ОДОБ ISLOH QILISH SUNNATI 27 мая, 2025 0 80 Abu Dardo roziallohu an’hudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: ‘Sizlarga namoz, ro‘za va sadaqadan ham afzalroq amalning xabarini beraymi?’ dedilar. Ular (sahobalar): ‘Ha’, deyishdi. U zot: ‘Insonlar orasining isloh bo‘lishi, chunki insonlar orasidagi fasod qiluvchi kiruvchidir’, dedilar.” (Imom Abu Dovud, Termiziy va Ahmad rivoyati). Ushbu amalning Alloh azza va jalla mezonidagi qiymati haqida qancha so‘z yuritsak ham oz. Batahqiq, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni ro‘za, namoz va sadaqadan ham yuqori o‘ringa qo‘yganlar. Aziz dindoshim, ushbu sunnatni urishib qolgan er-xotin, ota-bola, aka-uka, ishxonadagi ikki sherik, ikkita qo‘shni orasini isloh qilish orqali, balki siz tanimaydigan, ko‘chada janjallashayotgan ikki kishi orasini isloh qilish orqali amalga oshiring. Odamlar orasini isloh qilish dinimizni muhofaza etadi, ularning orasini buzish esa dinni yo‘q qiladi. Bugundanoq ikki xusumatlashgan musulmon orasini isloh qiling, afsuski, bundaylar hozirda ko‘p uchrab turadi. Alloh taolo Qur’on Karimda shunday marhamat qiladi: “Ularning ko‘p shivir-shivir gaplashishlarida yaxshilik yo‘qdir. Magar sadaqa berishga, ezgulikka yoki odamlar orasini isloh qilishga buyurgan bo‘lsalar, bu yaxshidir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shu ishlarni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz” (Niso surasi, 115-oyat). Umuman olganda, shivir-shivir gapirishdan qaytarilgan. Chunki bu odamlar orasida o‘zaro ishonchsizlikka olib keladi. “(Ey Muhammad!) Ular o‘zaro shivir-shivir gaplashishdan qaytarilganlaridan so‘ng yana taqiqlangan narsaga qaytadigan, hamda gunoh, adovat va Payg‘ambar (Muhammad)ga itoatsizlik qilish haqida o‘zaro shivir-shivir gaplashadigan kimsa-larni ko‘rmadingizmi?! Qachonki, ular Sizning oldingizga kelsalar, Alloh Sizga salom berishda ishlatmagan ibora bilan Sizga salom berurlar. Yana o‘zlaricha: ‘Aytyotgan so‘zimiz sababli Alloh bizlarni azoblamasa edi?!’ derlar. Ularga o‘zlari kuyadigan jahannam bas kelur. Naqadar yomon taqdir bu!” (Mujodala surasi, 8-oyat) Ibn Umar roziallohu anhumo dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: ‘Agar uch kishi turgan bo‘lsa, birlarini qoldirib ikki kishi pichirlab maxfiy gaplashmasin’, dedilar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Maxfiy gaplashish jamiyatda salbiy ta’sir keltirib chiqaradi. Lekin maxfiy gaplashishga uchta holatda ruxsat berilgan: 1. Sadaqaga buyurish. 2. Amr ma’ruf (yaxshilikka chaqirish). 3. Odamlar orasini isloh qilish. Ya’ni, odamlar orasini isloh qilish Alloh taolo birodaringiz bilan maxfiy gaplashishga ruxsat bergan ishlar sirasiga kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hatto odamlar orasini isloh qilish uchun yolg‘onga ham ruxsat berganlar. Holbuki, yolg‘on eng yomon gunohlardan biridir. Ibn Mas’ud roziallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: ‘Rostgo‘ylikni mahkam tutinglar. Zero, rostgo‘ylik ezgulikga yo‘llaydi, ezgulik esa Jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirish va rostgo‘ylikka intilishda davom eta-veradi, natijada Alloh huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘onchilikdan saqlaninglar. Zero, yolg‘onchilik fojirlikka (gunohkorga), fojirlik esa Do‘zaxga boshlaydi. Banda yolg‘on gapirib, yolg‘onchilikka intilishda davom eta-veradi, nihoyat Alloh huzurida yolg‘onchi deb yoziladi’, dedilar” (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch marta: “Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattalarini xabar qilaymi?” deb so‘radilar-da: “Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish. Ogoh bo‘linglar, yolg‘on guvohlik berish va yolg‘on gapirish”, dedilar. Suya-ngan holda edilar, o‘tirib oldilar-da, bu so‘zni takrorlaver-dilar, hattoki biz: ‘Kaniydi, sukunat qilsalar’, dedik” (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati). Lekin odamlar orasini isloh qilish juda ahamiyatli, jamiyat uchun dolzarb ishdir. Ummu Kulsum binti Uqba roziallohu anho dan rivoyat qilinadi. Bu ayol Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay’at qilgan birinchi muhojiralardan edi: “U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: ‘Odamlar orasini isloh qilgan kazzob emas, xayrni aytadi va xayrni yetkazadi’, deganlarini eshitgan ekan. U kishi aytadi: ‘Men u zotning odamlar ‘yolg‘on’ deydigan narsadan biror narsaga ruxsat berganlarini eshitmaganman. Illo, uch narsada: urushda, odamlar orasini isloh qilishda va erning o‘z xotiniga hamda xotinining o‘z eriga gapirishida ruxsat berganlar” (Turtoflari rivoyat qilishgan). Imom Abu Dovudning lafzida: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yolg‘ondan biror narsaga ruxsat berganlarini eshitmaganman. Illo, uch toifani ‘yolg‘onchi hisoblamayman’, der edilar: odamlar orasini isloh qilgan odamni. U bir gapni aytsa, unda islohdan boshqani iroda qilmaydi; urushda (xiyla bilan) so‘zlagan kishini; (mehr-muhabbatni kuchaytirish uchun) o‘z xotiniga so‘z aytgan erni hamda o‘z eriga so‘z aytgan xotinni”, deyilgan. Gapni burib gapirish, ya’ni kishi og‘ir holga tushib qolganda sirtidan boshqa, ichidan boshqa ma’no beradigan gapni aytib, ochiq-oydin yolg‘on gapirmay, qutulib ketishga ruxsat bor. Shiorimiz – Alloh taoloning ushbu so‘zini unutmang: “Agar Unga itoat etsangiz, hidoyat topursiz.” (Nur surasi, 54-oyat). «Sunnatlarning fazilati» kitobidan.