JANGOVOR O’YINLARNING YOSHLAR TARBIYASIGA TA’SIRI

0
461

Avvaliga kompyuterlar uchun har xil o’yinlarni ishlab chiqargan kompaniyalar hozirgi kunda mobil telefonlar uchun ham o’z dasturlarini taqdim etmoqda. Bugungi kunimizda katta hajmdagi o’yinlarni ham bemalol mobil telefonlar orqali o’ynash mumkin.  «Mortal kombat», «GTA», «Countre strike, «PUBG» va boshqa jangovor o’yinlar yoshlarimiz uchun hordiq chiqarishning eng «qulay» usuliga aylangan. Balog’at yoshiga yetmasdan bunday o’yinlarga mukkasidan ketish holatlari ko’payib ketdi. Ayniqsa jangovar ruhdagi o’yinlar yoshlarni shafqatsiz, qo’pol, hattoki vahshiyga aylantirmoqda. Qon to’kish, portlatish, qo’poruvchilik, buzg’unchilik va binolarni vayron qilish sahnalari tinmasdan bolaning ko’z o’ngida aylanaverishi uning ruhiyatiga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Ozgina narsaga asabiylashish, oila a’zolariga baqirish, idishlarni urib sindirish holatlari kuzatiladi. Oxir oqibat ota-onasiga qo’l ko’tarish, odam o’ldirish, o’z joniga qasd qilish kabi ulkan jinoyatlar kelib chiqishini ommaviy axborot vositalarida eshitib turibmiz.

Mukammal dinimiz insonlarni mehr-shafqat, o’zaro totuvlik va tinchlikka chaqiradi. Islom dini insonlarga jismoniy zarar yetkazish uyoqda tursin, til bilan ozor berishdan ham qaytaradi. Imom Buxoriy o’z

«Sahih» to’plamlarida rivoyat qilgan hadisda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon — boshqalar uning qo’lidan va tilidan omonda bo’lgan kishidir», deganlar.

Dinimizda hatto imo-ishora bilan ham atrofdagilarni ranjitish mumkin emas. Masalan, uch kishi turgan bo’lsa, bittasi ikkinchisiga ko’z qisishi mumkin emas. Chunki, bu holatda uchinchi odamning qalbida siqilish paydo bo’ladi.

Ba’zi notinch yurtlar bor, osuda va farovon hayotni faqat ekran ortidan tomosha qilishlari mumkin. Ular biz kabi tinch-totuv yashashni orzu qilishadi. Tunlari xotirjam ibodat qilib, kunduzlari din va dunyo ilmlarini egallashni xohlashadi. Ular uchun armon bo’lib qolayotgan orzular bizning yoshlarimizning qo’lida naqd turganiga qaramasdan, ba’zi o’smirlarimiz ekran ortidagi aldamchi jangovar hayotga mahliyo bo’lib, qimmatli vaqtlarini yo’qotishmoqda. «Oldingdan oqqan suvning qadri yo’q», deb bejizga aytilmagan ekan. Tinch diyorda yashab turib, umrini har xil o’yinlar, bo’lmag’ur «missiya»lar bilan o’tkazayotganlar ko’pchilikni tashkil qiladi. Mana shunday tengdoshlarimizga aytadigan so’zimiz shuki, aziz umrni qadriga yetsinlar, yoshlikni behudaga sarflab qo’ymasinlar, ruhiyatini vahshiyga aylantiradigan o’yinlardan chetlansinlar.

 

Abdulloh Ergashev

«Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus

islom bilim yurti 4-bosqich talabasi

Load More In МАҚОЛАЛАР