МАҚОЛАЛАР BEMAZHABLIK – XATARLI ILLAT (2-qism) 10 августа, 2020 0 305 Aslida mazhabdan yuz o’girish salafi solihlar yo’lidan yuz o’girishdir. Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytadilar: “Kimki dinda taqlid yo’q desa, u Alloh va Rosululloh sallollohu alayhi vasallam oldilarida fosiq bo’libdi. U bu so’zlari bilan sunnat, sahoba va tobe’inlarning ko’rsatmalarini inkor qilib, shaxsiy fikr asosida bid’atga da’vogar bo’ladi. Ahli sunnadagi mazhab egalari biz foydalanayotgan ilmni bizga yetkazishgan, biz ulardan hadislarni olib, sunnatni o’rgandik. Ular ishonchli, ergashishga arziydigan odamlarning imomlaridir. Ular sizlardan oldin bo’lishgan, shunday ekan, ularning yo’lida bo’lib, o’rganinglar va o’rgatinglar”. Ushbu imomning birgina so’zi beparvoligi tufayli adashib endi esa ikkilanib yurgan, ammo qalbida to’g’ri musoffo sof islomni istayotgan, dunyo va oxiratda baxtli bo’lish g’amida bo’lgan inson uchun yetarlidir. O’z vaqtida kibr otidan tushib nasuh tavba qilar ekan Alloh taolo G‘ofuru Rahimdir. O’zimiz tanigan musulmonlar tan olgan ota-bobolarimiz shu yo’lda baraka topgan tinch-totuv, baxtiyor hayot kechirib e’tiqod qilgan mazhabimiz har qanday savolingizga javob beradi, ko’nglingizda zarracha shak-shubhaga joy qolmaydi. Bu haqiqatdir, bu ilohiy amrdir. Alloh taolo marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Rasulga va o’zingizdan bo’lgan ishboshilarga itoat qiling. Biror narsa haqida tortishib qolsangiz, agar Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo’lsangiz , uni Allohga va Rasuliga qaytaring . Ana shu xayrli va oqibati yaxshidir”. ( Niso, 59) Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, bugun uchinchi tabaqadagi mujtahidni topish qiyin zamonda mazhab egalari bo’lmish imomlardan xato izlash islomdan tashqaridagi odamlar fe’lidir. Bemazhablar mazhabni inkor qilishining eng katta sababi shuki: “Bu bitta masalada 4 xil javob… Bu nimasi axir? Islom bitta bo’lsa, Rasul bitta bo’lsa, nega javob 4 ta?” deb katta aybni topib olgandek dunyoga jar soladi. Vaholanki, bu bemazhablar fikri rost bo’lsa, nega ularda bitta masalada hatto birlashish yo’q? Ular hatto namoz qanday o’qilishida, necha mahal, necha rakat, 100 ta bo’lsa hammasi har xil fikrda. Endi boshqa masalada bularning ahvolini tasavvur qilib ko’ringga! 4 ta fiqhiy mazhabda bir-biridan biroz farq qiladigan, ammo asli bitta javob, hukmlari juda ham oz, lekin bir mazhabdagi inson boshqasi bilan tortishmaydi, bir-birlarini ayblamaydi. Ammo bu bemazhab shaxslarning faqat bitta masalada fikrlari bir xil. U ham bo’lsa, islomga, mazhabga, ulamolarga tosh otishda. Lekin ular hatto tahorat masalasida ham yakdil emas. 100 ta fikrda ham birlasha olmaydi. Shu kungacha mutaxassis ulamolar xulosasiga ko’ra: “Bemazhablar bitta shar’iy masalani batafsil yozgan, yoki aytgan joyini ham hali dunyo ahli ko’rgani yo’q” deydilar. Ularning asosiy faoliyati ummatning orasiga tafriqa solish, boshqa narsa emas. Agar shunday bo’lganda, bitta kitob, yo bitta masalani itmomigacha ummatga taqdim qilgan bo’lardi. Masalan, imom ibn Nujaym “Al- Ashboh van -nazoir” kitobida quydagi masalani zikr qilgan: “Agar quduqqa butun tezak tushsa, uni najas qilmaydi. Yarimtasi tushsa najas qiladi”. Bu hukmga bemazhablar taajjublanadi, hayrati oshadi. Nega endi butun tezak quduqqa tushganda najas bo’lmas ekan, yarimtasi tushsa najas bo’larkan, deb aqli ko’tarolmagach shoshilib illat istashga o’tadi. Zinhor shoshmang! Faqihlarimiz xizmatini bir ko’ring: Hayvondan tushadigan tezakda undagi najasning tarqalib ketishini man qiladigan parda bo’lishi, o’sha parda yirtilganda najasning suvga tarqalishini ilm-fan bugun tasdiqladi. Holbuki, muhtaram faqihlarimiz esa bu masalani allaqachon o’rganib chiqib, kitoblariga yozib qo’yganlar! Shu sababarga ko’ra imkon borida bemazhablik kasalligidan qutilish uchun shifo tomonga intilmoq kerak! Alloh taolo barchalarimizni bu ma’naviy kasallikdan, daxshatli balodan O’zi saqlasin! Abdulxamid domla Aliyev, “Sayyid Muhyiddin maxdum o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi