МАҚОЛАЛАР IKKI DUNYO SAODATI — ILMDADIR! 26 января, 2021 0 307 Bu dunyoda insonning ma`naviy barkamol bo`lishligi uchun juda ko`p omillar mavjud. Lekin shu omillarning hammasidan eng kerakligi bu – ilm-u ma`rifatdur. Аlbatta Аlloh taolo insonni ilmi uchun, o`zining muqarrab farishtalaridan ham hurmatli qildi. Bizning dinimiz — islom dini barcha musulmon va muslimalarga ilm olishlikni farz qildi. Ilm dinimizda ulkan darajalarga, maqomlarga ko‘tarilgan ulug‘ bir xislat, go‘zal bir amal hisoblanadi. Ilm olish dinimizda eng ulug‘ ibodatlardan sanaladi. Chunki banda ilm vositasida Robbisini tanishga, U zotning buyruqlarini bajarishga, shuningdek, barcha mavjudotlarga taalluqli bo‘lgan haqlarni ado etishga muvaffaq bo‘ladi. Ilmning ulug‘ligi shu darajadaki, kimda kim ilm talab qilish yo‘lida yursa u jannat yo‘lida yurgan deb e’tibor qilinadi. Agar vafot etadigan bo‘lsa, ko‘zini jannatda ochadi. “Ilm” so‘zi Qur’oni karimning sakkiz yuz o‘n bir joyida turli ma’nolari bilan kelgan. Chunki dinimiz — ilm dini, dinimiz — ma’rifat dini hisoblanadi.Dinimizda jaholat mazammat qilingan, dinimizda ilmsizlik qoralangan. Dinimiz mo‘min-musulmonlarni ilm olishga targ‘ib qilgan dindir. Qur’oni karimning bir necha oyatlari bunga dalolatdir. Аlloh subhanahu va taolo o`zining kalomida ilmning ulug`ligi haqida bildirib, ko`plab oyati karimalar nozil qilgan. ﴿يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ﴾ ya’ni: “…Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat). Oyati karimada zikr qilingan “darajalar” haqida mufassirlar ikki xil so‘z aytganlar. Birinchisi – dunyodagi martaba va sharaf. Ikkinchi so‘z – bu darajalar oxiratda bo‘ladi. Oyat haqida har ikki so‘zni jamlansa, yanada go‘zal ma’no bo‘ladi. Zero, ilm ikki dunyo saodatiga yetaklaydi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham ummatlarini turli uslublarda bilim-ma’rifatga chorlab, qiziqtirganlar. Din ilmlarida bilimdon bo‘lish – bandaga Alloh taolo yaxshilikni xohlagani, deb tushuntirganlar: مَنْ يُرِدِ اَللَّهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِي اَلدِّينِ﴾ مُتَّفَقٌ عَلَيْه عَنْ مُعَاوِيَةَ رضي الله عنه ﴿ ya’ni: “Kimga Alloh yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi” (Muttafaqun alayh). Albatta, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llash ilm bilan amalga oshadi. Ilmsizlik bilan dinga targ‘ib qilmoqchi bo‘lganlar esa to‘g‘ri yo‘lda yurganlarni adashtiradi va turli ixtiloflar keltirib chiqaradi. Hozirgi zamonamiz ilmiy taraqqiyoti juda tez surʼat bilan rivojlanayotgan bir zamondir. Biz ahli islom agar ilmga beparvo bo`lsak, zamonning taraqqiyotidan ortda qolishimiz mumkin. Shuning uchun farzandlarimizni ilm olishga daʼvat qilmog`imiz va ularga shart -sharoit yaratib berishga harakat qilmog`imiz lozim va lobuddir. Аlbatta olimlar va tolibi ilmlarning fazilatlari moʼtabar kitoblarimizda juda ko`p taʼkidlab o`tilgan. Аvvalgi o`tgan payg`ambarlardan Sulaymon alayhissalomga ilmni yoki podshohlikni ixtiyor qilishlikni aytilganda, ilmni ixtiyor qildilar va bu bilan ham olimlik, ham podshohlik martabasiga yetishdilar. Аlbatta ilm xor insonni azizga aylantiradi, adashganning amal qilishligi bilan to`g`ri yo`lga hidoyat topishiga sabab bo`ladi. Shuning uchun birodarlar farzandlarimizni ilm olishga chaqiraylik. Xozirgi vaqtda dinimizda paydo bo`layotgan yangi johil bidʼatchi firqalarga ham ko`p yoshlarimizning kirib ketishligi ilmsizlik oqibatida yuzaga kelyapti desak xato qilmaymiz. Shuning uchun xushyor bo`lib bolalarimizni ilmsiz va johil bo`lib qolishdan saqlaylik! Alloh yurtimizni obod va olimlarimizni ko`p qilsin! Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lida sobitqadam qilsin, ilmimizni ziyoda qilsin! Omin. Abdulhamid Aliyev, “Sayyid Muhyiddin maxdum” o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi