Hanafiy mazhabiga ko’ra namozda «omin» ovoz chiqarib aytish masalasi

0
113

To‘rt mazhab ulamolarining nazdida namozda Fotiha surasidan keyingi “omin” sunnat hisoblanadi. Hanafiy va Molikiy mazhabida namozxon “omin”ni ovoz chiqarmay, o‘zi eshitadigan darajada aytadi. Buning hukmi barcha fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan. Hanafiy va Molikiy mazhabida “omin”ni mahfiy aytish sunnatligi aytilgan bo‘lsa, Shofeiy va Hanbaliy mazhablarida jahriy (ovoz chiqarib) aytish sunnatligi ta’kidlangan.

“Omin”ni mahfiy aytish sunnatligiga sahobai kiromlarning so‘zlari va amallari ham dalil bo‘ladi. Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “Ali va Ibn Mas’ud anhumolar (namoz ichidagi) “Bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “a’uuzu”ni ham, “omin”ni ham ovoz chiqarib aytmas edilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan doimo birga yurgan Hazrati Ali va Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumo kabi nihoyatda ilmli sahobiylarning “omin”ni ichlarida aytishlari ham kuchli dalil hisoblanadi. Boshqa bir rivoyatda Hazrati Umar roziyallohu anhuning ham “omin”ni ichlarida aytib namoz o‘qiganlari ta’kidlanadi. Hanafiy ulamolar xuddi shu ma’noda boshqa sahobai kiromlarning rivoyatlarini ham keltirganlar.

Ulamolarimiz “omin”ni mahfiy aytish mandub ekanligiga oyati karimadan dalil keltiradilar. Unga ko‘ra “omin” lafzi duodir. Uning ma’nosi “ijobat qil”, ya’ni “duoni qabul qil” demakdir. Qanday duo qilish haqida Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan: “Robbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero U (duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay” (A’rof surasi 55-oyat).

Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bu haqda shunday deydilar: “Duoning yaxshisi mahfiysidir” (Ibn Hibbon “Sahih”da rivoyat qilgan). Demak, “omin”ni ichimizda aytsak, mazkur oyat va hadisga amal qilgan bo‘lamiz.

“Omin” lafzi Qur’ondan emasligi hammamizga ma’lum. “A’uuzu billahi minashshaytonir rojiym” esa Qur’onda kelgan, Alloh taolo bizga Qur’on o‘qiganimizda uni aytishni vojib qilgan. Shunday bo‘lsa-da, “A’uuzu billahi minashshaytonir rojiym”ni namozda ichimizda aytamiz. Nima uchun endi “omin”ni ovoz chiqarib aytishimiz kerak?!

Namoz juda ham ulug‘ ibodat hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namoz farz bo‘lgan kundan boshlab har kuni besh vaqt namozni jamoat bilan o‘qiganlar. U zot sollallohu alayhi va sallamning har bir namozlari minglab kishilar tomonidan sinchkovlik bilan kuzatib borilgan. Agar “omin”ni ovoz chiqarib aytish afzal bo‘lganida, u zot bu narsani bayon qilgan bo‘lar va orada hech qanday shubha qolmas edi.

Holbuki, u zot sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari imomlik qilayotganlarida, ba’zan ta’lim uchun birinchi safdagilar eshitadigan qilib “omin” deganlaridan boshqa hech bir dalil yo‘q. Aynan imomga iqtido qilgan kishilarning “omin”ni ovoz chiqarib aytganlari haqida hech qanday rivoyat yo‘q.

Manbalar asosida Ta’lim muassasasi

Matbuot kotibi Zuxrobiddin Olimov tayyorladi

  • Avliyolar karomati haq

    Jaloluddin Suyutiy rohimahullohning xodimi Muhammad ibn Ali Habbok aytadi: “Bir kuni shayx…
  • Tasbeh ishlatish bid’atmi?

    Mashhur sahobalar kundalik ziklarni aytishda mayda tosh donalari yoki xurmo danaklaridan t…
  • Hech kimni kofirga chiqarmaymiz

    Islom olamida ayanchli oqibatlarga sabab boʻlayotgan, jaholat tufayli fitnalarga zamin yar…
Load More In RADDIYA