МАҚОЛАЛАР MAZHABSIZLIK – XATARLI ILLAT (1-qism) 5 августа, 2020 0 289 Zamonamizning buyuk olimlaridan biri bo’lgan Shayx Ramazon Butiy rohimahulloh aytadilar: “Mazhabsizlik dindan chiqib ketishga olib boruvchi ko’prikdir”. Afsuski, XX asr so’nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparast guruhlardan tashqari yana bir yangi tahdid namoyon bo’ldi. U ham bo’lsa mazhabsizlikka chaqiruvchilar toifasidir. Harakat tarafdorlarining da’vosicha, islomda unga e’tiqod qiluvchi shaxs uchun sunniylikdagi to’rt mazhablarning biriga ergashish shart qilinmagan. Agar musulmon kishi biror shar’iy masalada ulardan birining yo’lini o’ziga lozim tutsa, u ko’r-ko’rona taqlid qilgani uchun xatokor, mutaassib va dindan ajralgan firqa va toifalardagi shaxslar singari adashadi. Buni qarangki, bu da’volari ayni o’zlarining ziyoniga hujjatdir. Aslida mazhabsizlik da’vosini yoyishning o’zi ixtilof manbai emasmi? Juda ham qiziq. “Bizga Qur’on va sunnat kifoya, boshqasi bekor, unga ehtiyojimiz yo’q” deb jar solayotgan bemazhab kishiga: “Hoy inson! Qo’lingdagi Qur’on va Sunnat kimlar orqali senga yetib keldi?” desangiz jim bo’lib qoladi. Chunki ular shaxsi noma’lum rahnamolari orqali yodlangan so’zlarga suyanadi, xolos. Ular qo’lida turgan Qur’oni Karim va ma’nolar tarjimasi aynan o’zlari haqoratlayotgan mazhab ulamolarining xizmati ekanini tan olgisi kelmaydi. Demak kim mutaassib, kim ko’r-ko’rona ergashayotgan ekan? Hatto ularning qo’liga arabcha emas, qog’ozga yozilgan forscha ikki jumlani berib qaysi biri oyat ekanini so’rasangiz ikkilanmay birini tanlaydigan ahvolda bo’lishiga qaramay biz eng to’g’ri yo’ldamiz, qolganlar hammasi adashgan deyishdan uyalmaydilar. Abdulloh ibn Vahb rahmatullohi alayh aytadi: “Men 360 ta ulamoni uchratdim. Agar imom Molik va imom Lays bo’lmaganida ularning ilmlaridan adashib ketardim”. E’tibor bering! Bu so’zni aytayotgan zot imom Molikning shogirdi, molikiy mazhabi mujtahidi bo’lmish Ibn Vahbdirlar. Hadislarni tushunishda va qaysi hadisga ergashishda ustozlari imom Molik, imom Layslar tushuncha bermaganda bormi adashib ketishi ehtimoli katta ekanini e’tirof qilmoqdalar. Taajjub, bugun ustozlari noma’lum, o’zlari esa Qur’on va hadis farqiga bormaydigan ahvolda, aqli ko’tara olmaydigan masalalarni mavzu qilib olib va istagan odamiga Qur’onning ma’nolar tarjimasini ochib olib gap o’yini qilishdan nariga o’ta olmaydigan odamni kim deb atash mumkin? Bugungi kunda bizga mazhab shart emas, deb da’vo qilayotgandek ko’rinadilar-u, har ikki so’zida mazhabga tosh otadi. Ilm yo’lida ne-ne mashaqqatlar chekkan ulamolarga uyalmay tuhmatlar qiladi. Ayting! Axir, ularning asl maqsadi o’zi nima?! Imom as-Safaroniy: “Albatta, olimlar va ularning sifatlari buyukdir, kimda-kim ularni obro’sizlantirishga urinsa, u eng pastkash va razil odamlardandir”, deganlar. Ushbu so’zning isbotini bemazhablarning da’volarida ko’rish qiyin emas. Og’zini to’ldirib: “Qur’on va hadisgagina amal qilamiz” deya o’zlarini mujtahid bilib, fiqhiy mazhablarni inkor qilayotganlar aslida bu harakatlari bilan diniy birlik, aqidaviy yakdillikka rahna solayotganlarining o’zi bularning kimligini ochiq isbotlab turibdi. Imom Tahoviy, ibn Surayj, Quduriy, Saraxsiy, Juvayniy, G’azzoliy, Navaviy va yana ko’plab mujtahid ulamolar o’tgan. Lekin birortalari bemazhablikni da’vo qilmagan, aksincha to’rt mazhabdan biriga ergashganlar. Holbuki, bugungi bemazhablar ergashayotgan rahnamolari hammasi jamlansa ham yuqorida sanab o’tilgan ulamolarning bitta kitobicha dunyo musulmonlari tan oladigan kitob yoza olmaydi. Vaholanki, yuqorida o’tgan ulamolarning har biri kamida 100 dan ziyod asarlar yozib qoldirgan. Yuz yillar o’tsa ham insoniyat ulardan foydalanib, istefoda etib kelmoqdalar. Abdulhamid Aliyev, “Sayyid Muhyiddin maxdum” o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi