«ALBATTA, SHAYTON INSONNING QON TOMIRLARIDA KEZIB YURADI».

0
502

Do’stlik va atrofimizdagi insonlar bilan bo’lgan iliq munosabatlarimiz, bizlarni ularga nisbatan biror zarar yetkazib qo’yish va ko’ngillariga ozor berishdan saqlashga undaydi. Alloh taolo va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallam mo’minlarni tuhmat, bo’xtonning har qanday ko’rinishlari va haqorat qilishdan, qolaversa, jisminiy zarar yetkazish, aldov, josuslik kabi insonning fitratiga zid ishlardan qaytaradi. Bundan tashqari, musulmonlar bir-birlari haqlarida, har qanday holatda ham yaxshi gumon qilishlari va shayton ularning qalblariga kirib, uni g’ulg’ulaga solishiga yo’l qo’ymasliklari lozim.

Insonlar haqida yomon gumonlar birqancha sabablar tufayli yuzaga keladi. Ba’zan shunday hollar bo’ladiki, siz bemavrid vaqt va noo’rin joyda, ko’rishingiz keak bo’lmagan ma’lum bir vaziyatga duch kelasiz, guvoh bo’lgach esa uni zohiran talqin qilib buzuq gumonlarga bora boshlaysiz. Shu yerning o’zida, shayton o’zining fitnalari bilan sizning qarshingizdan chiqib, o’z domiga torta boshlaydi va qalbiga turli gumonlarini tashlaydi. Aytaylik, siz bilan bir masjidda namoz o’qiydigan musulmon birodaringizni ko’chada avratlari berk ayol bilan qo’l ushlashib ketayotganini ko’rdingiz. Buni har kim turlicha talqin qabul qiladi va hayolidan o’tkazadi. Biroq, inson bu borada 2 toifaga ajraydi: husni zon(yaxshi gumon)  va sa-i zon(yomon gumon) qiluvchilar jamoasi.

Yomon hayollar o’z-o’zidan insonni su-i zon bo’lib qolmaydi. Balki, ana shu hayollarga erk berib, qalb bunga rozi bo’lar, fikr buni idrok etmasdanoq qabul qilar ekan shundagina bu yomon gumonga olib boradi. Buning natijasida esa, kelasi qiladigan harakatlarimiz ham shunga ko’ra davom etadi. Mana shu yomon hayollar yetaklaydigan eng xatarli bosqichdir. Imom G’azzoliy rohimahulloh aytadilar:

«O’zgalar haqida yomon gumonda bo’luvchu, ularni g’iybat qilishni yoki haqorat qilishni boshlaydi. U o’zgalarni adashgan, o’zini esa solih deb biladi. Bu esa o’z navbatida, uni falokatga olib boradigan to’g’ridan-to’g’ri yo’ldir.» (Ihyo ulum ad-din)

Biz insonlar borasida qay darajada yaxshi gumonda bo’lishimiz, ular haqida yaxshiliklarni eslashimiz kerak?! Bu borada, ulug’ sahoba Umar ibn Xattob r.a shunday deganlar:

«Agar yaxshilikka burishingga birorta yo’l bo’lsa ham, mo’min birodaringdan chiqqan so’z haqida faqat yaxshi gumon qil».

Sufyoni Savriy r.a esa: «Birodaring haqida yomon gumonda bo’lishing, uni zaharlab o’ldirishing bilan teng» deganlar.

Bu shuni anglatadiki, agar biron mo’min kishini zohirda gunoh qilayotganingizni ko’rsangiz-u, lekin bunga ochiq oydin dalilingiz yoki hujjatingiz bo’lmas ekan, unda sizga u birodaringiz borasida yomon gumon qilish aslo halol emas. Agar buni aksi bo’lib, gunoh qilayotganiga aniq ishonch hosil qilsangizgina, uni bu ishdan go’zal uslub ila qaytarish va Allohning azobini eslatishingiz darkor.

Insonlarni siz haqingizda yomon gumonga borishlariga aslo yo’l qo’yib bermang! Toki, ular siz haqingizda yomon gumonga borishlik bilan, ma’siyat eshiklariga qadam bosmasinlar. Siz haqingizda insonlarni yomon gumon qilishga olib boruvchi har qanday yo’l va omillardan o’zingizni olib qoching! Bunga o’rnak tariqasida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarini keltirib o’tishlik bilan, mavzuni yakunlaymiz:

Mo’minlarning onasi Sofiya bint Huyay roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam e’tikof o’tirgan edilar. U zotni ziyorat qilgani borib, gaplashib o’tirdim. So’ng ketish uchun turdim. U zot ham meni kuzatib qo’yish uchun turdilar. Shunda ansonlardan ikki kishi o’tib qoldi. Ular Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ko’rishlari bilan yurishni tezlatishdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Shoshilmanglar! Bu Sofiya bint Huyay», dedilar. Ular: «Subhanallah, ey Allohning Rasuli(sizni begona bilan turibdi deb o’ylarmidik?!)» deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Shayton odam bolasining qon oqar joylarida yuradi. Shuning uchun qalbingizga biror yomonlik (yoki biron narsa) tashlashidan qo’rqdim», dedilar»( Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

 

“Sayyid Muhyiddin maxdum”

o‘rta maxsus islom bilim yurti

2-bosqich talabasi

Husayn Yodgorov tayyorladi.

Load More In МАҚОЛАЛАР