MАЪНАВИЯТ РУКНИ Halimlik-mo‘minnig bezagi 2 июня, 2026 0 87 Insonni ulug‘laydigan, uni odamlar qalbida aziz qiladigan fazilatlar ko‘p. Shunday ulug‘ sifatlarning eng buyuklaridan biri — halimlik, ya’ni bosiqlik, og‘ir-vazminlik va g‘azab paytida nafsini tiyishdir. Halim inson kuchsiz bo‘lgani uchun emas, balki qalbi va aqli yetuk bo‘lgani uchun sabr qiladi. Shu sababli Islom dini bu fazilatni juda ulug‘lagan va uni payg‘ambarlar hamda solih insonlarning sifati deb bayon qilgan. Alloh taolo Payg‘ambarimiz ﷺ haqida shunday marhamat qiladi: وَإِنَّكَ لَعَلَىٰ خُلُقٍ عَظِيمٍ “Va albatta, sen ulkan xulqdasan”. (Qalam surasi 4-oyat). Shuningdek, Alloh taolo yaxshi insonlarning sifatini bayon qilib: وَالْكَاظِمِينَ الْغَيْظَ وَالْعَافِينَ عَنِ النَّاسِ ۗ وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ “Ular g‘azablarini yutadigan va odamlarni afv qiladiganlardur. Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadi”. (Oli Imron surasi 134-oyat). Halimlik — mo‘minning ziynati va qalbining nuri hisoblanadi. Rasululloh ﷺ insonlar orasida eng halim zot edilar. U zot yomonlikka yomonlik bilan emas, afv va chiroyli muomala bilan javob berardilar. Rasululloh ﷺ dedilar: إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْحَلِيمَ الْحَيِيَّ الْعَفِيفَ “Albatta Alloh halim, hayo va iffatli kishini sevadi”. Yana Rasululloh ﷺ dedilar: لَيْسَ الشَّدِيدُ بِالصُّرَعَةِ، إِنَّمَا الشَّدِيدُ الَّذِي يَمْلِكُ نَفْسَهُ عِنْدَ الْغَضَبِ “Kuchli odam kurashda yenggan emas, balki g‘azab paytida nafsini tiygan kishidir”. Ulamolar va solih insonlar halimlikda buyuk namuna bo‘lganlar. Rivoyat qilinishicha, Ahnaf ibn Qays rahimahullohni bir kishi qattiq haqorat qilganida, u zot unga javob qaytarmaganlar. Balki sabr bilan tinglab, muloyimlik bilan muomala qilganlar. Mana shu halimlik sababli u zot odamlar orasida ulug‘ maqomga erishgan. Hazrat Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh ham g‘azab ustida jazolashdan saqlanar, avval tinchlanib keyin hukm chiqarar edilar. Chunki g‘azab bilan chiqarilgan hukm adolatdan uzoqlashishi mumkin. Halimlik tug‘ma sifat bo‘lishi mumkin, ammo uni tarbiya bilan ham hosil qilish mumkin. Buning uchun: g‘azab paytida sukut qilish; tahorat olish yoki joyni tark etish; har bir so‘zning oqibatini o‘ylash; afvning savobini eslash; Rasululloh ﷺ axloqlarini o‘rganish kerak. Rasululloh ﷺ dedilar: مَنْ كَظَمَ غَيْظًا وَهُوَ قَادِرٌ عَلَىٰ أَنْ يُنْفِذَهُ دَعَاهُ اللَّهُ عَلَىٰ رُءُوسِ الْخَلَائِقِ حَتَّىٰ يُخَيِّرَهُ مِنَ الْحُورِ الْعِينِ مَا شَاءَ “Kim g‘azabini chiqarishga qodir bo‘la turib uni yutsa, Alloh uni qiyomat kuni xaloyiq oldida chaqirib, hurilardan xohlaganini tanlash imkonini beradi”. Xulosa Halimlik mo‘minning ziynati va komillik belgilaridan biridir. Halim inson odamlar qalbidan joy oladi, Allohning muhabbatiga sazovor bo‘ladi. G‘azabga ergashish insonni xor qilsa, halimlik uni yuksaltiradi. Shuning uchun har bir musulmon o‘zini halimlik bilan bezashi, jaholatga sabr va go‘zal axloq bilan javob berishga harakat qilishi lozim. Alloh taolo bizlarni halim, sabrli va go‘zal xulqli bandalaridan qilsin. Ta’lim muassasi mudarrisi Akromxon domla Suyarov tayyorladi