МАҚОЛАЛАР ФИҚҲ Salomlashish odobi va unga oid hukmlar bayoni! 6 ноября, 2024 0 88 Islomda birinchi boʻlib salom berish sunnat unga alik olish esa farz. Imom Abdulbar rahimahulloh va boshqa ulamolar “Birinchi boʻlib salom berish sunnat, unga alik olib javob qaytarish esa farzdir”, deb Islom ummati ijmoʻ qilganini naql qilganlar. Ammo koʻpchilikka salom berilganda hammasi birdek alik olishi shart emas, balki, jamoadan bir kishi alik olsa qolganlardan alik farziyati soqit boʻladi. Salomga alik olish salom berishdan koʻra muhimroq ekanining sababi shuki, salom bergan musulmonga javob qaytarmaslik bir musulmonni mensimaslik, koʻzga ilmaslik deb baholanadi. Bu esa sharʼan haromdir. Shu nuqtayi nazardan salom bergan musulmonga alik olib javob qaytarishning darajasi yuqori turadi. Lekin shunday boʻlsada, birinchi boʻlib salom berganning savobi koʻproq boʻladi. Chunki Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Musulmon oʻz birodariga yoʻliqqanda unisi ham bunisi ham bir-biridan yuz oʻgirib, uch kundan ortiq tashlab qoʻyishi halol emas. Shu holatda qaysi biri dastlab salom bersa oʻshanisi yaxshiroqdir.” – deganlar. (Sahih al-Buxoriy 8/65). Abu Umoma al-Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilindi, u kishi aytdi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: “Ey Allohning Rasuli, ikki kishi yoʻliqqanda qaysi biri birinchi boʻlib salom beradi?” Deb savol berildi. Shunda ul zot: “Alloh taologa yaqinrogʻi.” – deb javob berdilar”. (Sunani Termiziy 4/154). Salomga alik olishda salom beruvchi eshitadigan darajada javob qaytarmasa, alik olishi hisobga oʻtmaydi. Ammo salom bergan kishi kar boʻlsa unga shunchaki lablarni qimirlatib alik olsa joiz. Alik olishda “ Va alaykum assalom” demasdan qoʻl bilan ishora qilib javob qaytarish makruh boʻlib, bu Islomiy alik olish emas. Balki bu nasoro va yahudlarning alik olish uslublaridandir. Amr ibn Shuayb otasidan, u bobosidan rivoyat qilib aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Bizdan boshqalarga (havas qilib) oʻzini oʻxshatganlar bizdan emas. Yahud va nasorolarga oʻzlaringizni oʻxshatmanglar! Zotan, yahudlarning salomlashishi barmoqlar ishorasi bilan, nasorolarniki esa kaftlar ishorasi bilandir.” (Sunani Termiziy 4/155). Yosh bolalarga salom berish hukmi Yosh bolaga kattalarning salom berishi Islomda mehribonchilik deb baholanadi. Yosh bolaga salom bergan katta odam ham bir sunnatni qoim qilgani uchun va ham yoshlarga mehr koʻrsatgani uchun ikki hissa ajr oladi. Bundan tashqari yana yoshlarga salom berish ularga odobdan taʼlim berishning oʻziga xos uslubidir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan bu mavzuda quyidagicha rivoyat qilindi: “Bir kuni bizning oldimizga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam keldilar. Oʻshandan men yosh bola edim. Rasulullo kelib bizga salom berdilar va mening qoʻlimdan ushlab bir joyga bir joyga bir yumush bilan borib kelishimni buyurdilar va oʻzlari bir devor soyasiga oʻtirdilar. Men buyurilgan ishni tugatib ul zotning oldiga qatib keldim”. (Sunani Abu Dovud 4/352). Ayollar bilan salomlashish hukmi Begona ayollarga erkaklarning salom berishi makruh. Shuningdek, yosh qiz-juvonlar ovozlarini eshitilar darajada koʻtarib salomga alik olishlari ham makruh. Bu ishlar fitnaga bois boʻlgani uchun shariatda undan qaytarilgan. Ammo fitna xavfi yoʻq boʻlsa, masalan ayol yoshi oʻtgan kampir boʻlsa unga salom berishning ham, uning alik olishining ham karohiyati yoʻq. Zotan bu kabi holatlar sahobalar davrida ham boʻlgan. Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u aytdi: “Juma kuni kelsa xursand boʻlib ketar edik. Nimaga? Chunki bizda bir kampir bor edi, Buzoʻaga u-bu narsa joʻnatib turardi. Ibn Salama aytadi, Madinada Xurmo koʻp edi. U ayol qandlavlagining ildizini qozonga solib, unga arpa aralashtirib pishirardi. Biz jumani oʻqib boʻlgach uning oldiga kelib salom berardik. U kampir esa oʻzi tayyorlagan oʻsha taomdan bizga berardi. Shu uchun xursand boʻlardik. Biz Juma kuni dam ham olmasdik, nonushta ham qilmasdik, illo jumadan keyin oʻsha shirin taomdan yerdik”. (Sahih al-Buxoriy 8/68) «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudarrisi Sayyidafzalxon domla Zikriyayev