ibn Jarir keltirgan rivoyatda esa, meros oyatlari Rasulullohning shoirlari bo‘lgan Hasson ibn Sobitning ukasi Abdurohman ibn Sobit haqida nozil bo‘lgan deyilgan. Bu rivoyatga ko‘ra, Abdurohman vafot etgach, undan Ummu Qahha ismli ayoli va besh singlisi qolali. Erkaklardan bo‘lgan merosxo‘rlar molning hammasini olishadi. Shunda Ummu Qahha Payg‘ambar(s.a.v.)ga shikoyat qilib kelgach, meros oyatlari nozil bo‘ldi.

Meros oyatlari nozil bo‘lganda, unda bayon qilingan hukmlar arablarga juda og‘ir tuyuldi, hatto ular koshki edi bu oyatlar mansuh bo‘lsa, deb, orzu qildilar.

Tabariy Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)dan rivoyat qiladilar. U zot aytdilar: “Faroiz oyatlari nozil bo‘lib, unda Alloh taolo er, xotin, ota –ona va boshqalar merosini belgilab bergach, bu ayrim odamlarga og‘ir tushdi va aytdilar: “Ayol kishiga to‘rtdan bir, sakkkizdan bir meros beriladimi? Qizga yarim meros beriladimi? Yosh bolaga ham meros beriladimi? Axir bularning birortasi ham urushda qatnashib o‘ljaga ega bo‘lolmasa?!” Bu haqda Payg‘ambar alayhisalomga indamay turaylik, shoyad buni unutsalar yoki aytamiz uni o‘zgartirib bersalar. Ularning ichidan ayrimlari kelib: “Yo Rasululloh! Yosh bolaga qanday qilib meros beramiz. Uni qavmga hech foydasi bo‘lmasa? Qiz bola otasi qoldirgan molni yarmini olsa? Axir u ot minib urushda qatnasha olmasa?!” deb aytishgacha bordi”.

Yahudiylar ham ayollarga meros berishda Tavrotdagi hukmlarni o‘zgartirib, havo-yu nafslariga muvofiq hukmlarni joriy qilib olgan edilar. Ularning shariatida ayol vafot etishi bilan uning barcha mol-mulki eriga meros bo‘lardi. Aksi bo‘lsa, ayol eridan meros olmaydi. Ona ham, farzandlaridan hech qanday meros olmaydi. Ota vafotidan keyin barcha meros o‘g‘il farzandga o‘tadi, agarchi u onasining qornida bo‘lsa ham.

Qadim yunonlarda ham meros masalasi zolimona tarzda tashkil  qilingan edi. Ularda kishi vafotidan so‘ng uning merosi erkak qarindoshlarga o‘tadi, ayollar va ular tomonidan qarindoshligi bor erkaklarga meros berilmaydi.

Mana shu jihatlarga ko‘ra ham “Faroiz” ilmi islom ilmlari ichida eng ahamiyatlisi hisoblanadi.

«Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudarrisi Oybek domla Sattorov

Load More In МАҚОЛАЛАР